O‘zbekiston | 18:30 / 07.11.2022
20289
2 daqiqa o‘qiladi

Hazorasp tumani hokimi o‘rinbosari 6 yilga qamaldi 

Xorazm viloyati, Hazorasp tumani hokimining sobiq o‘rinbosari yer ajratish masalasida 12 ming dollar pora olgani uchun sud qaroriga ko‘ra 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Xorazm viloyat prokuraturasi, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Shahzod Vaisov viloyat hududida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlarga aloqador ma’lumotlar to‘g‘risida xabar berdi. 

Jumladan, 2022 yilning mart oyida 12 ming dollar pora bilan ushlangan Hazorasp tumani hokimi o‘rinbosari U.A. jinoyat ishiga oid tafsilotlarni ma’lum qildi. 

«Hazorasp tumani hokimi o‘rinbosari tumanning Qirqtepa mahallasida noqonuniy qurilgan turar-joy binolarini buzmaslik va tuman hokimligi zaxirasidagi 1800 kv.m. yer maydonini turar-joy qurish uchun ajratib, zarur hujjatlarni tuman hokimligi va kadastr bo‘limidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 12 ming dollarni pora tariqasida olganida ushlangan. Sudning hukmi bilan u 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi», dedi Vaisov. 

Shuningdek, katta tergovchi bayonotiga ko‘ra, Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan 2021 yilda turli darajadagi mansabdorlarning 62 nafari, 2022 yilning 9 oyida 52 nafari korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Davlat va fuqarolar manfaatiga 30 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Tergov davomida 19 mlrd so‘m (yoki 63 foizi) undirilishi ta’minlandi. 

Shu bilan birga, 2021 yil va 2022 yil 9 oyida prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda 16 mlrd so‘mdan ortiq talon-torojliklar aniqlangan. 

Mavzuga oid