Jahon | 19:56 / 21.04.2026
5748
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning bayonotlari nega bir-biriga zid bo‘lib chiqadi?

Donald Tramp goh Eronga «tamaddun halokati» bilan tahdid qiladi, goh yarashishga urinadi. The Wall Street Journal nashri u o‘z harakatlarini hech kim bilan kelishmasligi va bu Oq uyda chalkashliklarga olib kelishi haqida hikoya qildi.

Foto: Roberto Schmidt / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi urush boshidan buyon qat’iy va murosasoz yondashuv o‘rtasida qolmoqda. Bir tomondan, u Hark oroliga desant tushirish kabi yo‘qotishlar ehtimoli yuqori bo‘lgan amaliyotlardan tiyilmoqda, boshqa tomondan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘z maslahatchilari bilan kelishmagan holda qat’iy va hissiyotga boy ultimatumlar qo‘ymoqda. Bu esa Oq uyning o‘zida ham xaosga va hatto uning tarafdorlari o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga olib kelmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal Tramp ma’muriyatidagi turli manbalar bilan suhbatlarga asoslanib.

Masalan, Trampning Pasxa kuni e’lon qilgan va «la’nati bo‘g‘oz»ni ochishga chaqiruvchi, «Allohga hamd bo‘lsin» iborasi bilan yakunlangan posti nufuzli xristianlar va respublikachi senatorlar orasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Ular Oq uyga qo‘ng‘iroq qilib, prezident nima uchun xristian bayramida bu iborani tilga olganini hamda uyatli so‘z ishlatganini aniqlashga harakat qilishgan.

WSJ nashri yozishicha, Tramp keyinroq maslahatchilaridan biriga Alloh nomini tilga olishni o‘zi o‘ylab topgani, chunki iloji boricha beqaror ko‘rinishni xohlaganini – bu eronliklarni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qila olishiga ishonganini aytgan. U Tehronga shunday til tushunarli deb o‘ylagan.

WSJ aniqlashicha, Trampning Eron kelishuvdan bosh tortgan taqdirda, «butun tamaddun halokatga yo‘liqishi» bilan tahdid qilingan keyingi posti ham improvizatsiya edi. Prezident maslahatchilari fikricha, u bu orqali eronliklarni qo‘rqitish va mojaroni yakunlashni ko‘zlagandi.

Trampning urushni boshlash haqidagi qarorining o‘zi uni yaxshi bilganlarning ko‘pchiligini ajablantirgan, deya yozadi nashr. AQSh prezidenti bu qarorni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda harbiy maslahatchilari bilan maslahatlashuvlardan keyin qabul qilgan. U Venesueladagi operatsiyaning muvaffaqiyatiga ishora qilib, bu ishda harbiylarga ishonishini bildirgan – o‘shanda amerikaliklar bir necha soat ichida prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Yaqin Sharqdagi amaliyotni boshlashdan oldin AQSh prezidenti jamoatchilikni Eron bilan urush zarurligiga ishontirish uchun ko‘p ish qilmadi, deya qayd etadi WSJ. Shu bilan birga, urush shu yil kuzida kongressga bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi nomzodlarining reytingiga putur yetkazayotgani ma’lum bo‘lgach, uning hafsalasi pir bo‘lgan.

Prezidentlikka qayta saylanish huquqiga ega bo‘lmagan Tramp o‘zi uchun Erondagi operatsiyaga dunyo tartibotini o‘zgartirish va tarixga kirish imkoniyati sifatida qaragan. «Agar biz hammasini to‘g‘ri qilsak, dunyoni saqlab qolamiz», – deya uning so‘zlarini keltiradi WSJ manbalaridan biri.

Urush boshidan beri Trampning barcha asosiy yordamchilari unga ijtimoiy tarmoqlarda hech kim bilan kelishmasdan beradigan bayonotlarini cheklashni tavsiya qilishgan, chunki bunday postlar uning siyosatidagi nomuvofiqliklarni jamoatchilikka yana bir bor ko‘rsatib qo‘yadi.

Ayrim maslahatchilar prezidentga mamlakatni Oq uyning harakat rejasi borligiga ishontirish uchun millatga murojaat yo‘llashni tavsiya qilishgan. Tramp anchagacha bundan bosh tortib kelgan, ammo 1 aprel kuni baribir shunday murojaat bilan chiqish qilgan va AQSh allaqachon muvaffaqiyat qozongani, «tez orada» oldinga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishilishini ma’lum qildi. Bu nutq prezidentni qo‘llab-quvvatlash darajasini oshira olmadi – chunki unda AQSh urushdan qachon va qanday chiqishni rejalashtirayotganiga oydinlik kiritilmagandi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi Trampning hafsalasini yanada pir qilgan. Urush boshlanguniga qadar u Eron bo‘g‘ozni yopishga ulgurmasdan taslim bo‘lishi, agar bo‘g‘ozni yopishga harakat qilgan taqdirda ham amerikalik harbiylar bunga yo‘l qo‘ymasligiga ishongan.

Bo‘g‘oz yopib qo‘yilganida esa Tramp Eron buni bu qadar osonlik bilan uddalaganidan qattiq ajablangan. Keyin u yana ikkilana boshlagan – ittifoqchilardan qo‘llab-quvvatlov talab qilish hamda AQShni hech kimning yordamiga muhtoj bo‘lmagan kuch sifatida namoyish etish o‘rtasida. Mart oyi oxiriga kelib u o‘z maslahatchilariga Eron bilan muzokaralarni boshlashga topshiriq beradi.

Nashrning yozishicha, Amerika prezidentining impulsiv uslubi ilgari hech qachon uzoq davom etgan harbiy mojaro paytida sinovdan o‘tmagandi. Yanvar oyida Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyotdagi muvaffaqiyat Trampning o‘z harakatlari to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagandi.

Shu bilan birga, urush davom etarkan, Tramp tez-tez prezident Jimmi Karterni esga ola boshladi, uning davrida 1980 yili Tehrondagi elchixonadan garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchragandi – u Eron bilan urush o‘zi uchun siyosiy falokatga aylanishi mumkinligidan xavotirga tushib qolgandi.

Aprel oyi boshida eronliklar Amerika harbiy samolyotini urib tushirib, ikki uchuvchi bedarak yo‘qolganida prezident «o‘z yordamchilariga soatlab baqiradi», deya yozadi WSJ. Qutqaruv amaliyoti vaqtida maslahatchilar Trampni har daqiqada yangilangan ma’lumotlar kelib turadigan shtab xonasiga kiritishmagan – ular prezidentning sabrsizligi amaliyotga faqat xalaqit beradi deb hisoblashgan va unga faqat amaliyotdagi eng muhim bosqichlar haqida axborot yetkazib turishgan.

Trampning bayonotlaridagi chalkashlik bilan bog‘liq xuddi shunday vaziyat Eron bilan muzokaralar borasida ham kuzatilmoqda. AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uols va energetika vaziri Kris Rayt Pokistondagi muzokaralarda delegatsiyaga vitse-prezident Jyey Di Vens boshchilik qilishini tasdiqlagan bir vaqtda Tramp buning aksini ta’kidlab, Vens «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» Islomobodga bormasligini aytdi. Nashrning yozishicha, uning so‘zlari «Oq uyda xaos keltirib chiqardi» va rasmiylar jurnalistlarni delegatsiyaga aynan Vens rahbarlik qilishiga yana bir bor ishontirishga majbur bo‘lishdi.

Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli The Washington Post uchun bergan izohida bunday ziddiyatlar uchun javobgarlikni jurnalistlari avval Trampga qo‘ng‘iroq qilib, keyin «olgan javoblaridan shikoyat qiladigan» «qonxo‘r OAV»ga yuklagan. U Tramp «jurnalistlarga mamnuniyat bilan o‘ziga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan tarixdagi eng ochiq prezident» ekanini ta’kidlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid