Jahon | 08:38 / 01.12.2025
3522
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imkoniyatini “yaxshi” deb baholadi

Floridada AQSh va Ukraina vakillari uchrashuvidan so‘ng Donald Tramp Kiyev oldida «ayrim murakkab kichik muammolar» borligini aytdi, ammo shu bilan birga u urushni tugatish uchun kelishuvga erishishda «yaxshi imkoniyat» ko‘rayotganini ta’kidladi.

Foto: Alex Brandon/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni, 30 noyabrda, Floridada AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida o‘tgan muzokaralardan so‘ng Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish istiqbollariga nisbatan optimistik fikr bildirdi.

Oq uy rahbari prezidentlik samolyoti Air Force One bortida jurnalistlar bilan gaplashar ekan, Ukrainada «ayrim murakkab kichik muammolar» mavjudligini aytdi va ukrain davlat kompaniyasi «Energoatom» atrofidagi korrupsiya mojarosi mamlakatga «yordam bermayotgani»ni qayd etdi. Trampdan jurnalist tinchlik muzokaralariga bu holat ta’sir qiladimi, deb so‘raganida, u to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi, biroz vaqt o‘tib esa qo‘shimcha qildi: «Menimcha, kelishuv tuzishimiz mumkinligiga yaxshi imkoniyat bor».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShdagi muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga boshchilik qilgan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) kotibi Rustem Umerovdan hisobot olgach, uchrashuvni ijobiy ruhda izohladi.

«Muhimi shundaki, muzokaralarda konstruktiv dinamika bor va barcha masalalar Ukraina suvereniteti va milliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan holda ochiq muhokama qilindi. Qo‘shma Shtatlarga, prezident Tramp guruhiga va shaxsan unga urushni tugatish bo‘yicha qadamlarni belgilashga jonkuyarlik bilan vaqt sarflayotgani uchun minnatdorman. Biz ishni davom ettiramiz», — deb yozdi Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda.

Moskva va Kiyev o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvi shartlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan AQSh va Ukraina delegatsiyalari uchrashuvi 30 noyabr kuni Florida shtatidagi Shell Bay golf-klubi hududida bo‘lib o‘tdi. Ushbu klub AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoffga tegishli. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, muzokaralarda, jumladan, hududiy masalalar, Ukrainada saylovlar o‘tkazish muddatlari va boshqa murakkab jihatlar muhokama qilingan.

Muzokaralarda ishtirok etgan AQSh davlat kotibi Marko Rubio ularning natijasini «juda samarali» deb baholadi, biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish uchun yana ko‘p ish qilish kerakligini va RF «tenglama qismlaridan biri»ga aylanishi lozimligini ta’kidladi. «Biz Ukrainaga xavfsizlikni abadiy ta’minlashga yordam berishni istaymiz. Va shunchaki emas — biz u yerda haqiqiy farovonlikning yangi davri boshlanishini ham istaymiz», — dedi Davlat departamenti rahbari.

Umerov esa o‘z navbatida shunday dedi: «Tinchlikka erishish va pozitsiyalarimizni amerikalik sheriklarnikiga yaqinlashtirish yo‘lida sezilarli siljishlar bor». Uning ta’kidlashicha, «AQSh Kiyevni juda kuchli tarzda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid