Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikada koronavirusning o‘ta xavfli shtammi yaratildi – bu nima uchun kerak?
Amerikalik olimlar xavfli tajribaga qo‘l urishdi: ular koronavirusning ximerasini yaratishdi. Uning o‘lim darajasi 80 foizni tashkil qildi. Bunday xavfli tajriba nimaga kerak, virus laboratoriyadan chiqib, yangi pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkinmi?
Foto: Shutterstock
Ximera – qadimgi yunon mifologiyasida boshi va bo‘yni sherniki, tanasi echki, dumi ilon shaklida bo‘lgan olov purkaguvchi yirtqich hayvon. Hozirgi vaqtda fanda kutilmagan natijalarga olib kelgan tajribalar mahsuli ko‘chma ma’noda shunday nomlanadi.
Boston universiteti olimlari koronavirusning ikkita shtammi asosida tadqiqot-tajriba o‘tkazishga qaror qilishdi.
Ular 2019 yil oxirida paydo bo‘lgan birinchi «Uhan» shtammi va nisbatan yangi, dunyo bo‘ylab tez tarqalishi, tez yuqishi, hatto emlangan va yaqinda kasal bo‘lgan odamlarga ham yuqishi bilan mashhur bo‘lgan «omikron» shtammi asosida tajriba o‘tkazishdi.
Olimlar nima qilishdi?
Tadqiqotchilar «omikron»ning tikansimon S-oqsilini dastlabki «Uhan» shtammi bilan birlashtirishdi. Bu oqsil noyob tuzilma bo‘lib, inson hujayralari bilan bog‘lanish va ichiga kirib olish xususiyatiga ega. Aynan «omikron» mutatsiyasida oldingi shtammlarning «izlari» to‘plangan, shu sababli u juda yuqumli va bardoshlidir.
Muhim tafsilot: koronavirusning dastlabki «Uhan» varianti sichqonlarda yuqori darajada o‘lim xavfini yuzaga keltirgan, «omikron» esa kasallikning yengil belgilarini yuzaga chiqargan.
Boston universitetining yangi yuqumli kasalliklar milliy laboratoriyasi Qo‘shma Shtatlarda bioxavfsizlik bo‘yicha to‘rtinchi darajaga ega 13 ta muassasaning biri hisoblanadi. Bunday laboratoriyalarda o‘ta xavfli tadqiqotlarni, jumladan, o‘ta yuqumli bo‘lgan Covid va Ebola viruslari ustida tajriba o‘tkazish mumkin.
Shtammlar aralashmasi kutilmagan va xavfli bo‘lib chiqdi. Buni laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajriba tasdiqladi. Olimlar barcha kemiruvchilarga yangi mutantni yuqtirishdi. Natija hayratlanarli bo‘ldi: kasallik sichqonlarda og‘ir kechib, ularning 80 foizi o‘lib qoldi.
Tadqiqotchilar tanqid ostida qoldi. Yangi mutatsiyani yaratish nimaga kerak? Axir, virus shundog‘am mutatsiyaga uchramoqda, dunyo bir necha yildan beri unga qarshi kurashishga harakat qilmoqda.
«Pandemiya Uhandagi laboratoriyada yaratilgan virusning tashqariga «sizib chiqqani» oqibatida yuzaga kelgan degan farazlar bor. Buning ehtimoli katta ekani inobatga olinsa, bunday tajribani o‘tkazish sog‘lom aqlga ziddir», dedi Sharqiy Angliyadagi Britaniya universiteti mikrobiologiya professori Devid Livermor.
«Bu butunlay taqiqlanishi kerak, ular olov bilan o‘ynashyapti», dedi Isroil hukumatidagi yetakchi olimlardan biri Samuel Shapira.
«Bu keyingi pandemiyaga turtki berishi mumkin. Pandemiyaga olib keluvchi patogenlar ustidagi tadqiqotlar qat’iy nazorat ostiga olinishi kerak», dedi Rutgers universiteti kimyo professori Richard Ebrayt.
Tadqiqotchilar ushbu tajriba orqali yanada xavfli va o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan virusni yaratishni maqsad qilishmaganini aytishdi. Bunday tadqiqotlar «omikron» o‘zini qanday tutishi mumkinligini bilish, qanday mutatsiyalarga tayyorlanish kerakligini tushunish uchun zarur. Bundan tashqari, sichqonlar uchun xavfli bo‘lgan gibrid shtamm inson vujudi uchun ham xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida hech qanday dalil yo‘q.
Ekspert fikri
Immunolog, tibbiyot fanlari nomzodi Nikolay Kryuchkov bunday tajriba olimlarga nima uchun kerakligi, bu kelajakda pandemiyaga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkinligi haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
«Olimlar shtammlarni bir-biri bilan chatishtirmadi. Ular rekombinant virus ximerasini yaratishdi. Keling, biroz orqaga qaytamiz: koronavirusning dastlabki «Uhan» varianti o‘ta patogen, ammo nisbatan kam yuqumli edi. Dastlab, virusda inson hujayralariga kirish uchun to‘liq «shifr» yo‘q edi, unga kirishi qiyin edi.
Vaqt o‘tdi, virus atrof-muhitga moslashdi, rivojlandi, inson tanasiga kirib olishni o‘rgandi va u yerda o‘zini yaxshi his qila boshladi», deydi immunolog.
Olimlar dastlabki koronavirus va «omikron»ning hayot yo‘li bir-biridan sezilarli darajada farq qilishini tushunishadi. Shu sababli, tadqiqotchilar agar koronavirusning ximera shtammi yaratilsa, u qanday xususiyatlarga ega bo‘lishini aniqlashga qaror qilishdi. Agar virus asl «yovvoyi» variantning eng kuchli tomonlarini olsa va evolyutsion «omikron»ning eng yaxshi xususiyatlarini o‘zlashtirsa nima bo‘ladi?
«Tajriba tufayli olimlar patogenlik va yuqumlilik faqat S-oqsiliga bog‘liq emasligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Oldin aynan shu oqsil aybdor qilinardi. Ha, mas’uliyat ko‘proq uning zimmasiga tushadi, ammo virusning boshqa qismlari ham borki, ularga ilgari yetarli e’tibor berilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, ular ham shtammning tez yuqishi va tanaga tez kirib olishiga ta’sir qiladi», dedi Nikolay Kryuchkov.
Shuningdek, bunday tadqiqotlar quyidagi jihatlarni tushunishga yordam beradi:
- virus yana qanday funksiyalarga ega;
- uning yuqumlilik darajasi qanday;
- qaysi mutatsiyalarni eng xavfli deb hisoblash kerak;
- qanday o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borish kerak;
- immunitet tizimi, jumladan orttirilgan va tug‘ma immunitet qanday ishlaydi.
O‘ta patogen infeksiyalar pandemiyaga kamroq sabab bo‘ladi. Bu ximeraning ijobiy tomoni
Boston olimlari eksperimental shtammning patogenligi nihoyatda yuqori ekanini aniqladilar – infeksiya barcha sichqonlarga yuqdi. Ko‘pchiligi virusni yengishga muvaffaq bo‘lmadi. Bu yerda qo‘rquv paydo bo‘lishi tabiiy: agar virus laboratoriyadan sizib chiqsa, dunyoga yangi pandemiya tahdid qiladimi?
Aslida, vaziyat sal boshqacharoq, deydi immunolog.
«Nazariy jihatdan pandemiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan kombinatsiyani topish mumkin. Lekin, birinchidan, biz ximera odamlar orasida o‘zini qanday tutishini bilmaymiz. Ikkinchidan, u mavjud shtammlarni siqib chiqara oladimi? Katta ehtimol bilan yo‘q. Chunki, epidemiya yuzaga kelishi uchun virus «katta qadam tashlashi» kerak. Buning uchun o‘lim darajasi past bo‘lishi kerak, shunda virus odamlar orasida keng tarqala oladi. Ximera esa unday emas», dedi Nikolay Kryuchkov.
«Kasallik davomiyligi qisqa va o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan har qanday infeksiya o‘z-o‘zidan barham topadi. Chunki keng tarqalish uchun unda vaqt juda oz bo‘ladi. Shuningdek, bunday yuqumli kasalliklar darhol sohaga mas’ul tuzilmalarning e’tiborini tortadi – karantin e’lon qilinadi, shifoxonalar ochiladi, bemorlar tezda izolyatsiya qilinadi», deb qo‘shimcha qildi u.
Agar infeksiya halokatli bo‘lmasa, masalan, O‘RVI kabi, bu hech kimni qiziqtirmaydi. Covid-19 tarixida o‘lim darajasi barcha yuqtirganlarning 1,5-3 foizini tashkil etdi. Hatto bunday kichik ko‘rsatkich ham juda sezilarli bo‘ldi. Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, yuqtirganlar soni o‘lganlar sonidan ko‘proq bo‘lgani sababli ham yangi shtammlar keng miqyosda tarqalishga muvaffaq bo‘ldi.

Qo‘shma Shtatlarda virus funksiyalarini kengaytirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqotlar pandemiyaga sabab bo‘lishi ehtimoli tufayli 2014-2017 yillarda to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ammo keyinchalik faqat davlat mablag‘lari hisobiga va davlat nazorati ostida o‘tkazishga ruxsat berildi.
Bunday tadqiqotlar viruslarning yanada xavfli, yuqumli va o‘lim darajasi yuqori bo‘lishiga erishishni nazarda tutadi. Bu kelajakda pandemiyalarning oldini olish yoki ularga qarshi kurashda asqatishi mumkin.
Boston universiteti ushbu tajriba amaliy ahamiyatga ega ekanini inkor etib, bioxavfsizlik bo‘yicha barcha tashkilotlar ruxsati olinganini ta’kidladi.
«Ushbu tadqiqot boshqa laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan shunga o‘xshash tajribalar natijalarini aks ettiradi va mustahkamlaydi. Oxir-oqibat, bu tadqiqot jamiyatga foyda keltiradi, chunki kelajakda pandemiyalarga qarshi kurashda yordam beradigan maqsadli terapevtik yechimlarni topishga xizmat qiladi», deyiladi universitet bayonotida.
Mavzuga oid
12:30 / 30.12.2025
«Salom, aya!» - qishloqdan Amerikaga sayohat | Manzil
12:31 / 27.09.2025
Meksika orqali noqonuniy ravishda Amerikaga yuborish holati aniqlandi
07:35 / 18.07.2025
Yevropaning uch davlati Ukraina uchun AQSh qurollariga pul to‘lamaydi
08:03 / 25.03.2025