O‘zbekiston | 13:33 / 10.09.2020
7280
3 daqiqa o‘qiladi

San'at muzeyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi konsepsiyasi tasdiqlandi. U Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan

Hukumat komissiyasining bayonnomasi bilan dunyoga mashhur yapon me'mori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston davlat san'at muzeyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasining dizayn konsepsiyasi tasdiqlandi. 

Foto: O‘zbekiston davlat san'at muzeyi

Yakuniy loyiha 2020 yil oxiriga qadar taqdim etiladi. 2019-22 yillarda rejalashtirilgan O‘zbekiston davlat san'at muzeyini rekonstruksiya qilish loyihasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shahrisabz, T. Shevchenko va Yakka Chinor ko‘chalari kesishmasida joylashgan muzeyga tutash bo‘lgan xiyobonning hududi kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun O‘zbekiston davlat san'at muzeyiga o‘tkazildi. Qo‘shimcha maydon Tadao Ando konsepsiyasini to‘liq amalga oshirishga imkon beradi. Qo‘shimcha ajratilgan hududda shisha va betondan ishlangan va Tadao Ando me'morchiligi uchun xos bo‘lgan umumiy maydoni 17 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yangi ko‘rgazma galereyasi quriladi. 

Shu bilan birga, mavjud binoning tomida yashil terrasa barpo etiladi - yangi va eski binolarni ulash uchun xizmat qiluvchi oraliq joy. Muzey binosini rekonstruksiya qilish muzeyning umumiy maydonini 25 000 kvadrat metrgacha yetkazadi va shu bilan muzeyning ko‘rgazma maydoni kengaytiriladi hamda zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ombor paydo bo‘ladi.

Me'morlar I. Abdulov, A. Nikiforov, S. Rozenblyum tomonidan loyihalashtirilgan hozirgi muzey binosi 1974 yilda qurilgan va me'moriy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyihaning alohida ahamiyati shundan iboratki, Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan muzey binosini rekonstruksiya qilish loyihasi arxitekturadagi zamonaviy tendensiyalarni obektning tarixiy qiymati va yaxlitligi bilan birlashtiradi hamda bugungi kunning ijtimoiy arxitekturasini aks ettiradi.

«Men ushbu muzeyning konsepsiyasi aylana va kvadratni o‘zida mujassam etgan hamda birlashtirgan bo‘lishini istardim. Men o‘zida tarix va an'ana qadriyatlarini asosiy elementlarini mujassam etgan zamonaviy muzey yaratmoqchiman», - dedi Tadao Ando.

Tadao Ando dunyodagi eng taniqli me'morlardan biridir. 1995 yilda u arxitektura sohasidagi individual yutuqlari uchun «Pritsker mukofoti»ga sazovor bo‘ldi. Tadao Andoning eng taniqli loyihalari - Parijdagi Fransua Pino Zamonaviy san'at jamg‘armasining binosi, Venetsiyadagi Punta della Dogana va Palazzo Grassi muzeylari binolari, Missuri (AQSh)dagi Pulitser San'at markazi, Quyosh ibodatxonasi (Yaponiya). 

Qayd etib o‘tish lozimki, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi dunyoning yetakchi muzeylari bo‘lgan Luvr, Arab dunyosi instituti (Parij, Fransiya), Albertina (Vena, Avstriya), Jyeyms Simon galereyasi (Berlin, Germaniya), Tretyakov galereyasi, «Ermitaj» (Rossiya) bilan yangilangan O‘zbekiston davlat san'at muzeyida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Mavzuga oid