O‘zbekiston | 12:37 / 24.06.2022
50150
11 daqiqa o‘qiladi

Xonning harbiy hiylasi yoxud rus otryadining Xiva ostonasidagi halokati  

1717 yilda rus podshohi Pyotr I Xiva xonligiga Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi ekspeditsiyani jo‘natadi. Unga Amudaryo o‘zanini Kaspiy dengiziga burib yuborish, Hindistonga savdo yo‘llarini ochish va xonni rus davlatiga bo‘ysundirish imkonini topish vazifasi yuklatiladi. Biroq, Sherg‘ozi xonning harbiy hiylasi hammasini barbod qiladi.

«Rus askarlari Amudaryo qirg‘oqlarida» - Nikolay Karazin asari (runivers.ru)

Pyotr I orzusi

XVII asr oxiridan boshlab rus imperatori Pyotr I ko‘plab oltin konlariga ega Oksus (Amudaryo) daryosi haqidagi mish-mishlarni eshita boshlaydi. Unga ba’zi rus sayohatchilarining hisobotlarida Markaziy Osiyo cho‘llarida oltin qumlar borligi, tog‘lari ortida esa misli ko‘rilmagan xazinalarga ega Hindiston davlati yastanib yotishi, uning boyliklari g‘arbiy yevropaliklar tomonidan dengiz orqali olib chiqilayotgani haqidagi xabarlar yetkaziladi.

Pyotr I ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, Markaziy Osiyo oltinlari va hech bo‘lmaganda Hindiston xazinalarining bir qismini qo‘lga kiritishni ko‘zlaydi.

1713 yilda shoh rejasini tezlashtirgan voqealar yuz beradi. Badavlat turkman savdogarlaridan biri Sadir Xoji Nafas Astraxanda knyaz Samanov bilan uchrashib, unga rus davlati manfaatiga oid muhim ma’lumotlarni, jumladan, Buxoriya viloyatidagi daryo atrofida oltinga boy qumlar borligini, mahalliy xon buni yashirish uchun daryo o‘zanini Kaspiy dengizidan Orol dengiziga burib yuborganini aytib beradi. Knyaz ushbu xabarni zudlik bilan Peterburgga yetkazadi.

Pyotr I to‘plangan ma’lumotlar asosida Amudaryo bo‘yidagi Xiva xonligini egallash va bu orqali Hindistonga savdo yo‘lini ochish katta manfaat keltirishini anglaydi. U daryo o‘zanini yana Kaspiy dengiziga burish va kemalar uchun Xiva xonligiga, u yoqdan esa Hindistonga yo‘l ochishni rejalashtiradi.

Shimoliy kavkazlik knyaz 

1714 yilda Pyotr I «Knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi Preobrajyenskiy polkini Daryo irmog‘ini topish uchun safarga jo‘natish» haqidagi farmonni imzolaydi.

 Knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy (Wikipedia)

Ma’lumot o‘rnida, Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy Shimoliy Kavkazda, zodagon Bekmurza Jambulatov oilasida tug‘ilgan. Unga Davlat-Girey ismi qo‘yilgan. Keyinchalik nasroniylikni qabul qilib, ismi va familiyasini shunga mos ravishda o‘zgartirgan. Dengiz flotida xizmat qilganida uzoq o‘lkalarga bir necha muvaffaqiyatli ekspeditsiya uyushtirgan va bu bilan Pyotr I nazariga tushgan.

1716 yilda Pyotr I shaxsan Bekovich-Cherkasskiy bilan uchrashib, unga quyidagi topshiriqlarni beradi:

  • Amudaryoning avvalgi o‘zanini topish va iloji bo‘lsa uni tiklash;
  • Xiva xonini Rossiya davlatiga bo‘ysunishga ko‘ndirish;
  • Xivaga boradigan yo‘llarda, ayniqsa, Amudaryo bo‘ylarida istehkom-qal’alar qurish;
  • Xivada mustahkam o‘rnashib olish, Buxoro xoni bilan munosabatga kirishib, uni bo‘ysunishga moyil qilish;
  • Savdogar niqobi ostida leytenant Kojinni Hindistonga, savdo yo‘lini topish uchun, boshqa bir ofitserni esa Yorkentga (hozirgi Shinjon-Uyg‘ur viloyatidagi shahar) oltin konlarini qidirish uchun yuborish.

Bekovich-Cherkasskiyga 4000 askar, 2000 kazak va 100 otliq askar beriladi. Bundan tashqari, ekspeditsiya tarkibiga bir nechta dengiz askarlari, 2 muhandis va 2 savdogar kiradi.

Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi kartasi (mytashkent.uz)

1716 yil sentabr oyida Bekovich-Cherkasskiy Astraxan shahridan Kaspiy dengiziga yo‘l oladi va uning atroflarini o‘rganadi, xaritasini chizadi, Amudaryoning avvalgi o‘zanini izlaydi. Bu vaqt mobaynida Xivaga ikki elchi yuboradi, ammo ular qaytib kelmaydi. Shundan so‘ng, Astraxanga qaytadi. 

Oltin qumlarni izlab – birinchi Xiva ekspeditsiyasi

1717 yil bahorida Bekovich artilleriyaga ega ikkita piyodalar rotasi, 500 otliq askar, 2000 kazak va 500 no‘g‘ay, 200 kishidan iborat savdo karvoni bilan Xiva safariga chiqadi. Ekspeditsiyaga turkman Xoji Nafas yo‘lboshchilik qiladi.

Jazirama issiqda cho‘l va dashtlar bo‘ylab yurish otryad uchun og‘ir kechadi. Askarlar suvsizlikdan, otlar esa yem-xashakning kamligidan aziyat chekishadi. Otryad asosan bo‘tqa va qotgan non iste’mol qiladi. Ba’zan sayg‘oq ovi uyushtiriladi. Askarlar orasida turli kasalliklar tarqaladi. Bekovich-Cherkasskiy ularning bir qismini yo‘ldagi quduqlar yonida qoldirishga majbur bo‘ladi.

Nihoyat, 15 avgust kuni Bekovich-Cherkasskiy otryadi Ustyurt tog‘laridan oshib o‘tib, Amudaryo qirg‘og‘iga yetib boradi. Xivadan 130 km uzoqlikdagi Qorag‘och kanali yonida qo‘nalg‘a tashkil etiladi.

Xivaning bosh darvozasi (rus-turk.livejournal.com)

Bekovich-Cherkasskiy Xiva xoniga elchilarni jo‘natishga chog‘lanadi. Ammo xon rus otryadining Xiva safaridan allaqachon xabardor edi. Yo‘lda otryaddan qochib ketgan qalmiqlar dushman haqidagi xabarni unga yetkazishgan edi.

Sohibqiron Sherg‘ozi hiylasi

Xiva xoni Sherg‘ozi zambaraklar va kamonlar bilan qurollangan 24 ming kishilik qo‘shin bilan ruslarga qarshi chiqadi.

Xivadagi Sherg‘ozi xon madrasasi (khivamuseum.uz)

Ma’lumot o‘rnida, Sherg‘ozi xon – shayboniylar sulolasiga mansub Xiva xonlaridan biri. Buxoroda tug‘ilgan, madrasada ilm olgan, o‘z davrining ziyoli va diyonatli kishilaridan bo‘lgan. Harbiy yurishlardagi qo‘mondonlik mahorati bilan ajralib turgan. Mashhad va Marv shaharlarini istilo qilgan. Xuddi Amir Temur kabi sohibqiron degan nomni olgan.

Jang 3 kun davom etadi va harbiy texnikada ustun bo‘lgan rus otryadining g‘alabasi bilan tugaydi. Xivaliklar ortga chekinishga majbur bo‘lishadi. Bekovich-Cherkasskiy uchun Xiva qal’asiga yo‘l ochiladi.

Shunda Sherg‘ozi sulh taklifi bilan shaxsan o‘zi Bekovich-Cherkasskiy huzuriga keladi. U rus ekspeditsiyasining tinch maqsadda kelganini bilmagani, agar bilganida hujum qilmagan bo‘lishini aytib, uzr so‘raydi. Rus askarlariga ziyon yetkazmaslik, rus podshohiga bo‘ysunish haqida a’yonlari bilan birga qasam ichadi va Bekovich-Cherkasskiyni Xivaga taklif qiladi. Rus qo‘mondoni 700 jangchisi bilan Xiva tomon yo‘l oladi.

Keyingi voqealar rivoji asirlikdan qochib Rossiyaga qaytgan turkman Xoji Nafas va bir necha jangchilar so‘zlaridan ma’lum.

Bekovich-Cherkasskiy Xiva ostonasiga yaqinlashganida Sherg‘ozi uning askarlarini 5 qismga bo‘lish va atrofdagi qishloqlarga joylashtirish taklifini beradi. Xon buni oziq-ovqat bilan ta’minlashda muammo bo‘lishi bilan izohlagan.

Qo‘mondon yordamchisi Frankenbek xonning taklifi tuzoq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi. Bekovich-Cherkasskiyni taklifga ko‘nmaslikka chaqiradi. Ammo qo‘mondon xonning o‘z qasamini buzmasligiga ishonadi va otryadini taqsimlashga rozi bo‘ladi.

«Qo‘qqisdan hujum» - Vereshchagin asari (muzei-mira.com)

Otryadlar Xivadan uzoqlashgach, qishloqlarda qo‘yilgan pistirmaga duch kelishadi. Xivaliklar ularni kamon va zambaraklardan o‘qqa tutib, aksariyatini qirib tashlashadi. Ko‘plab jangchilar asirlikka olinadi. Ularning juda oz qismi qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

Bekovich-Cherkasskiy ziyofat paytida qo‘lga olinib, boshi tanasidan judo qilinadi. Uning terisi shilinib, Xivaning bosh darvozasiga qo‘g‘irchoq tulum sifatida osib qo‘yiladi.

Keyingi voqealar

Sherg‘ozi xonning ayyorona g‘alabasi Xiva xonligi aholisi tomonidan ko‘tarinki ruhda nishonlangan. Xon g‘alabadan maqtanish uchun Bekovich-Cherkasskiy kallasini Buxoro amiriga sovg‘a sifatida yuborgan. Ammo amir Rossiya bilan siyosiy-harbiy mojaroga aralashib qolishdan cho‘chib, sovg‘ani orqaga qaytarib yuborgan.

Asirga olingan rus jangchilari Xiva bozorlarida qul qilib sotilgan. Ulardan ba’zilari qochishga muvaffaq bo‘lgan, ba’zilarini ko‘p yillardan so‘ng qarindoshlari sotib olib, qutqargan, ba’zilari umrbod qullikda qolgan.

Bekovich-Cherkasskiy otryadining halokati haqidagi xabarlar asirlikdan qochgan Xoji Nafas va bir necha jangchilar tomonidan Rossiyaga yetkazilgan. Shundan so‘ng, uning Kaspiy dengizi bo‘yida va yo‘lda qoldirgan jangchilari Astraxanga qaytarilgan.

Sherg‘ozi xon rus askarlarining halokati podshohni darg‘azab qilishini, mag‘lubiyat javobsiz qoldirilmasligini juda yaxshi tushungan. U diplomatiya yo‘li bilan vaziyatni yumshatishga uringan.

1720 yilda xon Uvays Muhammad boshchiligidagi elchilarni Pyotr I oldiga sovg‘a-salomlar bilan jo‘natgan. U podshoh bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish, savdo-sotiqni rivojlantirish niyati borligini, Bekovich-Cherkasskiy birinchi bo‘lib hujum uyushtirganini, o‘zini haqorat qilganini, shundan so‘ng unga qarshi kurashga majbur bo‘lganini bildirgan.

Xon tutqunlikda 2 ming rus askari tirik ekanini yozgan. Bu bilan ularning hayoti evaziga ba’zi imtiyozlarni qo‘lga kiritishdan, jumladan, uzrini qabul qilishlaridan umidvor bo‘lgan.

«Xiva yurishi» - Nikolay Karazin asari (runivers.ru)

Ammo 1721 yilda Peterburgga yetib kelgan elchilar zudlik bilan hibsga olinadi. Uvays Muhammad Petropavlovsk qal’asiga badarg‘a qilinadi va bir necha kundan keyin vafot etadi. Elchilarning qolgan qismi Rogervik shahriga surgun qilinadi. Faqat bir elchi kansler Golovkin nomidan yozilgan xat bilan Xivaga qaytarib yuboriladi. Unda tutqunlikdagi rus asirlarini zudlik bilan ozod qilish talabi bo‘lgan.

Xat tahdid ruhida yozilgani sababli Sherg‘ozi xonning g‘azabini qo‘zg‘aydi. Tutqunlikdan qochgan asir Vasiliy Ivanov so‘zlariga ko‘ra, Sherg‘ozi xatni oyog‘i bilan toptab tashlagan va yosh bolalarga o‘ynash uchun berib yuborgan.

1720 yilda dengiz ofitserlari xatti-harakatlari bilan Kaspiy dengizining yangi, batafsil xaritasi tuziladi. Unda Amudaryoning taxminiy o‘zani yo‘q edi. Bundan tashqari, o‘sha joylarga sayohat qilgan dengiz floti leytenanti V.Urusov ham bu o‘zanni topmagan.

Shundan so‘ng, Pyotr I Kaspiydan Amudaryogacha suv yo‘li bo‘lganiga shubha qiladi. Natijada, podshoh Amudaryoni Kaspiy dengiziga burib yuborish va Markaziy Osiyoni ishg‘ol qilish fikridan qaytadi. Bu rejalarning barbod bo‘lishini tushunish mumkin. Chunki Peterburgda Xiva va Buxoro xonliklarining geografiyasi, ichki siyosiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar juda kam edi.

Kaspiy dengizi bo‘ylariga rus dengizchilari va askarlari 1,5 asrdan keyin qaytishdi. Ammo o‘sha paytda Markaziy Osiyoga hujum yo‘nalishi qozoq dashtlari orqali amalga oshirildi.

Nurmuhammad Said tayyorladi

Mavzuga oid