7 oktyabr voqealari: BMT bosh kotibi mintaqada tinchlikka chaqirdi
Hamasning Isroilga hujumi bir yilligi arafasida Antoniu Guterrish guruhni qoralab, «dahshatga soluvchi zo‘ravonlik va qon to‘kilishini» zudlik bilan to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi.
2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga amalga oshirgan hujumi bir yilligi arafasida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Falastin guruhini qoraladi va «dahshatga soluvchi zo‘ravonlik va qon to‘kilishini» zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. «Shu kuni jahon hamjamiyati Hamasning harakatlarini, jumladan, odamlarni garovga olishini keskin qoralashi kerak», — dedi Guterrish 6 oktyabr, yakshanbaga o‘tar kechasi. Shu bilan birga u Hamasni Qizil Xoch ishchilariga garovga olinganlar bilan uchrashishiga ruxsat berishga chaqirdi.
«7 oktyabrdan beri dahshatli zo‘ravonlik va qon to‘kishlar to‘lqini bo‘ldi, - dedi BMT bosh kotibi. - Garovga olinganlarni ozod qilish vaqti keldi. Qurollarni chetga qo‘yish vaqti keldi. Azob-uqubatlarga chek qo‘yish vaqti keldi. Bu mintaqada tinchlik, xalqaro huquq va adolat vaqti keldi». Guterrish, shuningdek, Isroil bilan harbiy mojaro «hayotlarni yo‘q qilishda davom etayotgani va G‘azo sektoridagi falastinliklarga, hozir esa Livan xalqiga chuqur insoniy azob-uqubatlar keltirayotganidan» xavotir bildirdi.
Isroil Livan bilan chegarada ikkinchi yopiq hudud haqida ma’lum qildi
Isroil mudofaa kuchlari 6 oktyabr kuni Livan bilan chegaradagi yana uchta hududni yopiq harbiy zona deb e’lon qildi. TsAHAL Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, «vaziyat baholanganidan so‘ng» mintaqaga kirish taqiqlangan.
Gap Isroil shimolidagi Manara, Iftah va Malkiya kibutsilari haqida bormoqda. 30 sentyabr kuni TsAHAL Metula, Misgav Am va Kfar Giladi jamoatlari atrofidagi hududlarni harbiy hudud deb e’lon qildi.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024
“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze
17:18 / 03.12.2024