Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Ekologik omillarni deb buyog‘iga bemorlar soni ortaveradi" - Toshkentning iflos havosiga yechim bormi?
Kun.uz Toshkentning inson salomatligiga zararli iflos havosi yuzasidan yana mutaxassislarga quloq tutdi. Ekovazirlik 2024 yilning yanvarida kechiktirib bo‘lmaydigan takliflar berib, hukumat qarorini chiqartirgan edi. AI-80 benzinidan voz kechilmoqda, korxonalar yil oxirigacha changni filtrlash uskunalarini o‘rnatish topshirig‘ini olgan. Biroq, vaziyat hamon jiddiy, Toshkent 1-o‘rinda. Shifokorga ko‘ra, ekologik omillarni deb buyog‘iga bemorlar soni ortaveradi.
O‘zbekistonning poytaxti dunyo havo sifati reytingida muntazam yetakchi o‘n shaharlardan biri. Oxirgi 2 yilda Toshkent 4 marta eng iflos shahar deb topilgan. Suhbatda qatnashganlar yildan yilga Toshkent havosi sifati inson organizmi, uning salomatligi va kundalik turmush tarzi uchun xavfli tus olib borayotganini bir ovozdan tasdiqladi. Ekologiya vazirligi vakili Nozimbek Nosirovga ko‘ra, 2024 yilda e’lon qilingan kechiktirib bo‘lmas takliflar ortidan hukumat qarori ham qabul qilingan.
Anashu hujjatdan kelib chiqqan holda 75 ta sanoat korxonasida 140 dan ortiq chang filtrlash uskunlari modernizatsiya qilingan. Qolgan tadbirkorlik muassasalariga ham bu bo‘yicha dedlayn berildi. Yuk mashinalariga esa ma’lum soatlardan keyin Toshkentga kirmaslik belgilangan. AI-80 markali benzindan to‘liq voz kechilmoqda. Lekin ekologik vaziyat og‘irligicha qolmoqda, agar rostdan ham choralar ko‘rilgan bo‘lsa, nega yana havo iflos, degan savol o‘rinli.
Havo sifatini monitoring qilish bo‘limi vakili Nosirovning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi nosog‘lom havoga tabiiy changlar sabab bo‘lmoqda.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning fikricha, Ekologiya vazirligi Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida qonun talablarini bajarishi kerak. Masalan, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillar ta’sirida odamlar joni va mol-mulki zarar ko‘rsa, kompensatsiya to‘lanishi belgilangan. Xalq bundan xabardor bo‘lib, hujjatni amalda ishlatishi kerak.
Toshkent aholisi o‘rtasida havo toza, nimasi iflos, deydiganlar ham topiladi. Mutaxassisning javob berishicha, faqat chang emas, ko‘zga ko‘rinmas kimyoviy birikma va turli zarrachalar ham atmosferani zaharlamoqda, buni inson nafas olib, his etishi qiyin bo‘lishi mumkin.
“Havoning ifloslanishi deganda, faqat fizik emas, ko‘zimizga ko‘rinmaydigan biologik ifloslanish ham tushuniladi. Masalan, gul changlari, zamburug‘ sporalari yoki kimyoviy zaharli moddalar. 1970 yildan hozirgacha beshta shahrimiz eng ifloslari bo‘lib kelmoqda: Angren, Farg‘ona, Navoiy, Olmaliq va Toshkent. Atmosfera ifloslanish indeksi havodagi zaharli moddalar og‘irligidan kelib chiqadi. So‘nggi yillarda esa poytaxt Toshkent havosi iflos 25 shahar Ichida 1-o‘ringa chiqib qoldi. Bu kishilar salomatligida muammo tug‘diruvchi havo edi, poytaxt Angren va Olmaliqdan ham o‘tib ketgan”, deydi Erkin Abdulahatov.
Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshevning aytishicha, Toshkentdagi eng katta muammo – chang. Suv kamligi va namlik pastligi sabab chang yanada ko‘paymoqda. Katta-katta loyihalarni xalqqa uqtirishdan avval kichik masalalar, masalan ko‘tarilayotgan changni bostirishga ham harakat qilinmayotgani achinarli.
“Toshkent O‘zbekiston bo‘yicha eng katta qurilish maydoni ekan, yaqinda o‘rganib chiqdim. Nega katta ishlarni aytamiz, ular ham qilinmaydi, yashirilmaydi. Mayda ishlar esa asosiy sababchi bo‘lganini inkor qilamiz. Nega ko‘tarilgan chang bostirilmaydi? Masalan, Yangi Toshkent tomonda daraxtlar qurib qolgan, Toshkentning o‘zida qurimaganku? Nega ekovazirlik qo‘limizdan keladigan imkoniyatdan ham foydalanmaydi? Katta zavodga filr o‘rnatish albatta vaqt oladi, lekin ko‘chadagi changni bostirish katta ish emasku?”,- deydi etnopsixolog Yo‘ldoshev.
Suhbatda qatnashgan allergolog-pulmonolog Sherali Massavirov fikricha, bundan buyog‘ida ekologiyani deb bemorlar soni ortaveradi.
“Havodagi barcha birikmalar nafas yo‘llariga tushadi. Juda ham mayda bo‘lgan zarrachalar juda og‘ir oqibatlarga olib keladi, og‘iz-burun bo‘shlig‘idagi kasalliklardan tortib o‘pkagacha kasallik keltirib chiqaradi. Chang deganda faqat qumni emas, kimyoviy birikmalarni ham tushunish kerak. O‘zi hozirgi sharoitda mavsumiy jihatdan kasallar ko‘p, bunga ekologik omillar qo‘shilsa, bemorlar soni yanada oshadi”, deydi Massavirov.
Suhbatdoshlar fikricha, hech qachon iqtisodiyot odamlar sog‘lig‘idan ustun bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri, tadbirkorlar – iqtisodiyot ustuni va asosiy ish o‘rni yaratuvchilar bo‘lishi mumkin, lekin aholining salomatligi – davlat rivojini ham belgilab beradi.
Suhbatni Kun.uzning YouTube sahifasida, jonli efirlar bo‘limidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:32
Eko-stiker rangi hududga mos kelmasa haydovchi jazolanadi
12:35 / 20.12.2025
Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda – qurilish vaziri
13:59 / 18.12.2025
Toshkent shahriga kirish joylarida avtoturargohlar quriladi
12:53 / 18.12.2025