Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron kelishuvga erisha olmadi
Tehron Vashingtonning boyitilgan uranni topshirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha talablarini rad etgan.
Jacquelyn Martin / Reuters / Scanpix / LETA
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens AQSh va Eron Islomoboddagi muzokaralarda kelishuvga erisha olmaganini ma’lum qildi.
«Eronliklar bilan mazmunli muhokamalar bo‘lib o‘tdi, bu yaxshi yangilik. Yomon yangilik shundaki, biz kelishuvga erisha olmadik va menimcha bu Qo‘shma Shtatlarga qaraganda Eron uchun yomon yangilik. Afsuski, biz hech qanday o‘sishga erisha olmadik», degan Amerika muzokarachilari guruhiga rahbarlik qilgan vitse-prezident.
U Eron AQShning shartlarini qabul qilmaslikka qaror qilgani va delegatsiya Qo‘shma Shtatlarga qaytayotganini ma’lum qilgan.
Vens yadro quroli masalasi AQShning Eron bilan muzokaralardagi asosiy masala hisoblanishi hamda prezident Trampning asosiy vazifasi – Tehron hozir ham, kelgusida ham yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini qayd etgan. Vensning so‘zlariga ko‘ra, Islomoboddagi muzokaralarda Qo‘shma Shtatlar eronliklarning yadro qurolini ishlab chiqmaslik majburiyatini olishga tayyorligini ko‘rmagan.
U AQSh Erondan yadro quroliga yoki uni yaratishni tezlashtirishga yordam beruvchi vositalarga ega bo‘lishga intilmaslik bo‘yicha «qat’iy majburiyat» olishni istashini va bu AQShning o‘zgarmas sharti ekanini qayd etgan:
«Biz bu yerdan juda oddiy taklif bilan ketyapmiz, bu bizning o‘zaro kelishuvga erishish uchun eng yaxshi va yakuniy taklifimiz. Ko‘ramiz, eronliklar uni qabul qilarmikin».
Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ismoil Baqoiy muzokaralar ishonchsizlik muhitida o‘tgani hamda birgina uchrashuvda kelishuvga erishib bo‘lmasligi haqida gapirgan. Shu bilan birga, u «asosiy masalalarda fikrlar turlicha bo‘lgani»ga qaramay, tomonlarning qator masalalardagi fikri bir joydan chiqqanini qayd etgan. U Eron diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishga ochiqligi, Pokiston va boshqa vositachilar bilan doimiy aloqada bo‘lishini ma’lum qilgan.
Erondagi nashrlar Amerikaning muzokaralardagi shartlarini haddan tashqari og‘ir bo‘lgani haqida yozishgan. Xususan, Tasnim agentligiga ko‘ra, AQSh boyitilgan uran Erondan olib chiqilishini talab qilgan. Financial Times tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi masalasida ham boshi berk ko‘chaga kirib qolganini xabar qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp muzokaralar yakunlangan vaqtda UFC turnirini tomosha qilayotgandi.
U oldinroq Pokistondagi muzokaralar natijasi o‘zini qiziqtirmasligi, «AQSh bu urushda allaqachon g‘olib bo‘lgani», eronliklarning aviatsiyasi, floti va rahbariyati yo‘q qilingani haqidagi gaplarini takrorlagandi. Muzokaralar yakunlanganidan keyin u to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat bildirmadi, ammo ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirda AQSh Eronni dengiz orqali qamal qilishi mumkinligi haqidagi maqolaga havola berdi.
Amerikalik harbiylar 11 aprel kuniyoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tozalash bo‘yicha amaliyotga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan – shu kuni AQSh flotining ikkita harbiy kemasi bo‘g‘ozni kesib o‘tgan. Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa 12 aprel kuni harbiy kemalarning bo‘g‘ozni kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishi to‘xtatilishini ma’lum qildi. Korpus bayonotida bo‘g‘ozni faqat savdo kemalari ma’lum shartlar asosida kesib o‘tishi mumkinligi qayd etilgan. Bu xabarga ko‘ra, bo‘g‘oz suvlari hozircha kemalar qatnovi uchun yopiq qolmoqda.
Mavzuga oid
10:10
AQSh vitse-prezidenti: Eron keyingi yo‘lni o‘zi tanlaydi
22:20 / 13.04.2026
Tramp Eron portlarining to‘liq dengiz qamali boshlanganini ma’lum qildi
20:22 / 13.04.2026
Tramp Eron portlarini qamal qilmoqchi, biroq unga yordam beruvchilar topilmadi – NYT
16:46 / 13.04.2026