O‘zbekiston | 03:00 / 23.01.2018
10030
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura tadbirkorlar va investorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazoratni kuchaytiradi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar, monitoring va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi zarur axborotlarni doimiy kiritib borishni nazarda tutuvchi maxsus elektron axborot tizimini ishlab chiqadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida imzolangan prezident farmonida belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi qonunbuzilishlar haqidagi ma'lumotlarni tekshirish tartibini ishlab chiqadi va kiritadi;

Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonunchilik normalarini yetkazish va tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi har bir huquqbuzarlik holati bo‘yicha aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipi so‘zsiz amalga oshirilishini ta'minlagan holda, tadbirkorlik faoliyati sohasida, eng avvalo, tadbirkorlik sub'yektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni kuchaytiradi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid