Jahon | 08:33 / 13.11.2025
3034
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada korrupsiya mojarosi: “Energoatom”da iste’folar

Ukraina Vazirlar Mahkamasi “Energoatom” vitse-prezidenti Yakob Xartmutni va davlat kompaniyasining yana bir necha top-menejerlarini zudlik bilan ishdan chetlatdi. Bosh vazir Yuliya Sviridenko qaror NABU materiallari asosida qabul qilinganini ma’lum qildi.

Yakob Xartmut Foto: energoatom.com.ua

Ukraina hukumati “Energoatom” davlat kompaniyasi boshqaruv hay’ati a’zosi, vitse-prezident Yakob Xartmutni ishdan vaqtincha chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu qaror Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) taqdim etgan materiallar asosida qabul qilingani haqida 12 noyabr kuni mamlakat bosh vaziri Yuliya Sviridenko Telegram’da yozdi.

Hukumat, shuningdek, “Energoatom” boshqaruvi raisi v.b.ga kompaniya prezidentining bosh maslahatchisi Dmitriy Basovni (unga allaqachon gumonnoma taqdim etilgan) hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tekshirayotgan jinoyatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan xodimlarni vaqtincha lavozimdan olib turishni topshirdi. Jumladan, bu ro‘yxatda moliya va budjetlashtirish direktori, huquqiy ta’minot direktori va “Markazlashgan xaridlar” alohida bo‘linmasi rahbari borligi aniqlandi, dedi Sviridenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar NABU tergovi davomida boshqa xodimlarning ham jinoiy faoliyatga aloqadorligi aniqlansa, boshqaruv raisi v.b. ularni ham chetlatishi va bu shaxslar bo‘yicha tergovga to‘liq ko‘mak berishi shart.

Bundan oldinroq, 12 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “Energoatom”da korrupsiya tekshiruvlari fonida mamlakat adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukni lavozimidan ozod etishni talab qilgan edi. Ular darhol iste’fo arizalarini topshirdi, deb xabar berdi Sviridenko va bu masala bo‘yicha taklifni Oliy Radaga kiritganini ma’lum qildi. Deputat Yaroslav Jyeleznyakka ko‘ra, masala yuzasidan ovoz berish 18 noyabr kungi majlisda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Keyinroq Sviridenko o‘z Telegram-kanalida navbatdan tashqari yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashiga (MXMK) Zelenskiyning safdoshi, “Kvartal 95” studiyasi egasi Timur Mindich hamda moliyachi Aleksandr Tsukermanga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini kiritganini yozdi. Ikkalasi ham “Energoatom” ishida tintuvlardan sal oldin mamlakatni tark etgan.

NABU va Ixtisoslashgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) shu hafta boshida “Energoatom”da katta korrupsiya sxemasi fosh etilganini ma’lum qildi. 10 noyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Galushchenko va Mindichga tegishli joylarda, shuningdek “Energoatom”ning o‘zida tintuvlar o‘tkazdi.

NABU bayonotiga ko‘ra, “jinoiy tashkilotning asosiy faoliyati yo‘nalishi ‘Energoatom’ kontragentlaridan shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida muntazam noqonuniy daromad olish bo‘lgan. Xususan, kontragentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar/yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni bloklashdan qochish yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik sharti bilan ‘otkat’ to‘lash talabi qo‘yilgan”.

11 noyabr kuni Ukraina hukumati “Energoatom” kuzatuv kengashining vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Iqtisodiyot vazirligi xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuvlar yakunlariga ko‘ra, bir hafta ichida hukumat tasdiqlashi uchun yangi tarkibni taqdim etadi. Yangilangan kengashning vazifasi “rahbariyatni tezkor qayta ishga tushirish, kompaniyada to‘liq audit o‘tkazish va ehtimoliy korrupsiya holatlarini tergov qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga har tomonlama yordam berish”dan iborat bo‘ladi, deya ta’kidladi Sviridenko.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid