Iqtisodiyot | 20:36 / 26.08.2021
24231
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 14 ta hudud bo‘yicha iqtisodiy faollik reytingi tuzildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida O‘zbekistonning 14 ta hududi bo‘yicha 2021 yilning yanvar va iyul oylari uchun “Hududlarda iqtisodiy faollik barometri” (IFB) baholandi va hududlar reytingi tuzildi. Bu haqda institut matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Baholash natijalariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri eng yuqori faollik barometri indeksi bilan reytingda 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Samarqand va Sirdaryo viloyatlari egalladi.

Nisbatan past ko‘rsatkichlar Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida kuzatildi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Sherzod Otaboyevga ko‘ra, iqtisodiy faollikni baholashda 12 ko‘rsatkich hisobga olinadi.

“Eng birinchi ishlab chiqarish faolligi, ya'ni hududda sanoat mahsulotlari va iste'mol tovarlari ishlab chiqarish, qurilish ishlari, xizmat ko‘rsatish va chakana savdo aylanmasi hajmlaridagi o‘sish sur'atlarini ifodalaydigan 5 ta ko‘rsatkich hisobga olinadi.

Tadbirkorlik faolligini ham 5 ko‘rsatkich bilan ifodaladik. Bunda faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub'yektlari, yangi tashkil etilgan va faoliyatini tugatgan kichik biznes sub'yektlari sonining o‘sish sur'atlari, faoliyat yuritmayotgan va faoliyatini ixtiyoriy tugatish jarayonidagi kichik biznes sub'yektlarining ro‘yxatdan o‘tgan jami kichik biznes sub'yektlari sonidagi ulushi hisobga olindi. Tashqi savdo faolligi – tovar va xizmatlar eksport-import hajmlarining o‘sish sur'atlarini ifodalaydigan 2 ta ko‘rsatkich ham muhim omil bo‘ldi.

IFBni hisoblashda nisbiy farqlar va o‘zaro taqqoslash uslublaridan foydalanildi va IFB ko‘rsatkichi integral indeksda ifodalandi. Bunda “0”dan “1”gacha qiymatga ega bo‘lgan integral indeks qancha “1”ga yaqin bo‘lsa, joriy faollik darajasi shuncha yuqoriligini anglatadi va aksincha”, – deydi u.

Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati ishlab chiqarish va tashqi savdo faolligi, Samarqand viloyati tashqi savdo va tadbirkorlik faolligi nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgani sababli IFB bo‘yicha reytingda yuqori o‘rinlarni egalladi.

Shuningdek, tadqiqotda 2021 yilning yanvar-iyul davrida yanvar-iyun davriga nisbatan IFBning o‘zgarishi baholandi.

Unga ko‘ra, ijobiy o‘zgarishlar Toshkent shahri, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Navoiy viloyatlarida yuz berdi va mazkur viloyatlar IFB bo‘yicha tuzilgan reytingda o‘z o‘rinlarini yaxshilashga erishdi. Ammo Sirdaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida pasayish kuzatildi.

Ma'lumot uchun, IFB (iqtisodiy faollik barometri) joriy yilning ma'lum bir davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan hududlar o‘rtasida kuzatilgan iqtisodiy faollik darajasini ko‘rsatadi va u har oyda hisoblab boriladi.

Mavzuga oid