Jahon | 15:47 / 22.11.2025
6379
9 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyga muddat qo‘ygan Tramp, Nigeriyada o‘g‘irlangan yuzlab o‘quvchi qizlar va Oq uyda mehmon bo‘lgan Mamdaniy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Ukrainaga muddat qo‘ydi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga kelasi payshanba – 27 noyabrgacha Amerika tomoni taklif etgan «tinchlik rejasi»ga rozilik berish uchun vaqt berdi. Bu haqda uning o‘zi Fox News'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

27 noyabr AQShda Minnatdorlik kuni nishonlanadi va Trampning fikricha, bu Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish uchun mos vaqtdir. «Menda ko‘plab oxirgi muddatlar bo‘lgan, ammo agar barchasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, odatda bu muddatlar uzaytiriladi. Lekin payshanba — mos muddatdir», dedi u.

Tramp Ukraina bu urushda hududlarini ham, odamlarini ham yo‘qotayotganini ta’kidladi. Bundan oldinroq G‘arb OAVlari AQSh — Ukraina prezidenti tinchlik kelishuvi tuzishga majburlash niyati haqida yozgandi. Rad etilgan taqdirda AQSh Ukraina harbiylariga qurol yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini uzatishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

Shu kuni Ukraina prezidenti AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan Amerika «tinchlik rejasi» yuzasidan telefon orqali suhbatlashdi. Zelenskiyning aytishicha, qariyb bir soat davom etgan suhbatda AQSh armiyasi vaziri Den Driskoll ham ishtirok etgan.

Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Trampning tinchlik rejasi bo‘yicha ilk marta munosabat bildirdi. U 21 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashida so‘zlagan nutqida ushbu reja — urushni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya AQSh tinchlik rejasi matnini olgan, biroq u Rossiya tomoni bilan «batafsil» muhokama qilinmagan. Unga ko‘ra, buning sababi – Ukraina hozircha bu takliflarga rozilik bermagani.

Zelenskiy millatga murojaat qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh tinchlik rejasini qabul qilishi uchun bosim o‘tkazayotgani haqidagi xabarlar fonida ukrainlarga murojaat bilan chiqdi.

«Hozir tariximizdagi eng og‘ir damlardan biri. Ukraina juda qiyin tanlov qarshisida turibdi: yoki qadr-qimmatni yo‘qotish, yoki asosiy hamkorini yo‘qotish xavfi. Yoki qiyin 28 band [ni qabul qilish] yoki juda og‘ir qahraton qish va boshqa xavf-xatarlar» dedi Ukraina yetakchisi.

Uning aytishicha, Ukrainadan «ularga ikki marta hujum qilganlarga ishonishni so‘rashmoqda va javob kutishmoqda».

«Men tinchlik rejasida ikkita narsa – ukrainlarning qadr-qimmati va erkinligi hisobga olinishi uchun kurashaman. Biz deyarli to‘rt yildan beri dunyodagi eng yirik armiyalardan birini to‘xtatib turibmiz. Odamlarimiz urush tugashini istaydi. Biz po‘latdek mustahkammiz, lekin har qanday, hatto eng mustahkam metall ham bardosh bera olmaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Zelenskiy urushning birinchi kuni qochib qolmaganining o‘zi ham qadr-qimmat, shu ham erkinlik ekanini aytdi. «Rossiya uchun eng qo‘rqinchlisi – ukrainlarning birdamligi», dedi u.

Kutilmagan do‘stona uchrashuv

Bir necha oy davomida bir-birini turli so‘zlar bilan atagan AQSh prezidenti Donald Tramp va Nyu-York shahri yangi saylangan meri Zohran Mamdaniy Oq uyda kutilmagan darajada do‘stona uchrashuv o‘tkazdi.

Biri respublikachi milliarder, biri yosh demokrat-sotsialist bo‘lgan bu ikki qarama-qarshi shaxs immigratsiyadan tortib iqtisodiy siyosatgacha bo‘lgan hamma narsada to‘qnash kelgan edi.

«Biz o‘ylaganimdan ko‘ra ko‘proq masalada bir fikrdamiz», dedi Tramp Oval ofisda. «Bizda bir umumiy narsa bor: biz yaxshi ko‘radigan shahrimizning juda yaxshi rivojlanishini istaymiz».

Mamdaniy — arzonlashtirish va inflatsiyaga tobora ko‘proq e’tibor qaratayotganini aytgan Tramp bunga rozilik bildirib: «ba’zi g‘oyalari meniki bilan bir xil. U qanchalik yaxshi ishlasa, men shunchalik xursand bo‘laman», dedi.

Saylovlarda Mamdaniyning reytingi keskin ko‘tarilib g‘alaba qozonayotgan paytda, Tramp Nyu-York shahridan federal mablag‘larni uzib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi. Ular uchrashishidan oldingi haftalarda Tramp Mamdaniyni «radikal chap tentak» va kommunist degan.

Shunga qaramay, bir-biri bilan ilk bor ko‘rishganidan kamida bir soat o‘tmay, Tramp matbuotning keskin savollaridan Mamdaniyni himoya qilishga bir necha bor shoshildi. Ularning o‘zaro aytgan «achchiqroq» haqoratlari haqida eslatilganida, ikkovlari kulib yubordi.

Nigeriyada yuzlab o‘quvchi qizlar o‘g‘irlab ketildi

Nigeriyaning markaziy qismida qurollangan erkaklar guruhi katolik internat maktabidan 220 dan ortiq o‘quvchilar va xodimni o‘g‘irlab ketdi.

Mahalliy politsiya aytishicha, hujum juma kuni ertalab sodir bo‘lgan. Jami 227 kishi — 215 nafar o‘quvchi va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlab ketilgan. Qurollangan hujumchilar maktabga bostirib kirgan va qo‘riqchi otib tashlangan.

Niger shtati hukumati rasmiylariga ko‘ra, maktabda xavf kuchaygani haqida razvedka ogohlantirishlari mavjud bo‘lishiga qaramay, u ochiq qolgan.

«Afsuski, Marys' maktabi shtat hukumatiga xabar bermasdan yoki ruxsat so‘ramasdan qayta ochilib, o‘quv jarayonini davom ettirgan. Shu bilan o‘quvchilar va xodimlarni oldini olish mumkin bo‘lgan xatarga duchor qilgan,» deyiladi bayonotda.

Maxsus politsiya bo‘linmalari va harbiy kuchlar joyiga yuborilgan. Politsiya o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchilarni qutqarish maqsadida «o‘rmonlarni tintuv qilayotgani»ni bildirdi.

Katoliklar maktabiga hujumdan oldin, dushanba kuni asosan musulmon qizlar o‘qiydigan Kebbi shtatidagi maktabdan ham 25 qiz o‘g‘irlab ketilgan edi.

Butun Nigeriya bo‘ylab maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng keng ko‘lamli qidiruv davom etmoqda.

Bu hujumlarda hech bir jangovar guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Xabarlarga ko‘ra, mahalliy aholi «banditlar» deb ataydigan to‘dalar, odatda maktablarni nishonga oladi. Ular Boko Haram jangarilarining usullarini o‘zlashtirgani aytiladi.

Yaponiya dunyodagi eng yirik AESni qayta ishga tushiradi

Yaponiya rasmiylari juma kuni dunyodagi eng yirik atom elektr stansiyasini qayta ishga tushirishga ruxsat berdi. Bu — 2011 yilgi Fukusima falokatidan beri birinchi shu mazmundagi qarordir.

Hujjat — “Kashivazaki-Kariva“ atom elektr stansiyasining 6-reaktoriga taalluqlidir. 7 ta reaktor joylashgan 8,2 gigavatt quvvatga ega mazkur inshoot 2012 yildan beri kuchli sunamidan so‘ng — reaktorning erib ketishi sababli ishsiz turgandi. Yaponiya hukumati atom energiyasini «barqaror va ugleroddan xoli energiya manbai» sifatida ko‘rsatib, uni qayta ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tokio Electric Power kompaniyasi bu qaror — daromadlarni oshirib, Fukusima falokatidan zarar ko‘rgan odamlarni kompensatsiya qilishga yordam berishini aytdi.

Prefektura texnik qo‘mitasining fevraldagi hisobotiga ko‘ra, stansiya chuqur xavfsizlik tekshiruvlaridan so‘ng hech qanday xavfsizlik muammosiga ega emasligi aniqlangan. Faqat 6-reaktor qayta ishga tushirishga tayyorlangan, yadroviy yoqilg‘i allaqachon o‘rnatilgan. Jarayon muammosiz davom etsa, u 2026 yil mart oyining oxiriga qadar ishga tushadi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid