Jamiyat | 19:19 / 08.02.2021
1899
4 daqiqa o‘qiladi

Yangiqo‘rg‘onda kartoshkachilik klasteri superelita navi urug‘larini yetishtiradi

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida Yangiqo‘rg‘on tumani mirishkorlarining ham munosib o‘rni bor. Yangiqo‘rg‘on azaldan meva-sabzavotlari bilan yurtimizda nom taratgan.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbariyatining tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda tumanning meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi salohiyatini tiklash va yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan tuman fermer va dehqonlari sohaga innovatsion, samarali usullarni joriy etish orqali yuqori mahsuldorlikka erishish yo‘lida izlanmoqdalar.

Tumanning “Turkiston sadoqat baxt-iqboli” agrofirmasidagi “Oqsuv saxovat hosili” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Ashurov ana shunday sohaning izlanuvchan fidoyilaridan desa bo‘ladi.

Yurtimizda so‘nggi yillar xorijdan, asosan Gollandiya davlatidan valuta narxida olib kelinayotgan kartoshka urug‘larini o‘zimizda yetishtirish tashabbusi o‘rtaga tashlanganda A. Ashurov ham xorijdan keltiriladigan kartoshka urug‘i o‘rnini bosuvchi urug‘chilikka asoslangan tajriba xo‘jaligi tashkillashga kirishdi.

U fermer xo‘jaligining 20 gektar yer maydonida “Kartoshka urug‘chiligi markazi” MChJ faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. O‘tgan yil avvalida boshlangan bu tashabbusdan maqsad kartoshkaning mahalliy superelita navi urug‘ini yetishtirish edi. Tashabbuskorning o‘z mablag‘lari va Agrobankning kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida fermer 20 gektar yer maydonini 30 sotixdan ishchilarga bo‘lib berdi va har bir maydonda turli xil kartoshka navlari urug‘ini yetishtirish tajriba uchastkalari hosil qilindi. 

Dastlabki urinishdagi natijalar yomon emas, 20 gektar maydonning har gektaridan 38 mln so‘mdan sof foyda olindi.

Loyihaning keyingi bosqichida A. Ashurov urug‘chilik markazi negizida kartoshkachilik klasteri tashkillashga kirishdi. Shu tariqa, hududdagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini klasterga jamlashi natijasida kartoshka urug‘chiligiga asoslangan xo‘jalik yer maydoni 143 gektarga yetkazildi.

Klasterda alohida tomorqa yerlariga xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yildiki, natijada klasterda  jami ish o‘rinlari soni 424taga yetkazildi. Bunda 150ta doimiy va 274ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.

E'tiborlisi, klasterga biriktirilgan aholi tomorqalari hisobiga tumanning Oqsuv-G‘ovazon, G‘ovazon, Bog‘iston va Yangi Bog‘iston mahallalari hududidagi 116 nafar ishsiz va 34 nafar kam ta'minlangan aholi ish bilan ta'minlandi. “Kartoshka urug‘chiligi markazi” klasterga birikkan fermer xo‘jaliklari va tomorqa yerlariga urug‘lik va mineral o‘g‘itlar yetkazib beradi va shu asosda yetishtirilgan jami kartoshka urug‘lari “Kartoshka urug‘chilik markazi” MChJ orqali iste'molchilarga yetkazib beriladi.    

 – Respublika Fermerlar kengashi raisi hamda partiyamiz ijroiya qo‘mitasi raisi Axtam Hayitov o‘tgan yil hududimizga tashrifi chog‘ida markazimiz faoliyati bilan tanishib, yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berdilar. Faoliyatimizga oq yo‘l tiladilar. Maqsadimiz yurtimiz dehqonlariga xorijdan qimmat narxda olib kelinadigan kartoshka urug‘lari o‘rniga mahalliy mahsuldor urug‘lik yetkazib berish, – deydi Alisher Ashurov.

A. Ashurovning rejalari ulkan. U klasterida yetishtirilgan kartoshka urug‘larini butun Farg‘ona vodiysi dehqonlariga yetkazib berishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid