Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2 iyun kungi yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi hamda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi.
Konstitutsiyaga o‘zgartishlar
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda.
Bosh qomusning 131-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa, maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyadagi 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan, ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Toshkent xalqaro moliya markazi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilangan.
Jumladan, markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, mazkur konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.
Majlisda dunyoning yetakchi moliya markazlari – Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC), Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) va Singapur tajribasi atroflicha o‘rganilgani ta’kidlanib, qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi belgilanayotgani qayd etildi.










