O‘zbekiston | 23:23 / 13.05.2022
26484
25 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi: Yangi 5 yillik islohotlar rejasi

Xalq ta’limi sohasida keyingi besh yilda 1,9 millionta o‘quvchi o‘rni yaratish, ta’limda zamonaviy metodikalarga o‘tish, bitiruvchilar attestatsiyasini DTMga o‘tkazish, o‘qituvchilar saviyasiga talablarni kuchaytirish, maktablarga qisman moliyaviy va akademik mustaqillik berish, maktablarni akkreditatsiyalash, direktorlarni sertifikatsiyalash, bolalarni kasbga yo‘naltirish va boshqa o‘zgarishlar kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

12 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” farmon  va “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

2026 yilgacha 1,9 millionta o‘quvchi o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda

2022-2026 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash hisobiga 1,2 million o‘quvchi o‘rni miqdoridagi yangi quvvatlar yaratish vazifasi qo‘yildi.

Xuddi shu yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy o‘rta ta’limda yana 700 ming o‘quvchi o‘rni miqdoridagi yangi quvvatlar yaratilishi belgilandi.

Maktablarga internet, kompyuterlar va ustaxonalar

2022 yil 1 sentabrga qadar 2023-2024 yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha dastur Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan yuqori bo‘lganlarda kamida 100 Mbit/s bo‘lishi ta’minlanadi.

Maktablarni yuqori tezlikdagi internetga ulash uchun zarur mablag‘larni ajratish vazifasi hokimlarga yuklatildi.

2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Bu xonalarni bosqichma-bosqich tashkil etish va jihozlashga hokimlar mas’ul bo‘ladi.

11-sinflardan yakuniy attestatsiyani DTM oladi

2024 yildan boshlab umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini Davlat test markazi tomonidan imtihonlar shaklida o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning bu boradagi qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasiga 2022 yil 1 sentabrgacha kiritilishi zarur.

Maktab binolarini sotib yuborish taqiqlandi

Qaror bilan, Xalq ta’limi vazirligining ta’lim berishga mo‘ljallangan binolari va inshootlarini ta’lim sohasidan tashqari boshqa maqsadlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarga berish taqiqlandi.

XTVning ta’lim berishga mo‘ljallangan, bo‘sh turgan bino-inshootlarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga berish ular joylashgan hududning kamida 5 yillik demografik ko‘rsatkichlarini inobatga olib, xalq ta’limi vazirining roziligini olgan holda amalga oshiriladi.

Pedagoglar tayyorlash va qayta tayyorlash

Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari (Pedagogika markazlari) tashkil etildi.

A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi.

Pedagog kadrlarni kompetensiyalarga asoslangan va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalar bo‘yicha o‘qitish amaliyoti joriy qilinadigan bo‘ldi. Bu zamonaviy metodikalarni joriy qilishda:

— 2022 yil 1 sentabrga qadar Pedagogika markazlariga aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi;

—  2022 yil 1 iyulga qadar Pedagogika markazlari huzurida xorijiy mutaxassislar, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari hamda Pedagogika markazlarining malakali xodimlaridan iborat bo‘lgan trenerlar guruhlari shakllantiriladi;

—  2022 yil yakuniga qadar trenerlar guruhlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda kamida 20 foiz umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagoglar uchun zamonaviy metodikalarga asoslangan sayyor o‘quv mashg‘ulot va seminar-treninglar o‘tkaziladi;

— pedagog kadrlarning malakasini oshirishga bevosita jalb qilingan trenerlarga ularning ish faoliyati natijasiga qarab, oylik ish haqiga 100 foizgacha miqdorda qo‘shimcha ustama haq to‘lab boriladi;

—  2022 yil yakuniga qadar maktab o‘qituvchilari uchun “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasida pedagogik faoliyatdan ajralmagan holda amalga oshiriladigan qo‘shimcha individual malaka oshirish kurslari joriy etiladi;

— zamonaviy metodikalarga asoslangan ta’lim dasturlari va darsliklarni xarid qilish hamda umumiy o‘rta ta’lim tizimiga joriy qilish choralari ko‘riladi;

— 2022 yil 1 avgustga qadar malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda TDPU hamda Pedagogika markazlarining o‘quv-rejalari va dasturlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi hamda xalqaro talablar asosida takomillashtiriladi;

— 2023 yil 1 sentabrga qadar Respublika ta’lim markazi hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan birgalikda ta’lim jarayonini Milliy o‘quv dasturi asosida tashkil etishga qaratilgan metodikalar ishlab chiqiladi; ushbu metodikalar umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, pedagogika yo‘nalishidagi professional va oliy ta’lim muassasalari hamda Pedagogika markazlarida joriy qilinadi;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab TDPUning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida (darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni maktabda amaliyot o‘tash tartibida) olib boriladi;

— TDPU talabalarining amaliyotlari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan birga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham tashkil etiladi;

— TDPUda o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘qituvchilarning bilim darajasini baholashning yangi tizimi

2023 yil 1 avgustga qadar, ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda, pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar bu baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi sertifikatsiyadan o‘tkaziladi.

O‘qituvchilarga yangi ustamalar

2022 yil 1 sentabrdan boshlab, XTV tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:

a) umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:

  • xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida. Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
  • xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlanmagan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo‘yicha sertifikatlar bundan mustasno);

b) xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlanmagan DTMning milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:

  • 2025 yil 1 yanvarga qadar – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi;

v) har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi;

g) umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.

2012 yil 10 dekabrdagi PQ-1875-son qarorga muvofiq chet tili fani o‘qituvchilariga 30 va 15 foiz miqdorida ustama olish huquqini beradigan ma’lumotnomalar berish amaliyoti tugatildi.

Ma’lumotnoma olgan o‘qituvchilarning ustamalari, ushbu ma’lumotnomalar amal qilish muddati davomida saqlab qolinadi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab XTV tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.

Maktabga ishga kirish uchun ariza onlayn beriladi

2022 yil 1 sentabrga qadar fan o‘qituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portal yaratiladi.

Maxsus elektron portalda amaldagi hamda istiqbolda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, shuningdek, vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va fanlar kesimida joylashtirish orqali milliy kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Qisman akademik erkinlik

Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish, shu jumladan, davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv dasturlariga o‘zgartirish kiritish hamda darsliklarni tanlashga (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) ruxsat etildi.

Bir oy muddatda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish tartibi XTV tomonidan tasdiqlanadi. Ikki oy muddatda xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari ro‘yxati shakllantirilib, XTV rasmiy saytiga joylanadi.

Vazirlik o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilishga ko‘maklashadi, shu jumladan, ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borib, dasturlarni sotib olish va amaliyotga tatbiq etish uchun zarur mablag‘larni ajratadi.

Xalq ta’limi vazirligidan tashqari boshqa vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta ta’limning o‘quv-rejalari va dasturlariga o‘zgartirish kiritish va maktablarda yangi fan joriy qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish taqiqlandi.

Vazirlar Mahkamasiga vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandda nazarda tutilgan taqiqqa amal qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Qisman moliyaviy erkinlik

2022 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar rahbarlariga budjetdan tashqari mablag‘larini mustaqil tasarruf etish huquqi beriladi;
  • 2025 yil 1 yanvarga qadar xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;
  • qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishdan tushgan budjetdan tashqari mablag‘larni yashirgan, shuningdek, xodimlarga norasmiy ish haqi to‘lagan xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan pedagoglarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va malakali xodimlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi tashkil etiladi.

2022 yilda jamg‘armaga davlat budjetidan 300 milliard so‘m ajratiladi.

Darsliklar va Milliy o‘quv dasturi

Farmonga asosan, 2024 yil 1 sentabrga qadar Milliy o‘quv dasturining ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishi lozim. Shu jumladan, 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7– va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9– va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalar yaratilishi zarur.

Maxsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va boshqalar) orqali:

  • 2022 yil yakuniga qadar yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlari yaratiladi;
  • 2022 yil 1 sentabrga qadar 3-, 6-, 7– va 10-sinf o‘qituvchilari Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi.

Maktab direktorlari sertifikat olishi talab qilinadi

2022 yil 1 dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejyerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejyerlik sertifikatini olish uchun Milliy-tadqiqot institutida maxsus pullik dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitiladi;
  • o‘qitish yakuni bo‘yicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va ko‘nikmalari baholanadi hamda natijasi bo‘yicha menejyerlik sertifikati beriladi;
  • maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejyerlik sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etiladi;
  • maktab direktorini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimdan ozod etish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishish talab etilmaydi.

Maktablar ham attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tadi

2023 yil 1 yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bunda, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida o‘tishi mumkin.

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari quyidagi tartibda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi:

  • faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – amaldagi akkreditatsiya sertifikatining muddati tugaganidan so‘ng 11 yil muddatga;
  • yangi tashkil etiladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – ular tashkil etilgan paytdan boshlab (belgilangan tartibda litsenziya olgan paytdan boshlab11 yil muddatga.

Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringi joriy etiladi. Bunda:

  • monitoring natijalariga ko‘ra ta’lim sifatida pasayish kuzatilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining faoliyati alohida rejaga muvofiq joyiga chiqqan holda o‘rganiladi;
  • joyiga chiqib o‘rganish natijasi bo‘yicha davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti uchun faoliyat samaradorligini yaxshilash bo‘yicha “yo‘l xarita”si ishlab chiqiladi;
  • “yo‘l xarita”sida belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida va lozim darajada bajarilishi uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tuman (shahar) hokimliklari va xalq ta’limi bo‘limlari ko‘mak ko‘rsatadi.

Uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori bo‘lgan davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).

Maktablarning ichki tartib-qoidalari yangilanadi

2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi ichki tartib va odob-axloq qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi va ularda maktab va ota-onaning bola tarbiyasidagi o‘rni va mas’uliyatini, ularning ta’lim va tarbiya jarayonidagi ishtiroki hamda majburiyatlari belgilanadi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab, maktab o‘quvchilari ota-onalari “my.maktab.uz” axborot tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishtirib boriladi.

Bir oy muddatda Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi tasdiqlanadi.

Bolalarni kasbga yo‘naltirish boshlang‘ich sinflardan boshlanadi

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘quv rejaga kiritilgan fanlar doirasida mehnat bozorida mavjud bo‘lgan turli kasblar to‘g‘risida tushunchalar berib boriladi.

Kasb egalarining mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida 5-7-sinf o‘quvchilari uchun turli uchrashuv va sayyor darslar tashkil etiladi.

7-9-sinf o‘quvchilarining kasbga moyilligini aniqlash bo‘yicha tashxislar o‘tkazib boriladi hamda natijalaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandchilik markazlari va boshqa tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil qilinadi.

Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va o‘sish nuqtalariga muvofiq maktab o‘quvchilari uchun ustuvor kasblar belgilanadi hamda 10– va 11-sinf o‘quvchilarini ushbu kasblarga, shu jumladan, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarida o‘qitish choralari ko‘riladi.

Namunali maktablar reytingi yuritiladi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar va mahalla raislari mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 sentabrdan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.

Reyting doirasida har o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholab boriladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

Reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab reytingda “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:

  • ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari, mashhur san’atkor, sportchi va aktyorlar, taniqli blogerlarni jalb qilgan holda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar, motivatsion suhbatlar va mahorat darslari tashkil etiladi;
  • maktab o‘quvchilari uchun “Vatanparvarlik” darslari va poligonlarda 2 kunlik harbiy dala mashg‘ulotlari o‘tkaziladi hamda ularni chavandozlar maktablariga jalb qilish choralari ko‘riladi; harbiy qism ofitserlari, serjantlari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida davra suhbatlari tashkil qilinadi;
  • o‘quvchilarning me’moriy va tarixiy obidalar, madaniyat muassasalari hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga tashrifi uyushtiriladi;
  • o‘quvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqib sport musobaqalari, konsert tomoshalari va san’at asarlari ko‘rgazmalari o‘tkaziladi;
  • buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosi, ularning ibratli hayot yo‘li hamda jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissalariga oid targ‘ibot ishlarini olib borsin, ulug‘ allomalarning tug‘ilgan sanalariga bag‘ishlangan ilmiy haftaliklar, seminar va anjumanlar tashkil etiladi;
  • hayotiy misollar asosida ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi o‘rni, majburiyati va mas’uliyati haqida tushuntirish ishlari olib boriladi, ularni qiziqtirgan va xavotirga solayotgan masalalar bo‘yicha ochiq muloqotlar hamda o‘quv-seminarlarni tashkil etiladi.

Har chorakda namunali o‘quvchilarning ota-onalarini rag‘batlantirish, ularga “minnatdorchilik xati”ni topshirish va sovg‘alar taqdim etish, shuningdek, faoliyatini OAVda yoritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Maktablar ta’minoti – hokimlar yelkasida

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga quyidagilar yuklandi:

  • hududiy dasturlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash;
  • har chorakda hududiy dasturda belgilangan vazifalar ijrosini hududiy kengash sessiyalarida muhokama etib borish hamda Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha milliy kengashga bu haqda axborot kiritilishini ta’minlash;
  • hududdagi xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash;
  • xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;
  • xalq ta’limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash;
  • tumanlar (shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish;
  • xalq ta’limi muassasalari hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun investitsiyalarni va homiylik yordamini jalb qilishga ko‘maklashish;
  • xalq ta’limi muassasalariga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;
  • o‘qituvchi kasbi maqomi va obro‘sini oshirish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik va faoliyatiga aralashmaslik;
  • o‘quvchilar ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini va milliy qadriyatlarni singdirish, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-odatlar, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganishlari uchun sharoitlarni yaratishda sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlarni keng jalb etish;
  • soha xodimlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagoglarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi shaxsiy hissasi, o‘quvchilarni har tomonlama yetuk avlod etib tarbiyalashdagi mas’uliyatlarini his etishlari uchun targ‘ibot va tushuntirishlar olib borish;
  • rahbar va pedagog kadrlar tomonidan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni, sohada joriy qilinayotgan yangiliklarni yanada kengroq targ‘ib etilishi, o‘quvchilarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishlari uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning bilimi va tafakkurini oshirish maqsadida xalq ta’limi yo‘nalishidagi bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga yetkazib berishni ta’minlash.

Mavzuga oid