Jahon | 19:15 / 12.01.2026
5560
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Ukraina uchun yangi ballistik raketa ishlab chiqadi

Bunday raketa Moskvagacha yetib borishi mumkin bo‘ladi.

Buyuk Britaniya Kiyevga «Putinning harbiy mashinasidan himoyalanish»da yordam berish maqsadida Ukraina uchun yangi taktik ballistik raketa yaratish ustida ishlamoqda. Bu haqda yakshanba kuni kechqurun Buyuk Britaniya hukumati rasman ma’lum qildi.

Nightfall deb nomlanadigan raketa 200 kilogrammlik jangovar kallakka ega bo‘ladi va uning uchish masofasi 500 kilometrni tashkil etadi – shu tariqa, u nazariy jihatdan Ukraina hududidan Moskvagacha yetib borishi mumkin. Tizim murakkab sharoitlarda, jumladan,

radioelektron kurash vositalari qo‘llangan va GPS navigatsiyasi cheklangan holatlarda ham ishlash uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Hukumat tomonidan e’lon qilingan tanlov doirasida uchta pudratchi kompaniya 12 oy ichida dastlabki uchta raketani loyihalashtirib, sinovlar uchun yetkazib berishi kerak. Shartnomalar mart oyidayoq tuzilishi kutilmoqda.

Keyinchalik Buyuk Britaniya oyiga kamida 10 ta tizim ishlab chiqarishi va bitta raketaning maksimal narxi 800 ming funt sterling (920 ming yevro) bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Buyuk Britaniyada yangi ballistik raketalarni ishlab chiqish rejalari haqida ilk bor 2025 yil o‘rtalarida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda yangi qurolning asosiy afzalligi mobillik bo‘lishi haqida xabar berilgandi – shunda uchirish qurilmasi ekipaji bir necha daqiqa ichida o‘z joylashuvini o‘zgartirishi va javob zarbasidan qochishi mumkin bo‘ladi.

Hozirda Ukrainada xorijda ishlab chiqarilgan uzoq masofali raketalarning ikki turi mavjud – Amerikaning ATACMS va Britaniyaning Storm Shadow. G‘arbdagi ittifoqchilar uzoq vaqt mobaynida Kiyevga ulardan Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan hududlariga zarba yo‘llashda foydalanish uchun ruxsat bermay kelgandi.

Bu taqiq faqat 2024 yil oxiriga kelib olib tashlandi, ammo Oq uyda ma’muriyat almashganidan keyin Pentagon RF bo‘ylab zarba yo‘llashdan oldin buni muhokama qilishni talab qila boshladi – shundan buyon bunday zarbalar deyarli to‘xtadi. Kiyevdagilar nafaqat ATACMS, balki Storm Shadow raketalari orqali zarba yo‘llashni ham AQSh bilan kelishi shart bo‘ladi (uni ishlab chiqarishda Amerikaning ham ishtiroki borligi tufayli).

Ukrainaning o‘zida uch ming kilometrgacha ucha oladigan «Flamingo» raketalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Noyabr oyi boshida Zelenskiy yil oxirigacha «Flamingo»ni ommaviy ishlab chiqarish boshlanishini aytgandi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi may oyida bunday raketa jangovar sharoitda ham sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid