O‘zbekiston | 14:42 / 07.07.2023
11094
10 daqiqa o‘qiladi

“Akademik erkinlikning yo‘qligi jamiyat rivojiga salbiy ta’sir qiladi” – Kaliforniya universitetidagi o‘zbek professori bilan suhbat

«30 yildan buyon AQShda ishlayotgan bo‘lsam, birorta vazir yoki amaldor ish buyurmadi. Davlat olimlar uchun grantlar ajratadi, lekin ilmiy faoliyatga aralashmaydi. Olimlar qiladigan ishlarni esa bozor belgilab beradi”, - deydi AQShdagi Kaliforniya universiteti professori Sharof To‘g‘izov. Olimning fikricha, universitetlarga berilayotgan akademik erkinlik – “sovet” tizimida qolib ketgan O‘zbekistondagi ilmiy izlanishlar tizimini jahon darajasiga yaqinlashtirishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri AQShga safari davomida Kaliforniya universiteti tibbiyot fakulteti professori, asli o‘zbekistonlik Sharof To‘g‘izov bilan suhbatlashdi. 90 yillardagi turg‘unlik va ilm-fanga e’tiborsizlik ortidan AQShga ketgan yosh olim, u yerda o‘z faoliyatini qaytadan boshlaydi hamda bugunga kelib virusologiya va yuqumli kasalliklar sohasi bo‘yicha biologiya fanlari doktori, professor darajasiga yetgan. Sharof To‘g‘izov, shuningdek, shifokor – virusolog, genno-injyener olim bo‘lib, universitetning San-Fransiskodagi bo‘limida ishlaydi. O‘nlab xalqaro konferensiyalarda chiqish qilgan, shuningdek ko‘plab ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi.

— Sharof aka, avvalo AQShga kelishingiz, bu yerda ilmiy faoliyatingiz va qanday professorlikka darajasiga qanday erishganingiz haqida aytib bersangiz?

— O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilganman. Oliy ta’limni ham O‘zbekistonda tamomlaganman. 1981 yilda aspiranturani o‘qish uchun Moskvaga ketganman va o‘sha yerda doktoranturani ham o‘qidim.

1991 yilda Moskvada virusologiya bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda gepatit B bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan edik. Meni Germaniya va Amerikaga taklif qilishdi. Kaliforniya universitetidan borgan professor meni alohida taklif bildirdi. O‘zi o‘sha 1991 yilda Sovet ittifoqidagi ko‘plab olimlar boshqa joylarga ketayotgan edi. Men ham rasmiy taklif bo‘lgach o‘sha konferensiyadan 6 oy o‘tib Kaliforniyaga keldim. Ittifoq tarqagach, biz izlanish qilayotgan ishga pul ajratilmay qo‘ydi, ishlar to‘xtadi, keyin men ham Amerikada qoldim.

Amerikaga kelganimda doktorlik darajam bor edi. Lekin bu yerda karerani qayta boshlashga to‘g‘ri keldi deyarli, chunki bu yerda tizim boshqacha.

— Universitet va bu yerdagi faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz.

— Kaliforniya universiteti ancha katta. 10 ta shaharda filial-bo‘limlari mavjud. San-Fransiskodagi bizning bo‘lim faqat tibbiyotga ixtisoslashgan. Bu yerda shifokorlar tayyorlashdan tashqari ilmiy izlanishlar ham olib boriladi, bu borada dunyoda mashhur. Umumiy Kaliforniya universitetida 150 ming atrofida o‘qituvchi-xodimlar ishlaydi, bizning bo‘limda esa 27 ming nafar xodim bor. O‘zim virusologiya bo‘yicha kasallik chaqiruvchi viruslarning qanday ishlashi, funksiyalarini o‘rganaman. Laboratoriyada qo‘l ostimda 5-6 ta xodim ishlaydi, grantlar ko‘payganda 15 tagacha xodimim bo‘ladi. Bu yerda faqat o‘qituvchilik bo‘lmaydi, ilmiy izlanishlar olib borish kerak, bo‘lmasa universitet ushlab turmaydi.

— Kaliforniya universitetiga talabalarni qabul qilish tartibi qanday? To‘lovlar-chi?

— Bu yerda o‘qish to‘liq pulli va juda qimmat. Agar talaba iqtidorli, bilimli bo‘lsa, davlat grantlari, maxsus dasturlari bor. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalarning to‘lov kontrakti miqdori sohasiga qarab 30-50 ming dollar oralig‘ida bo‘ladi.

— Oliy ta’limdan keyingi ilmiy faoliyat olib borish, ilmiy daraja olish kabilarda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida qanday farqlar bor?

— Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda ko‘p o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lyapti. O‘zbekiston ham boshqa possovet davlatlari kabi bozor iqtisodiyotiga o‘tmoqchi bo‘lyapti, ammo hali to‘liq o‘tolganicha yo‘q. Eng katta farq ham shu. Ta’lim va boshqa sohalar ham shunga bog‘liq bo‘ladi. O‘zbekiston ta’limi hali ham sovetcha tizimda ishlayapti. So‘nggi yillardagi eng muhim yangiliklardan biri ma’lum universitetlarga akademik erkinlik berish bo‘ldi. Agar shu narsa to‘liq amalga oshsa, O‘zbekistondagi ilmiy izlanishlar olib borish tizimi AQShga yaqinlashadi.

Bir necha asrlar oldin dunyoda birinchi universitetlar tashkil topgan paytda ilmiy izlanishlar, tarix yozish ustidan monarxlar nazorat o‘rnatgan. Bundan tashqari, cherkov ham taqiqlar qo‘ygan ilmiy faoliyatga. Ana shundan ma’lum bo‘la boshlaganki: ta’lim va ilm bosimlarsiz rivojlanishi mumkin. 15-asrda akademik erkinlik tushunchasi kirib kelgan. 17-asrda esa Vilgelm fon Humbold Germaniyada shuni yo‘lga qo‘ygan.

Ikkinchi prinsip esa ilmiy ishlar natija asosida bo‘lishi. 18-asrga kelib ko‘pchilik Amerika universitetlari akademik erkinlikni yo‘lga qo‘ydi.

Universitetlar davlatga nisbatan avtonom bo‘lishi kerak. Ya’ni akademik erkinlik bo‘lib, ichki qoidalar, demokratik prinsiplar bo‘lishi kerak. Amerikada universitet ichida ham avtonomlik bor. Deylik, birorta ilmiy bo‘lim, laboratoriyaning o‘z budjeti, prinsiplari bor. Ishga olish jarayonida ham rektorlar ishga ololmaydi, maxsus komissiya ishga qabul qiladi. Ishdan olish ham xuddi shunday. Demokratiya mana shunday qiyin narsa. Bu yerda talabalar universitetning birinchi darajali odami. O‘qituvchi-xodimlar talabaga xizmat qiladi. Ularga ham akademik erkinlik berilgan.

Ilmiy xodimlar, professorlarga katta erkinlik mavjud. Qanaqadir konferensiya tashkil etish, chiqishlar qilish, ilmiy xulosa berish va shu kabi narsalarga hech kimdan ruxsat so‘rab o‘tirmaydi. O‘zbekistonda boshqacharoq, bir-birining ustidan nazorat qilib turadi, akademik erkinlik yo‘q. 30 yildan ortiq vaqt shu yerda ishlagan bo‘lsam, hali birorta vazir yo boshqa amaldor shunday dedi, qilish kerak, degan gapni eshitganim yo‘q.

Davlat aralashuvi bo‘lmaydi. Faoliyatni, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni bozor belgilab beradi. Davlat grant ajratib beradi, xolos, jarayonga, ilmiy faoliyatlarga aralashmaydi. O‘zbekistondagi ba’zi olimlar akademik erkinlik degani o‘zing mablag‘ topishing kerak deb tushunyapti. Yo‘q, unday emas, davlat pul beradi, lekin faoliyatga aralashmaydi. Amerikadagi xususiy sektor universitetlari ham davlatdan grantlari oladi.

Davlat aralashmasa, har xil nomaqbul ishlar bo‘ladi, deyishadi. Shuning uchun ham universitetlar ichida demokratik prinsiplar ishlashi kerak. Amerikada shunday. Ya’ni demokratiya yo‘q joyda akademik erkinlik bo‘lmaydi.

— O‘zbekistondagi ilmiy muhitda mana shunday akademik erkinlik va demokratik prinsiplarni joriy qilish uchun nima to‘sqinlik qilyapti?

— Menimcha, tarixiy omillar to‘sqinlik qilyapti. G‘arbda mana 200 yildan ortiq akademik erkinlik rivojlanib kelyapti. Sharqda esa bu narsa bo‘lmadi tarixda. Tarixan ta’lim va ilm kimningdir nazoratida bo‘lib keladi u yerda. G‘arbda universitetlarning erkinligi erkin fikrlashga olib keldi. Erkin fikrlash bu — katta narsa. Bu narsa demokratiyani rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. O‘rta Osiyoda akademik erkinlikning o‘zi yo‘q edi, boz ustiga esa ruslar bosib oldi, ular ham hech qachon bu narsa bo‘lmagan. Akademik erkinlik bo‘lmasligi jamiyat rivojiga salbiy ta’sir qiladi. Amerikada hatto maktablarda erkinlik bor. Erkinlik bo‘lmagan joyda iste’dodni ko‘rsatib bo‘lmaydi, shu bir tizimda ishlayveradi kishi.

Ta’lim va ilmni siyosiylashtirish bor edi sobiq ittifoqda. Va uning tarkibidagi barcha davlatlar fuqarolarida shu narsa shakllangandi. Masalan, sobiq ittifoq davrida gen teoriyasi masalasida ko‘p olimlar qamalib ketgan edi. Fan siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, davlatda erkin fikrlovchi ekspertlar paydo bo‘ladi. Shunday odamlar jamiyatni rivojlantiradi. Amerika universitetlarining prinsipi ham butun bashariyat muammolarini yechishga qaratilgan.

Sobiq ittifoqda iqtisodchilar gapirolmadi, siyosatchilar gapirolmadi, olimlar erkin bo‘lmadi va natijada inqirozga uchradi. Ittifoq tugagandan keyin ham shu vaziyat qolyapti. Chunki, mamlakatlarda erkin fikrlovchi mutaxassislar yo‘q. Siyosat yuritayotganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish uchun mamlakatda erkin fikrlovchi ekspertlar muhiti bo‘lishi kerak.

— Bu erkinliklar ko‘pincha mutaxassislarning moliyaviy mustaqilligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Chunki shaxsiy va oilaviy ta’minot inson uchun muhim. AQShda tibbiyot sohasidagi professor olimlarning daromadi qancha?

— Bu borada yashiradigan narsa yo‘q. Ochiq platformalar ham bor daromad statistikasi bo‘yicha. Oxirgi yillarda shunday bo‘lyaptiki, o‘qituvchilikda yillik daromad 100 ming dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Ilmiy ish qilinsa, bu daromad 2-3 barobar oshadi. Universitetlarga ham bog‘liq bu narsa. Universitetlarda loyiha, ilmiy ishlarning ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishi mumkin emas, kompaniyalarga sotiladi. Universitetlar doirasida olimlarda pulga qiziqib ketish bo‘lmasligi kerak, shu jihatdan bu to‘g‘ri deb bilaman.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

19-mart, 2023 yil

San-Fransisko shahri, Kaliforniya. AQSh

Mavzuga oid