Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagonning ichki hujjati: Xitoy AQSh dengiz ustunligiga qanday chaqiriq tashlamoqda?
Pentagon Xitoy qurolli kuchlari AQSh Dengiz kuchlarining hatto eng zamonaviy aviazarba guruhlariga ham qanday tarzda tahdid solishi mumkinligini yoritib berdi. Bu haqda Overmatch Brief deb nomlangan, sizib chiqqan ichki tahliliy yozmada aytiladi.
Foto: Getty images
Turli mojaro ssenariylarini kompyuter modellashtirishga asoslangan hujjat xulosasiga ko‘ra, Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi ko‘plab sharoitlarda AQShning “Jyerald R. Ford” turidagi eng yangi aviatashuvchilarni ishdan chiqarishi, hatto cho‘ktirishi ham mumkin. Bunda Pekin yagona bir qurol yoki yagona usulga suyanmasligi, aksincha, AQSh mudofaasini haddan tashqari yuklab, “bosib tashlash” uchun raketa zarbalari, kiberhujumlar va AQShning kosmik tizimlariga ta’sir ko‘rsatuvchi uyg‘unlashtirgan ko‘p pog‘onali kampaniyani ishga solishi ta’kidlanadi.
Tadqiqotda markaziy o‘rin kiber- va sun’iy yo‘ldoshga qarshi operatsiyalariga berilgan. Bahoga ko‘ra, Xitoyning AQSh razvedka, aloqa va navigatsiya sun’iy yo‘ldoshlariga qaratilgan hujumlari AQSh kuchlarining nishonlarni aniqlashi, manyovrlarni muvofiqlashtirishi va dengizdagi jang harakatlarini boshqarish qobiliyatini keskin pasaytiradi. Ishonchli kosmik qo‘llab-quvvatlashdan mahrum bo‘lgan aviatashuvchi zarba guruhlari qurollarni yo‘naltirish, yo‘l-yo‘riq belgilash va paluba aviatsiyasi operatsiyalarini tashkil etishda jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi — bu esa ularni keyingi zarbalar uchun ancha zaif qilib qo‘yadi.
Yozmada, shuningdek, Xitoyning kemalarga qarshi vositalari arsenali — ayniqsa yirik suv usti kemalarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan ballistik va gipertovushli raketalar tez o‘sib borayotgani ta’kidlanadi. Xususan, quruqlikdan uchiriladigan kemalarga qarshi ballistik raketalar DF-21D va DF-26, Xitoy esminetslari va suvosti kemalariga joylashtirilayotgan YJ-21 raketasi, shuningdek H-6 bombardimonchilari orqali uchirilishi mumkin bo‘lgan boshqa ballistik raketa variantlari tilga olinadi.
Tadqiqot mualliflari Xitoy raketa kuchlarining o‘zaro to‘ldiruvchi xususiyatini qayd etadi. Nisbatan arzon kemalarga qarshi raketalarni ommaviy qo‘llash orqali aviatashuvchi guruhning havo mudofaasi tizimlarini “to‘ydirish” va ularni “charchatish” mumkin. Shu bilan birga, ancha ilg‘or komplekslar aynan shu mudofaani yorib o‘tib, hal qiluvchi zarbalarni berishga mo‘ljallangan.
Tahlilchilar bahosiga ko‘ra, Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi allaqachon 600 tagacha gipertovushli raketaga ega bo‘lishi mumkin. Modellashtirishga ko‘ra, Xitoy kuchlari turli raketalar yalpi uchirilishini yo‘naltirish uchun sun’iy yo‘ldoshlar, radiolokatsiya stansiyalari va uchuvchisiz uchish apparatlaridan olinadigan nishon ko‘rsatish ma’lumotlarini muvofiqlashtirib ishlatishi mumkin. Umumiy hisobda, bu vositalar aviatashuvchi zarba guruhi atrofida o‘zaro “qoplashuvchi” zarba zonalarini hosil qiladi va AQSh kemalari vazifani bajarishga ulgurmasidan turib neytrallashtirilishi ehtimolini keskin oshiradi.
Pentagon hujjatning sizib chiqishi bo‘yicha rasman izoh bermagan, biroq undagi xulosalar AQSh mudofaa doiralarida Xitoyning Tinch okeani mintaqasida AQSh dengiz ustunligiga tobora chaqiriq tashlayotgani haqidagi xavotirlar oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
09:41
AQSh Suriyada IShID obektlariga zarba berdi
13:32 / 19.12.2025
AQSh Tayvanga eng yirik qurol-yarog‘ paketi yetkazib berishni rejalashtirmoqda
10:53 / 19.12.2025
AQSh Green Card dasturini vaqtincha to‘xtatib turadi
08:45 / 19.12.2025