O‘zbekiston | 19:54 / 20.01.2020
48261
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi va uning o‘rinbosarlari saylandi

Yangi tarkibdagi Oliy Majlis Senatining ilk yalpi majlisida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Majlisda qatnashayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev Senat raisi lavozimiga Tanzila Norboyeva nomzodini taklif etdi.

«Tanzila Norboyevaning tajribasi, qattiqqo‘lligi, masalani joylarga borib hal qilishi menga yoqadi. Tanzila Norboyeva ham o‘zi ishlayapti, ham o‘z komandasini ishlatyapti.  Hozirgi sharoitda eng munosib nomzod», – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi uchun Sodiq Safoyev nomzodini taqdim etdi. «Sodiq Solihovich O‘zbekiston obro‘yini tashqi davlatlarga yetkazish bo‘yicha ko‘p harakatlar qilyapti», – deya qayd etdi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Senat raisi o‘rinbosarligi uchun Musa Yerniyazov va Zayniddin Nizomxo‘jayev nomzodlarini ilgari surdi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, taqdim etilgan nomzodlarning barchasi lavozimga saylandi.

Ma'lumot uchun, Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Senatiga rais bo‘lgan ilk ayol sanaladi. U 2019 yil 21 iyunida bu lavozimni egallagan, 22 dekabrdagi saylovlarda esa Toshkent shahar deputatligiga saylangan edi. Faoliyati davomida xalq ta'limi sohasida, Vazirlar Mahkamasi va Xotin-qizlar qo‘mitasida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

Sodiq Safoyev esa O‘zbekiston parlamenti ikki palatali tizimga o‘tgan 2005 yildan buyon uzluksiz ravishda senator sifatida ishlab kelmoqda. U hozirgacha o‘tgan to‘rtta saylovda ham Senat a'zoligiga prezident tomonidan tayinlangan, uchta chaqiriqda yuqori palataning tashqi siyosat qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

2016 yilda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, yangi ta'sis etilgan Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini Safoyev egallagan edi. Sodiq Solihovich turli yillarda prezident apparati bo‘lim mudiri, elchi, tashqi ishlar vaziri, prezident maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori sifatida ishlagan.

Musa Yerniyazov 2002 yil may oyidan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi sifatida ishlab kelyapti. U bu lavozimga to‘rt marotaba qayta saylangan.

Bundan oldin Qoraqalpog‘iston SSR Uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ministrlar Sovetining O‘zbekiston SSR Ministlar Kabinetidagi doimiy vakili, Qoraqalpoq davlat regional bazasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, Chimboy tumani hokimi kabi lavozimlarda ishlagan.

Zayniddin Nizomxo‘jayev – tibbiyot fanlari doktori. U avvalgi chaqiriq Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasini boshqargan edi.

Mavzuga oid