Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegaradagi mojaroda 13 fuqarosi halok bo‘lganini ma'lum qildi
Qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 13 fuqarosi halok bo‘ldi, 134 nafari jarohat oldi. Bu haqda jurnalistlarga Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma'lum qilgan.
Jumladan, to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘iziston chegara xizmati «Boru» maxsus otryadining 3 nafar harbiysi halok bo‘lgan. Yana 22 nafar harbiy turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan. Ulardan 2 nafarining ahvoli og‘ir deya baholanmoqda.
Shuningdek, Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegaradagi Botken viloyatidan 20 mingdan ko‘proq odam evakuatsiya qilingan.
Prezident Sadir Japarov to‘qnashuvlar chog‘ida yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirgan.
«Butun mamlakat Botken oblastidagi so‘nggi chegara voqealarida o‘z yaqinlarini yo‘qotgan qirg‘izistonliklar bilan aza tutmoqda. Jarohat olgan fuqarolarimizga sog‘lik tilayman. Barcha jabrlanuvchilarga davlat tomonidan kerakli yordam ko‘rsatiladi», deya qayd etgan Japarov.
Tojikiston mojaro vaqtida o‘z tomonidan necha kishi yaralangani va halok bo‘lgani bo‘yicha hali oxirgi ma'lumotlarni keltirmagan. 29 aprelda Tojikistonning 3 fuqarosi halok bo‘lgani, 31 nafari jarohatlangani ma'lum qilingandi.
29 aprelda chegarada yuz bergan mojaro ikki davlat harbiylarining og‘ir qurol qo‘llangan holdagi to‘qnashuvlariga aylanib ketgan. Ikki tomon o‘rtasidagi mojaroga suv taqsimlash bilan bog‘liq bahs sabab bo‘lgan.
30 aprelga o‘tar kechasi tomonlar jangovar to‘qnashuvlarni to‘xtatishga va qo‘shinlarni ortga qaytarishga kelishib olgan.
Biroq shunga qaramay, chegarada to‘qnashuvlar davom etayotgani haqida ma'lumotlar berilmoqda.
Mavzuga oid
17:30
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024