O‘zbekiston | 12:46 / 11.10.2022
10656
4 daqiqa o‘qiladi

Ijarada turadigan 1-kurs talabalariga 2 oylik ijara kompensatsiyasi shartnomasiz to‘lab beriladi

Boshqa hududdan kelib, yotoqxonaga joylashmagan 1-kurs talabalariga sentabr va oktyabr oylari uchun istisno tariqasida ijara shartnomasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi. Noyabrdan boshlab esa, faqat ijara shartnoma bor talabalarga kompensatsiya beriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hukumati birinchi bosqich talabalari uchun ijara haqi to‘lash masalasida bir martalik aksiya e’lon qildi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining bayoniga binoan, talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan uzoq hududlardan kelgan birinchi kurs talabalariga, istisno tariqasida, OTMlarga ajratilgan mablag‘lar doirasida sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan ijara kompensatsiyasi to‘lab beriladi.

Ijara shartnomasini taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi.

Bunda, OTMlar tomonidan birinchi kursda tahsil olayotgan, ijarada yashayotgan talabalar ro‘yxatini shakllantirish hamda ijara kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish yuzasidan rektor (direktor) buyrug‘i rasmiylashtirilib, tegishli mablag‘lar to‘lanishi belgilandi.

Bu nima degani?

Ma’lumki, o‘tgan yildan boshlab talabalar turar joyida joy yo‘qligi uchun ijarada turishga majbur bo‘lgan talabalarga ijara kompensatsiyasi to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun talaba ijara shartnomasini o‘zi o‘qiyotgan OTMga topshirishi kerak edi.

Bu tartib hozir ham kuchida. Ya’ni qaysidir talaba ijarada turgan bo‘lsa, u nechanchi kursda o‘qiyotganidan qat’i nazar, ijara kompensatsiyasi olishga haqqi bor.

Endi, yangi tartibga ko‘ra, 1-kurslar uchun istisno belgilandi. Ya’ni yotoqxonaga joylasha olmagan 1-kurs talabalari “Men ijarada turdim” deb aytsa kifoya. Ularga sentabr va oktyabr oylari uchun ijara kompensatsiyasi hech qanday ijara shartnoma talab etilmasdan to‘lab beriladi. Agar ular yana kompensatsiya olmoqchi bo‘lsa, unda noyabr oyidan boshlab ijara shartnoma ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Bu istisno faqat 1-kurslarga berildi. Katta kurslar sentabr va oktyabr oylari uchun ham ijara shartnoma taqdim etsagina, kompensatsiya olishadi.

Ijara kompensatsiyaning miqdori qancha?

Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga (qonuniy vakillariga) tegishli bo‘lmagan uyda ijarada yashaydigan talabalarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Har oylik ijara pulining 50 foizi (Toshkent shahrida 300 ming so‘mgacha, qolgan hududlarda esa 150 ming so‘mgacha) davlat OTMlarining kunduzgi ta’lim shaklida, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan va ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarga qoplab beriladi.

Demak, yotoqxonaga joylashmagan 1-kurs talabalari sentabr va oktyabr, ya’ni 2 oyga Toshkent shahri uchun jami 600 ming so‘m, hududlar uchun 300 ming so‘mgacha kompensatsiya puli olishlari mumkin. Buning uchun talabalar o‘zlari o‘qib turgan OTMga murojaat qilishlari lozim.

Mavzuga oid