Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil yakuniga qadar har bir tuman va shahardagi maktabda kurash klubi ochiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni sport sohasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026 yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, aholining ommaviy sport bilan qamrovi 15 millionga yetdi, sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilarning soni so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobarga oshdi. Yig‘ilishda jahon universiadasi, Yoshlar o‘yinlari, Islom birdamligi musobaqasi, Yoshlar Paraosiyo o‘yinlari, futbol va shaxmatdagi yutuqlar sanab o‘tildi.
Shu bilan birga, bu natijalar bilan cheklanib qolmaslik, mavjud imkoniyatlar va yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Ayrim sport turlari bo‘yicha natijalar hali mavjud infratuzilma va salohiyatga to‘liq mos kelmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Eng avvalo, ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilarning sonini yaqin istiqbolda 17 million nafarga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Xalqaro sport o‘yinlari va olimpiadalar uchun munosib zaxira yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident Olimpiadasi orqali ochiq va shaffof seleksiya tizimini yo‘lga qo‘yishni davom ettirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Endi musobaqalarni yiliga 2 marta o‘tkazish va hududlarda 13-14 yosh toifasida tashkil etish, sport turlarining sonini bosqichma-bosqich 20 taga yetkazish topshirildi.
Ta’kidlanishicha, yangi Olimpiya shaharchasiga 17 ta olimpiya sport federatsiyasi va boshqa sport tashkilotlari ko‘chib o‘tgan. Endi ushbu majmualar o‘zbek sportining milliy timsoli va yagona klasteriga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.

Sport sohasini yanada rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, yuqori sport natijalariga erishish nafaqat infratuzilma va musobaqalar, balki sport fanining barcha yo‘nalishlarini tizimli rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq.
Bu borada sport farmakologiyasi, diyetologiya, funksional va jismoniy tayyorgarlik, reabilitatsiya hamda yuklamalarni individual rejalashtirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish vazifalari belgilandi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, sport sohasidagi ilg‘or ishlanmalar va so‘nggi tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, milliy va xalqaro darajada ilmiy anjumanlar va konferensiyalar o‘tkazish orqali tajriba almashinuvini kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, sport sohasini rivojlantirishga xususiy sektor va investorlarni keng jalb etish, sport infratuzilmasi, tayyorgarlik markazlari va sport xizmatlari bozorida investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kerakligi aytildi.
Yoshlarni ommaviy sportga jalb etishda sport maktablarining mahallalargacha kirib borishini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni maqsadli tayyorlash tizimini mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.
Shu yil yanvar oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sport tadbirlari haqida axborot berildi. Xususan, Butunjahon suzish federatsiyasi Ijro byurosi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA) yig‘ilishi va xalqaro forum, shuningdek, Osiyo olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasiga mezbonlik qilish rejalashtirilgani qayd etildi.
Davlat rahbari ushbu tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston kurash sport turlari bo‘yicha mintaqada ham, jahon miqyosida ham barqaror va kuchli pozitsiyani egallamoqda. Endi bu sportni yanada ommalashtirish uchun Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasi tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, shu yildan boshlab Prezident kubogi, “O‘zbekiston botirlari” turniri, Bosh prokuror kubogi, harbiy xizmatchilar o‘rtasida kurash sport musobaqalari doimiy o‘tkazib boriladi. 2026 yilda hududlarda qurilayotgan maktablarda milliy kurash bilan birga yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha sportchilarni tayyorlash boshlanadi. Yil yakuniga qadar har bir tuman va shaharda kamida bittadan maktabda kurash sporti klubi ochiladi.
Davlat rahbariga shu yil Italiyada bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki bo‘yicha ham axborot berildi.
Prezident belgilangan vazifalarni to‘liq va sifatli bajarish, sportni ommalashtirish hamda xalqaro maydonda barqaror natijalarga erishishni ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
15:28 / 28.03.2026
Sportga homiylik qilgan tadbirkorlar imtiyoz oladi
11:45 / 24.02.2026
Har payshanba - vazirlik va hokimliklarda «Yoshlar kuni» bo‘ladi
11:08 / 24.02.2026
«22 milliondan ziyod yoshlar timsolida katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz» – prezident
08:44 / 24.02.2026