Jahon | 20:00 / 19.12.2025
6054
8 daqiqa o‘qiladi

Bryusselni «egallagan» traktorlar: Yevropa fermerlari nimadan norozi?

Italiya va Fransiya qarshiligi ortidan Yevroittifoq «Mercosur kelishuvi»ni imzolashni yana kechiktirdi. Yevropalik fermerlar Lotin Amerikasining arzon mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazishidan xavotirda. YeI yig‘ilishi arafasida Bryusselga mingta traktorda namoyishchilar bostirib keldi.

Foto: AP Photo

Yevropa davlatlari o‘rtasidagi keskin muzokaralardan so‘ng Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bahsli "Mercosur kelishuvi"ni imzolashni yanvar oyiga qoldirdi.

"Mercosur kelishuvi" – Yevropa Ittifoqi va Argentina, Braziliya, Paragvay hamda Urugvay o‘rtasida erkin savdo hududini yaratishni ko‘zda tutadigan yirik bitim. Biroq yevropalik fermerlar narx va ishlab chiqarish amaliyotlari bo‘yicha Lotin Amerikasidan keladigan arzon mahsulotlar adolatsiz raqobatga olib kelishidan xavotirlanmoqda.

Savdo kelishuvi shu kunlarda Yevroittifoq sammitining asosiy mavzusiga aylangan. Fon der Lyayyen a’zo davlatlar qo‘lloviga erishgach, 20 dekabr kuni imzolash marosimi uchun Lotin Amerikasiga borishni rejalagan edi. Ammo zarur tasdiq bo‘lmagani sababli marosim endi o‘tkazilmaydi.

Foto: Yevropa Komissiyasi matbut xizmati

18 dekabr kuni Bryusseldagi yig‘ilishda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni qo‘shimcha vaqt so‘raganidan so‘ng Yevrokomissiya savdo kelishuvini imzolashni kechiktirdi. Hozircha aniq sana belgilanmagan.

Bitim tarafdorlari jarayon yana izdan chiqib ketmasligiga umid qilmoqda. Shu bilan birga, bu bitimni faol qo‘llab-quvvatlayotgan Germaniya va Ispaniya kechikishdan norozi bo‘lmoqda.

Kimlar bu kelishuvga rozi bo‘lmayapti?

Fransiya va Italiya o‘z fermerlari uchun kuchliroq himoya kafolatlarini ta’minlash maqsadida kechiktirishni talab qilib kelmoqda.

Bryusseldagi namoyishlar / Foto: AP Photo

Braziliya prezidenti Lula da Silva Italiya bosh vaziri bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Jorjiya Meloni kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Shuningdek, Lula Meloni unga savdo bitimi 10 kun yoki bir oy ichida ma’qullanishiga ishontirganini qo‘shimcha qildi.

Biroq Rim italiyalik fermerlar uchun yanada mustahkam kafolatlar xohlaydi.

«Italiya hukumati fermerlardan kelayotgan savollarga zarur javoblar berilishi bilanoq kelishuvni imzolashga tayyor. Bu Yevropa Komissiyasi qarorlariga bog‘liq va qisqa muddat ichida hal qilinishi mumkin», — dedi Meloni. Avvalroq, Braziliya prezidenti, agar bu oy ichida kelishuvga erishilmasa, muzokaralardan chiqib ketish bilan tahdid qilgan edi. Meloni bilan suhbatdan keyin uning keskin ohangi yumshadi.

Fon der Lyayyen va Jorjiya Meloni / Foto: AP

Fransiya ham o‘z davlatida fermerlarning noroziligi kuchaygan bir paytda bitimga ovoz berishni kechiktirish tarafdoriga aylangan.

Umuman olganda, rasmiy Parij kelishuvga uzoq vaqtdan beri qarshi chiqib kelgan. Uning talabi: "Mercosur kelishuvi" davlatlari Yevropa bilan ekologik, sanitariya-texnik ishlab chiqarish standartlari bo‘yicha o‘zaro tenglikka erishishi kerak. Shuningdek, yevropalik fermerlar uchun kuchli himoya mexanizmlarini ishlab chiqish talabi ham bor.

18 dekabr kuni Emmanuel Makron, Yevropaning eng yirik qishloq xo‘jaligiga ega davlati rahbari sifatida kelishuv hozirgi shaklda qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.

Fransiyadagi namoyishlar / Foto: France 24

«Biz qoniqmadik. Matn mohiyatan o‘zgarishi kerak, shundagina biz boshqa turdagi kelishuv haqida gapira olishimiz mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Bitim Yevropa hukumatlari tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘lib, buning uchun Ittifoq aholisining 65 foizini ifodalovchi kamida 15 davlat roziligi talab etiladi. Polsha va Vengriya kelishuvga qarshi, Fransiya va Italiya esa mol go‘shti, shakar, parranda go‘shti va boshqa mahsulotlar importining ko‘payishidan xavotirda. Shunday holatda Italiyaning kechiktirishni so‘ragan qarori hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bitim tarafdorlari nima deydi?

Taxminan 25 yil davomida ishlab chiqilgan "Mercosur kelishuvi" – Argentina, Braziliya, Paragvay va Urugvay bilan bojxona to‘lovlarini qisqartirish hajmi bo‘yicha Yevroittifoq tarixidagi eng yirik kelishuv bo‘ladi.

Germaniya, Ispaniya va Skandinaviya davlatlari bu bitim AQSh va Xitoyga qarshi javob choralari ekanini aytmoqda. Xususan, Lotin Amerikasi davlatlari – AQSh boj tariflaridan zarar ko‘rgan eksportni qo‘llab-quvvatlashi, minerallarga kirishni ta’minlash orqali Xitoyga qaramlikni kamaytirishidan umid qilinmoqda.

Foto: AP

Reutersʼning yozishicha, Germaniya bu bitim tezroq imzolanishini xohlamoqda. Kansler Fridrix Mers jurnalistlarga Meloniga o‘z hukumati va parlamentini ishontirish uchun bir necha qo‘shimcha hafta berilishi muammo emasligini aytdi.

«Bu – "Mercosur kelishuvi" endi albatta kuchga kirishini anglatadi. Italiya hukumati roziligidan so‘ng, Fransiya hukumati ham o‘z roziligini berishi mumkinligiga umid qilaman», - dedi u.

Yevropalik yetakchilar o‘rtasidagi bu bitim bo‘yicha muzokaralar nihoyatda keskin kechmoqda. Shu bilan birga, bitim tarafdorlari – uzoq davom etadigan ikkilanish – "Mercosur" davlatlarini o‘nlab yillik muzokaralardan so‘ng butunlay chiqib ketishga undashidan xavotirda.

17 dekabr kuni yevropalik qonunchilar «mol go‘shti va shakar» kabi mahsulotlar importini cheklashga qaratilgan himoya mexanizmlari borasida dastlabki kelishuvga erishgan. Bu esa ayrim davlatlar qarshiligini yumshatishi kerak. Yevropa Komissiyasi, Fransiya talab qilganidek, ishlab chiqarish standartlarini uyg‘unlashtirishni va’da qiluvchi deklaratsiya ustida ham ishlamoqda.

Fermerlar namoyishlari

Belgiyada "Mercosur kelishuvi"ga qarshi asosan fermerlardan iborat keng ko‘lamli norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tmoqda.

Reutersʼning yozishicha, payshanba kuni boshlangan Yevroittifoq sammiti doirasidagi namoyishlar zo‘ravonlik tusini olgan. Bryusseldagi namoyishchilar kartoshka va tosh otib, oynalarni sindirgach politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi.

Bryussel politsiyasining ma’lum qilishicha, aslida 50 tagacha traktor ishtirokidagi namoyishga ruxsat berilgan. Biroq payshanba kuni tushdan keyin Bryusselga asosan Belgiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan qariyb 1 000 ta traktor yetib kelgan. Politsiya namoyishchilar sonini 7 ming nafar deb baholadi.

Zo‘ravonlik kuchayganidan so‘ng politsiya aralashib, namoyishchilarning ayrimlarini hibsga olishga urindi. Bir holatda traktor tartibsizlikka qarshi saf tortgan politsiya qatoriga haydab kirgan. Ayrim namoyishchilar jurnalistlarni ham nishonga oldi”, deb yozmoqda nashr.

Payshanba kuni Bryussel ko‘chalarini to‘sib qo‘ygan ayrim traktorlar «Eng yaxshisini o‘zimiz ishlab chiqarayotgan bo‘lsak, nega dunyoning narigi tomonidan shakar olib kelishimiz kerak? "Mercosur"ga yo‘q», degan bannerlarni olib yurgan.

Ushbu savdo pakti tanqidchilari Lotin Amerikasi eksportchilari arzon xomashyo bilan bozorlarga oqib kirib, yevropalik ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazishini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid