O‘zbekiston | 09:42 / 08.04.2026
1527
1 daqiqa o‘qiladi

DFC O‘zbekistonga amerikalik sarmoyadorlarni jalb etishga ko‘maklashadi

Saida Mirziyoyeva AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, muloqot chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar portfeli muhokama qilingan.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z postida yozishicha, DFC O‘zbekistonga amerikalik sarmoyadorlarni jalb etishga ko‘maklashadi. Shuningdek, korporatsiya investitsiyaviy xatarlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishi orqali istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.

Uning qayd etishicha, uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi tashabbuslarni amalga oshirish va qo‘shma mexanizmlarni ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu bilan birga, Saida Mirziyoyeva joriy yilda qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi. Ushbu platforma orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga Amerika kapitali va xususiy sarmoyasini kengroq jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid