O‘zbekiston | 17:47 / 08.09.2021
4609
3 daqiqa o‘qiladi

Data.egov.uz’ning yangilangan versiyasi sun'iy intellekt asosida ishlay boshladi

 Ochiq ma'lumotlar portalining yangilangan versiyasi sun'iy intellekt asosida ishlay boshladi. Unda davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini portal bilan integratsiya qilish funksiyasi mavjud.

Foto: e-gov.uz

AKT vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalining yangi talqini – data.egov.uz ishlab chiqilib ishga tushirildi. Bu haqda 8 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ochiq ma'lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun'iy intellekt asosidagi dasturiy ta'minotdan foydalanish uchun davlat va boshqa ma'lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etadi.

Bundan tashqari,

- ma'lumotlarni standartlashtirilgan shaklda yuritish, interaktiv xaritaga obektning geografik joylashuv ma'lumotlarini kiritish imkoniyati;

- ochiq ma'lumotlar to‘plamlarida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining ehtiyojlarini hisobga olish mexanizmi;

 - ochiq ma'lumotlar to‘plamlarini o‘z vaqtida joylashtirish va ularni yangilash ustidan avtomatik ravishda nazorat qilish imkoniyati;

- ma'lumotlar bilan ishlashda foydalanuvchilarga, jumladan, ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar;

- har bir ma'lumotga alohida takrorlanmas ID biriktirish hamda tegishli ma'lumotlarni joylashtirish, qayta ishlash, saqlash va izlashni uning yordamida amalga oshirish imkoniyati;

- ma'lumotlarni o‘z vaqtida yangilab borishning monitoring tizimi hamda muddatida joylashtirilmagan ma'lumotlar bo‘yicha vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetiga xabar jo‘natish imkoniyati;

- ma'lumotlarni onlayn tarzda yangilab borishni yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini portal bilan integratsiya qilish funksiyasi mavjud.

“Xalqaro ekspertlarni jalb qildik, ochiq aytinglar portal haqida, qanday kamchiliklar bor, dedik. Ular portal umuman talabga javob bermasligini, ma'lumotlar kamligini aytdi. Avval 60ta vazirlik va idoradan ma'lumot olinardi, endi bu 88 taga yetdi, kelgusida 127 taga yetkazamiz. Ish to‘liq yakunlangach, portal data.gov.uz bilan to‘liq integratsiya qilinadi, juda katta ma'lumot manbayiga aylanadi”, – dedi Statistika qo‘mitasi  boshqarma boshlig‘i Akrom Sultonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid