O‘zbekiston | 12:51 / 21.10.2024
13253
2 daqiqa o‘qiladi

Do‘stlik tumani Ekologiya inspeksiyasi sobiq boshlig‘i qidiruvga berildi

​​​​​​​Shu lavozimda ishlagan 34 yoshli Fazliddin Abdusamatov qimmatbaho daraxtlarni nobud qilganlikda ayblanmoqda. U bu ishi orqali o‘simlik dunyosiga qariyb 230 mln so‘m zarar yetkazgan. Tergovdan qochib yashiringan Abdusamatovni sud sirtdan qamoqqa olish bo‘yicha ajrim chiqardi.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Fazliddin Abdusamatov qidiruvga berildi. U Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda gumonlanmoqda.

Sud ajrimida keltirilishicha, Fazliddin Abdusamatov 2024 yil 18 iyul kuni Do‘stlik tumani Navro‘z mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-286 avtomobil yo‘lining “Do‘stlik-Manas” yo‘nalishi chap tomonida ekilgan 14 tup qimmatbaho shumtol (yasin) daraxtini qurib qolganlik vaji bilan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagan. O‘tkazilgan sud-biologik espertizasi xulosasiga ko‘ra, kesilgan 14 tup shumtolning 3 tupi qurimagan bo‘lgan.

Jizzax viloyati Ekologiya, atorof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan 3 tup shumtol daraxtining kesilgani holati yuzasidan o‘simlik dunyosiga 227 mln 800 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. Tergovdan yashiringani sababli Do‘stlik tuman IIB Tergov guruhi tomonidan Abdusamatovga sirtdan qidiruv e’lon qilingan.

Sud ajrimi bilan Fazliddin Abdusamatovga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. U ushlanganidan so‘ng IIV JIED 3-mintaqaviy hudud 8-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

Mavzuga oid