Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Konsert tegishli idoralar bilan kelishilmagan» – TIV Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga reyd bo‘yicha munosabat berdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Krasnoyarskdagi reyddan so‘ng O‘zbekistonning 4 fuqarosi deport qilingan. Yana 4 nafari chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirildi. Vazirlik rasmiysi Ahror Burhonov «tadbir Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli idoralari bilan kelishilmagani – mazkur voqeaga sabab bo‘lganini» bildirdi.
22 sentabr kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari Krasnoyarsk o‘lkasi Yemelyanovskiy tumanida «Korona» ziyofat zalida o‘tkazilgan tadbirga bostirib kirib, o‘nlab migrantlarni tekshiruvdan o‘tkazdi.
Rossiya ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, maxsus tuzilmalar va Rosgvardiya kuchlari «noqonuniy migrantlar» va giyohvand moddalar savdosiga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida reyd o‘tkazgan.
Kun.uz obunachilarining ma’lum qilishicha, o‘sha kuni o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyev konserti bo‘lib o‘tayotgan bo‘lgan. Politsiya barcha 620 nafar mehmonni tekshirgan, ulardan 210 nafari xorijlik ekani aniqlangan. Ularning yonidan erkin muomalaga chiqarilishi taqiqlangan buyumlar yoki moddalar topilmagan. Rossiya tomoni ularning fuqaroligi haqida ma’lumot keltirmadi.

Tarqalgan videolavhada Rosgvardiya xodimlari ziyofatdagi shaxslarning hujjatini tekshirayotgani, ularning yoni xizmat iti bilan tekshirilgani, bir guruh erkak yelkama-yelka saf tortgan holda olib chiqilgani, ayrimlari qo‘li qayrilgan holda olib ketilgani ko‘rinadi.
Shu bilan birga, 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan, ulardan 8 nafari Rossiyada noqonuniy ravishda bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Reyd yakunlari bo‘yicha politsiya xodimlari 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzgan. Ular chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan Rossiyaga kirish yoki bo‘lish qoidalari va immigratsiya qoidalarini buzganlikda ayblanmoqda.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi migrantlarga qarshi o‘tkazilgan reydga munosabat bildirib, mamlakat fuqarolarining huquqiy himoyasi ta’minlanishini bildirdi.
«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi. Ayni paytda mazkur holat Rossiyaning amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.
Keyinroq, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov voqea yuzasidan izoh berdi.
TIV rasmiysiga ko‘ra, Krasnoyarskdagi reydda O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzganligi aniqlangan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

Novosibirskdagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi «tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha» choralar ko‘rmoqda.
Ahror Burhonovning yozishicha, «konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan». Shuningdek, Bosh konsulxona shahar hokimiyati bilan oldindan kelishilgan avvalgi konsertda muammo bo‘lmagani, bunisi Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilganini bildirdi.
Bosh konsulxona fikricha, «Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim».
Shuningdek, Bosh konsulxona «Rossiya kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlarni Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgani»ni bildirdi.
Rossiya kuchishlatar tuzilmalari tomonidan markaziy osiyolik, xususan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan so‘nggi yillarda tinimsiz ravishda noinsoniy reydlar va asossiz tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Bunday reydlar davomida O‘zbekiston fuqarolariga kuch ishlatish, haqoratlash holatlari aniq qayd etilsa ham, Rossiya tomoni bunga chora ko‘rgani ma’lum emas.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
15:46 / 04.12.2025
Rossiyada Roblox o‘yin platformasi bloklandi
14:59 / 04.12.2025
Ryutte: Ukraina hamkorlari Rossiyaga bosimni davom ettirishi kerak
13:47 / 04.12.2025