O‘zbekiston | 13:30 / 24.01.2020
49105
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi mustaqil organ tashkil etiladi - Prezident

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida qonun ustuvorligini ta'minlash va korrupsiyaga qarshi qat'iy kurashish bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdi. Nutq davomida Parlament va Prezidentga hisobdor bo‘lgan korrupsiyaga qarshi mustaqil organ tashkil etilishi bo‘yicha taklif berildi.

«Afsuski, jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda.

Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.

Tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotgani, Prezident nomiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar ham, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a'zolari, ta'bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.

Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak.

Ushbu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etishni taklif etsam, sizlar nima deysizlar?!

Prezident Administratsiyasi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli Farmon loyihasini ishlab chiqsin», dedi prezident.

Mavzuga oid