AQSh ketishini kutayotgan Afg‘oniston: «Tolibon»ning faollashuvi va yangi fuqarolik urushi soyasi
Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari to‘xtab qolishi fonida toliblar hujumga o‘tishni boshlamoqda. Mamlakatdan amerikalik harbiylarning barchasi olib ketilgach tinchlik o‘rnatiladimi? BBC korrespondenti Liz Duset shu kabi savollarga javob izladi.
Uchli, o‘tkir qirrali, taram-taram chiziqli qora marmar bo‘lagi. O‘zining oddiyligi bilan mukammal ko‘rinadigan bu yodgorlik - AQSh tarixidagi eng uzoq vaqt davom etgan harbiy kampaniyaning ilk qurboni xotirasiga o‘rnatilgan.
Markaziy razvedka boshqarmasining 32 yoshli ofitseri Mayk Spann 2001 yil noyabrida toliblarga qarshi og‘ir janglardan biri vaqtida halok bo‘lgandi.
«Erkinlik uchun, Afg‘oniston uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun jonini qurbon qilgan qahramon». Toshga ingliz va fors tillarida shu bitik o‘yib yozilgan.
19 yil o‘tib Afg‘onistondan NATO va AQSh qurolli kuchlarini olib ketishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida harbiy obektlarni ko‘zdan kechirgan amerikalik va afg‘onistonlik yuqori martabali zobitlar Mayk Spanni xotirlashdi.
O‘tgan vaqt mobaynida toliblarga qarshi koalitsiyaning 3,5 mingdan ortiq askari hamda 110 mingdan oshiq afg‘onistonlik halok bo‘lgan. Ammo tinchlikka erishilmagan. Hamon mamlakatda yangi fuqarolik urushi boshlanib ketishi xavfi saqlanib turibdi.
«Zo‘ravonlik darajasi pasayishi»
«Biz eng yomon variantlarning oldini olishga va voqealar rivojini shunday yo‘nalishga burishga harakat qilyapmizki, Afg‘oniston hozirgidan beqarorroq vaziyatga tushib qolmasin, yana fuqarolik urushi boshlanmasin», deydi Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar boshlig‘i, NATO xalqaro harbiy kontingenti qo‘mondoni, general Skott Miller.
2011 yildan buyon eng kuchaygan davrida bo‘lgan «Tolibon» shu yil fevralidagi AQSh bilan kelishuvga qaramasdan butun Afg‘oniston bo‘ylab hujumga o‘tishda davom etmoqda. Go‘yoki, ular fevralda urushdan toliqqan va barchasi yana qayta boshlanishini qo‘rquv bilan kutgan afg‘on xalqiga biroz tin bergandek.
«Zo‘ravonlik darajasi pasayishi kerak. Men toliblardan zo‘ravonliklarni kamaytirishni alohida so‘radim, bu bir tomonlama bo‘lishi mumkin emas. Hamma tomonlar kamaytirishi kerak», deya takrorlaydi general Miller BBC uchun bergan intervyusida. General fuqarolar va harbiy boshliqlar bilan uchrashuvlarda o‘tish jarayonini imkon qadar og‘riqsiz o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda.
Bir yildan ortiq davom etgan muzokaralardan so‘ng 2020 yil fevralida Dohada imzolangan bitimga ko‘ra, AQShning 4500 nafar, NATOning 6100 nafar askari 2021 yilning mayiga qadar mamlakatdan olib chiqilishi belgilangan.
Ammo bitimning bu sharti bajarilishi «Tolibon»ning o‘z majburiyatlarini qanchalik bajarishi, jumladan, «Al-Qoida» kabi ektremist guruhlar bilan aloqalarini uzishiga bog‘liq.
Fevral oyidan buyon birorta amerikalik harbiy xizmatchi toliblar qo‘lidan vafot etmagan. Ammo kelishuvda ko‘rsatilgan afg‘onlarga zo‘ravonliklarni kamaytirish talabi ijrosi bajarilmayotgani turli qarama-qarshi talqinlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu tufayli, general Miller va Amerika elchisi Zalman Xalilzod Qatar poytaxti Doha va Afg‘onistondagi vaziyatga aralasha boshlagan mintaqaning boshqa davlatlari o‘rtasida serqatnov bo‘lib qolishgan.
Amerikalik harbiy xizmatchilar esa mamlakatdagi shov-shuvli saylovoldi kampaniyasi bilan bog‘liq nozik mavzular hamda kutilmagan tvitlari bilan yo‘nalishni 180 darajaga o‘zgartirib yuboruvchi oliy qo‘mondonlik haqida gapirishdan o‘zlarini tiyishadi.
«Rojdestvoda - uyga!»
Bunga misol sifatida o‘tgan oydagi sensatsiya ko‘targan tvitni keltirish mumkin. O‘shanda Donald Tramp shunday yozgandi: «Biz hali ham Afg‘onistonda xizmat qilayotgan jasur erkaklarimiz va ayollarimizni uyga Rojdestvoni nishonlash uchun qaytarishimiz kerak!»
«Bu siyosiy qaror. Biz harbiy tavsiyalar beryapmiz. Qolgani siyosiy rahbariyat va tinchlik jarayoni qanday kechayotganiga bog‘liq», - degan general Miller muddat o‘zgarish-o‘zgarmasligi haqidagi savolga javoban.
Amerika va «Tolibon» o‘rtasidagi kelishuv toliblar va Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga yo‘l ochib bergandi. O‘tgan oylarda bu kelishuv tarixiy yutuq o‘laroq hisoblanayotgandi, chunki toliblar uzoq yillar mobaynida faqat amerikaliklar bilan muzokara o‘tkazishlarini aytib, rasmiy Kobul bilan aloqa o‘rnatishdan bosh tortib kelishardi.
Tomonlar muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun umid paydo bo‘lgandi.
Ammo protsedura masalalari bilan bog‘liq muhokamalar, ayniqsa, mamlakatda islomiy qonunchilik o‘rnatilishi bilan bog‘liq masala ko‘tarilishi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga va kelishuv bu safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashi bo‘yicha xavotirlarni uyg‘otmoqda.
«Biz toliblar bilan tinchlikka erishish uchun o‘zimizga bog‘liq barcha ishni qilyapmiz. Ammo tinchlik va urush yonma-yon yuradi va biz har qanday holatga tayyor turamiz», deya ta'kidlaydi Afg‘oniston Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulloh Mohib Kobuldagi qattiq qo‘riqlanadigan prezident saroy majmuasida, yorqin rangli atirgul butalari yonidagi maysa ustida muxbir bilan suhbatda.
Qadimiy tosh devorlar va hozir bir-biriga bog‘langan temir halqalar bilan mudofaalangan 19 asrga oid bu muhtasham istehkomdagi odamlarning asabi taranglashgan. Tashqarida «Tolibon» jangarilari muhim shaharcha va shaharlarga, xususan, Kobulga ham asta-sekin kirib kelayotgani haqidagi mish-mishlar tarqalmoqda.
General Millerning shu hafta mamlakat g‘arbidagi Farax viloyatiga tashrifi uning shimoldagi Balx viloyatida joylashgan Qal'ai Jangi istehkomidagi afg‘on armiyasi bazasida to‘xtab o‘tgani kabi ma'noga ega bo‘lib, bundan maqsad AQShning afg‘on kuchlarini qo‘llashda davom etishini bildirishga urinish edi - vaqt o‘tib bormoqda, Vashingtondan esa Afg‘onistonni tark etish muddati masalasida turli qarama-qarshi xabarlar kelib turibdi.
Safardagi har bir manzilda afg‘onistonlik va amerikalik harbiylar hamda amaldorlar koronavirus tufayli oraliq masofa saqlab o‘rnatilgan kursilarda o‘tirib, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining qudratini baholab, fikr almashishdi.
Bir viloyatdagi xavfsizlik darajasi boshqasinikidan farq qiladi, ammo suhbatning umumiy yo‘nalishi bitta: hukumat kuchlari ba'zi hududlarda raqibga og‘ir zarba bermoqda, ba'zi joylarda yo‘qotishlarga uchramoqda va hududni boy bermoqda, ammo AQShning havodan qo‘llab-quvvatlashi tufayli toliblar birorta viloyat markazini egallashiga yo‘l qo‘yilmagan.
«Biz qurshovdamiz!», deya yordam so‘raydi Farax viloyatidagi afg‘on harbiylaridan biri.
General Miller bu vaqtda asosiy yo‘llar toliblar tomonidan to‘sib qo‘yilgani va ta'minot liniyalariga bosim kuchaygani aks etib turgan xaritani ko‘zdan kechirardi. Unga hamrohlik qilayotgan afg‘on generali Ayyub Salangi esa ishonch bilan xavotirga o‘rin yo‘qligini ta'kidlaydi. «Hozir og‘ir, ammo avval bundan ham og‘irroq holatlarga duch kelganmiz. Afg‘on yetakchilari shuni yana takrorlashmoqda», deydi u 1980-yillarda sovet qo‘shinlariga qarshi urushgan G‘arb qo‘llovidagi mujohidlarga ishora qilar ekan.
«Fuqarolar urushi»ning «hidi kelmoqda»
Afg‘onlar 1989 yilda sovetlar ketgach mamlakatda turli qurolli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketganini unutishmaydi.
«Mag‘lubiyat», deya javob beradi Hamdulloh Mohib nimadan ko‘proq qo‘rqayotgani haqidagi savolga.
U fuqarolik urushi «ehtimoldan ham yuqoriroq» ekanini ta'kidlab, hukumat buning oldini olish uchun imkon doirasidagi barcha choralarni ko‘rishini qo‘shimcha qiladi.
Shu oy boshida toliblar Afg‘on armiyasining kuchini va AQShning pozitsiyasini tekshirib ko‘rish uchun janubdagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hilmand viloyatiga yurish boshlaganida Amerikaning qudratli aviatsiyasi voqealar rivojini o‘zgartirib yuborgandi.
«Ha, amerikaliklarning yordami Hilmandda muhim ahamiyat kasb etgandi», deya tan oladi Mohib.
Ammo AQSh aviatsiyasining harbiy parvozlari to‘xtatgach, toliblar viloyatlar markazlarini qamal qilishni boshlashi haqidagi taxminga javoban u afg‘on kuchlari quruqlikda harbiy harakatlar olib borayotgani, Afg‘oniston hukumati harbiy samolyotlarni boshqaruvchi uchuvchilarni tayyorlayotganini aytib o‘tgan.
Hilmandda amerikaliklar qat'iy havo zarbalari berishi tolibonlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi, ular AQSh tinchlik kelishuvini buzdi, deb hisoblashmoqda.
«Biz afg‘on xavfsizlik kuchlarini himoya qilishda davom etamiz», deya va'da beradi general Miller va amerikaliklarning sabrini sinash kerak emasligini ta'kidlaydi. «Biz tinchlik muzokaralari to‘xtab qolishini istamaymiz, shu tufayli o‘zimizni yetarlicha tiymoqdamiz», deya qo‘shimcha qiladi u.
Ammo oydan oyga qudratli Amerika armiyasi ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rsatuvchi ishoralar ko‘paymoqda.
AQShning mamlakatdagi eng katta aviabazasi atrofida yillar davomida kengaygan sershovqin Bagramda amerikaliklar harbiy texnikalarini olib chiqib ketar ekan, vertolyotlar va harbiy transport samolyotlarining guvillashi tinmaydi. Bu ulkan bazaning kelgusi taqdiri noma'lum, ammo uning chegarasi toraygan va metall to‘siq ancha ichkariga surilgan.
Shaharchadagi hayot ham asta-sekin so‘nmoqda. Amerikalik harbiylardan ortib qolgan buyumlar, qariyb yangi botinkalardan tortib kompyuterlar va sport trenajyorlarigacha savdo qilgan mahalliy do‘konlar o‘z biznesini yopishga majbur bo‘lmoqda.
Ko‘chada muxbir oldiga 28 yoshli Malik yaqinlashadi. Minglab bagramliklar kabi u ham amerikaliklar bazasida ishlagan.
«Uyda pul tugadi. Bolalarni boqish uchun nikoh uzugimni sotdim», deya shikoyat qiladi u avval baza ichida bo‘lgan, hozirda betoni yorilib ketgan maydonda turib.
Ushbu yosh yigitning ovozida qo‘rquv sezilib turadi.
«Yuz foiz, Tolibon allaqachon shu yerda! U shu yerda, oramizda!» deya qariyb baqiradi u baland ovozda.
Afg‘onistonda kelajak, Amerikadagi saylovlar natijasi mavhumligi odamlarning kayfiyatida yaqqol seziladi. Lekin shunisi aniqki, saylovda kim g‘alaba qilmasin, Tramp yoki Bayden, amerikaliklar bu yerda uzoq vaqt qolishmaydi.
«Meni afg‘onlar tinchlik uchun imkoniyatlarini boy berishi juda tashvishga soladi», deydi general Miller.
Ammo Vashington birinchi navbatda o‘z milliy xavfsizligi to‘g‘risida qayg‘uradi va Afg‘onistondagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolsa ham, ular ketishni ko‘p ortga surmasligi tayin.
Mavzuga oid
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024