O‘zbekiston | 20:53
780
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Makkadagi o‘zbekistonlik hojilarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Prezident 21 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, yurt tinchligi, xalq farovonligi, yoshlar baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandosh Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdosh ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.

Prezident ziyoratchilar salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ta’kidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlar muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakat tinchligi, xalq farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etdi.

Suhbatda mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq qalbi, ma’naviyati va ma’rifatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlar bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Davlat rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilar yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqqa, ayniqsa, yoshlarga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolaga murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va 2 mingga yaqin og‘ir bemorlarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi qayd etildi.

Suhbat yakunida prezident barcha hojilarga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtga sog‘-omon qaytishini tiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid