O‘zbekiston | 23:49 / 04.08.2025
9236
11 daqiqa o‘qiladi

Hukumat “Sea Breeze Uzbekistan” qurilishini tasdiqladi

Hujjatga ko‘ra, Chorvoqdagi yirik qurilish ishlari loyihalash bilan parallel olib boriladi. Investorga infratuzilma obektlarini qurish uchun hukumat kredit ajratadi. Qaror bilan kam qimmatli daraxtlarni ko‘chirish yoki kesilgan daraxt uchun kompensatsiya to‘lanmay, o‘rnini 5−7 yillik 10 tup ko‘chat bilan to‘ldirishga ruxsat berilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Chorvoq atrofidagi 577 gektar yer maydoni ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarovning “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi uchun ajratib berildi.

Hujjat bilan investor oldiga bir qancha shartlar qo‘yilgan. Kun.uz qarordagi muhim bandlarni sharhlaydi.

Vazirlar Mahkamasining Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish va bu bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan 490-sonli qarori qabul qilindi.

577 gektar yer maydonini egallaydigan loyihaning qiymati 5 mlrd AQSh dollari etib belgilangan. Uni qurishda “Sea Breeze Uzbekistan” MChJning takliflari eng yaxshi taklif sifatida tanlangan. Agalarov loyihani 2025-2035 yillarda amalga oshirishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, “Sea Breeze Uzbekistan” MChJning 50 foiz ulushiga AGALAROV DEVELOPMENT, qolgan 50 foiziga fuqaro Mahmudov Ulug‘bek Abdurasulovich egalik qiladi.

577 gektar yer uchastkasi Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilib, bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida “Sea Breeze Uzbekistan” MChJga 25 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan beriladi.

Ijara qiymati 1,7 trln so‘mga baholangan. Investor ijara uchun 5 yil davomida 17 mlrd so‘mni bo‘lib-bo‘lib to‘lash majburiyatini olgan. Bu summa ijaraning bozor bahosini 0,01 koeffitsiyentda kamaytirgan holda aniqlangan.

Qarorga ko‘ra, tadbirkor yer uchastkalarini tasdiqlangan master-reja asosida lotlarga bo‘lib, boshqa shaxsga o‘tkazishi, ya’ni qayta ijaraga berishi mumkin.

Hukumat qo‘ygan talablar

Agalarov 2 oy ichida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,

Toshkent viloyati hokimligi hamda “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi bilan qarorda belgilangan shartlar asosida investitsiya bitimi tuzishi kerak.

Bunda loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, jumladan, realizatsiya davrida va loyiha ishga tushganidan keyin chiqindi, oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri suv tozalash inshootiga yo‘naltirish asosiy majburiyatlardan biri etib belgilangan.

Bu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijara huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

Investor huquqlari va vazifalari

“Sea Breeze Uzbekistan” MChJ loyiha doirasida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqish;
  • istisno tariqasida, loyihani amalga oshirish doirasida 2029 yil 31 dekabrga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirish;
  • hududiy rejalashtirish va qurilish loyihalariga qo‘yiladigan talablarni mustaqil ravishda belgilashi va tasdiqlash;
  • kommunal boshqarish, investitsiya faoliyati, marketing, baholash, geologiya-qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kurort hududidagi kommunal xizmatlar tariflarini belgilash;
  • kurortni qurish jarayonida investorlarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ularni transport infratuzilmasi va yordamchi inshootlar bilan ta’minlash;
  • yer uchastkalarini bosh reja asosida va har bir lot bo‘yicha huquq va majburiyatlarni Yer kodeksi talablari doirasida notarial tasdiqlangan holda o‘tkazish (qayta ijaraga berish).

Tadbirkor vazifalari:

  • yetakchi loyiha tashkilotlari bilan birgalikda xalqaro tajriba va ekologik talablardan kelib chiqqan holda bosh reja va boshqa hujjatlarni ishlab chiqadi;
  • investorlarni saralash va ular bilan muzokaralar olib borish, shartnomalar tuzish hamda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
  • kurort hududida loyiha-qidiruv, qurilish-montaj ishlarini olib borishda individual texnik shartlarga rioya qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
  • zamonaviy turar joy majmualari qurilishiga katta tajribaga ega mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb etadi, ularga zamonaviy usullar, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar beradi;
  • O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamli reklama kampaniyasini tashkil etadi;
  • muhandislik va transport tarmoqlarini rivojlantirish uchun infratuzilma to‘lovlarini to‘laydi.

19 ta yer uchastkasi ajratiladi

Toshkent viloyati hokimiyati hukumat qarorining ilovasida ko‘rsatilgan 19 ta yer uchastka egasining yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilishi va bo‘sh yerlar sifatida ro‘yxatga olishi kerak. Hudud jami 527 gektarni tashkil etadi.

Ular uchun umumiy 17,7 mlrd so‘m kompensatsiya puli hisoblangan. Yer egalari va ijarachilarning zararlari investor tomonidan hokimlikning mahalliy budjetiga ajratilgan 5 mln dollar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi aytilgan.

Jadvalda keltirilgan yerlarning aksariyati (13 tasi) fermer xo‘jaliklariga tegishli. Bunga qo‘shimcha ravishda 50 gektar hududning ham toifasi o‘zgartiriladi, ijtimoiy ahamiyatga ega obektlar hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini qurish uchun ajratiladi.

Loyiha hududida joylashgan hamda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari (qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hududlari bundan mustasno) “Sea Breeze Uzbekistan” MChJ tomonidan ularning egalari bilan kelishilgan holda sotib olinadi.

Qurilish loyiha obektlarini barpo etish uchun qo‘shimcha investorlarni jalb qilishga ham ruxsat beriladi.

Tasdiqlangan bosh reja va tarmoq jadvalida nazarda tutilgan qurilish muddatlari buzilgan taqdirda hamda aniqlangan qoidabuzarliklar rasmiy bildirishnoma yuborilgan kundan boshlab 12 oy ichida bartaraf etilmasa, yer uchastkalarini ijaraga berish (yoki qayta ijaraga berish) shartnomalari bekor qilinadi.

Infratuzilmaga to‘lov undiriladi

Ijarachilar qurilayotgan maydonning har kvadrat metri uchun qurilish hajmiga mos ravishda 50 dollar miqdorida infratuzilma to‘lovini to‘lashlari kerak. Bosh rejada ko‘rsatilgan yerosti avtoturargohlar, texnik binolar va davlat ijtimoiy obektlari bundan mustasno. Pullar obektlar ishga tushirilgunga qadar “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazib boriladi.

Direksiya bu mablag‘lar bilan besh yil davomida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplashi kerak. Qolaversa, bu summalar tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari ijtimoiy soha obektlarini, kommunal tarmoqlarni, yo‘llarni loyihalash va qurish, sug‘orish va malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun ishlatilishi mumkin.

Qaror bilan kompaniya murojaatidan kelib chiqib, yashil maysalarni kesish va yashil maydonlarni qayta tiklash O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Ekologiya vazirligi va “Sea Breeze Uzbekistan” bir oy muddatda loyiha hududidagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishi, so‘ng ularni qimmatbaho, kam qimmatli va nobud bo‘lgan toifalarga ajratishi kerak.

Daraxtlarga oid eng qiziq band shu yerda yangragan, ya’ni qaror bilan tadbirkorga qimmatbaho daraxtlarni umummavsumiy kurort barpo etish loyihasiga asosan tashkil etilayotgan yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chirishga;

kam qimmatli daraxtlarni boshqa hududga ko‘chirish yoki daraxt kesganlik uchun to‘lovni amalga oshirmasdan bir tup kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiya sifatida tuproq-iqlim sharoitiga mos 5−7 yillik 10 tup ko‘chat ekishga;

nobud bo‘lgan daraxtlarni belgilangan tartibda kesishga ruxsat berilgan.

Ekologiya vazirligi va Bosh prokuratura:

  • Chorvoq suv ombori va uning muhofaza zonasi suvlariga maishiy, ishlab chiqarish chiqindilari va oqova suvlar oqizilishining oldini olish ustidan doimiy va kompleks nazoratni ta’minlashi;
  • atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, sanitariya va ekologik me’yorlarga rioya qilish va sog‘lom ekologik muhitni saqlash bo‘yicha “qat’iy choralar” ko‘rishi;
  • barcha binolarni, shu jumladan, yangilarini xatlovdan o‘tkazish, ekologik me’yorlarni buzgan obektlarni bartaraf etish va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadovga loyihaning shaharsozlik va ekologik talablar nuqtai nazaridan amalga oshirilishi ustidan qattiq prokuror nazoratini o‘rnatish tavsiya etilgan. Agar “Sea Breeze Uzbekistan” kompaniyasi yoki boshqa investorlar investitsiya majburiyatlarini bajarmasa, ijara shartlarini buzsa yoki Yer kodeksining 36−37 moddalarida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelsa, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinadi.

Infratuzilma obektlari uchun kredit ham olinadi

Infratuzilma obektlari uchun quruvchilardan undiriladigan to‘lovdan tashqari, avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqova suv ta’minoti, elektr tarmoqlari, gaz ta’minoti va aloqa, Chorvoq suv ombori hududida ko‘prik qurish uchun davlat tomonidan tashqi qarz jalb qilish ham rejalashtirilgan.

“Sea Breeze Uzbekistan” umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tashkil qilinib, unga loyihani amalga oshirishda yuzaga keladigan tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal qilish vazifasi yuklatilgan. 13 kishilik ishchi guruhga rahbar etib bosh vazir o‘rinbosari Jamashid Xo‘jayev tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov investor tomonidan hali loyiha ko‘rib chiqish uchun rasman kiritilmagani, tegishli hujjatlar taqdim etilgach, vazirlik loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishini aytgandi.

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz

Mavzuga oid