O‘zbekiston | 21:50 / 30.09.2020
7273
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlarga grantlar berish tajribasini yanada kengaytiramiz – Prezident

O‘zbekistonda xotin-qizlar oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi imkoniyatlari yanada kengayadi. Bu haqda o‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan marosimda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Tadbirda prezident mamlakat ta'lim tizimi xususida fikrlarini bildirdi. Jumladan, davlat rahbari xotin-qizlarga imtiyozli davlat grantlarini ajratish tajribasiga alohida to‘xtaldi.

«Buyuk davlat arbobi Indra Gandining «Bitta qizni o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz», degan so‘zlarini, albatta, hammamiz yaxshi tushunamiz. Shuning uchun joriy yilda qishloq joylarda yashayotgan kam ta'minlangan oilalarga mansub qizlarimiz oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari uchun 940ta o‘rin ajratdik.

O‘ylaymanki, qizlarimiz uchun yaratilgan bunday qo‘shimcha imkoniyat yana yuzlab oilalarga bilim, ma'rifat nurini olib kiradi. Bu esa o‘z navbatida yosh qizlarimizning kelajakda jamiyat uchun munosib kasb egalari bo‘lib kamol topishiga puxta zamin yaratadi.

Biz bu boradagi ishlarimiz ko‘lamini bundan keyin ham yanada ko‘paytirib boramiz. Bu bizning birinchi tajribamiz. Albatta, joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari, jamoatchilik tavsiyasi asosida ushbu harakatni amalga oshirdik. Agarda bu yo‘nalishda haqiqat, adolat tamoyillari ishlasa, grantlar sonini 2-3 baravar oshirishga tayyormiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid