O‘zbekiston | 21:20 / 20.05.2026
8349
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 27 may – Qurbon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi

«Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi prezident qarori e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qarorda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27 may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, 27 may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilangan.

Qarorda aytilishicha, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanadi.

Shuningdek, prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi «2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangan:

- ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026 yilning 28 may – payshanba, 29 may – juma kunlari;

- olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30 may – shanba kuni.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi.

Demak:
- 25 may, dushanba — ish kuni;
- 26 may, seshanba — ish kuni;
- 27 may, chorshanba – Qurbon hayiti, dam olish kuni;
- 28 may, payshanba – barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 29 may, juma – barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 30 may, shanba – haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 31 may, yakshanba – barcha uchun odatdagi dam olish kuni;
- 1 iyun, dushanba — ish kuni.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid