Jahon | 16:46
1910
6 daqiqa o‘qiladi

CNN: Xitoy Eronga qurol-yarog‘ yetkazib berishga tayyorlanmoqda

AQSh razvedkasi ma’lumotlari – Xitoy yaqin haftalarda Eronga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishga tayyorlanayotganini ko‘rsatmoqda. Xitoyning ushbu ko‘chma zenit-raketalari AQSh qiruvchilariga katta xavf tug‘diradi.

Foto: Xitoyning HY-6 ko‘chma zenit-raketa tizimi

Razvedka ma’lumotlari – Eron ikki haftalik sulhdan xorijiy hamkorlari ko‘magida qurol-yarog‘ tizimlarini to‘ldirish imkoniyati sifatida foydalanayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. CNN nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Pekin harbiy yuklarning haqiqiy kelib chiqishini yashirish uchun ularni uchinchi davlatlar orqali yuborish ustida ishlayotganiga oid belgilar mavjud.

Pekin Eronga topshirishga tayyorlanayotgan ko‘chma zenit-raketa majmualari – MANPADS (Man-portable air-defense system) nomi bilan tanilgan, yelkaga ortib otiladigan havo hujumidan mudofaa tizimlaridir. Aynan shu raketalar 6 haftalik urush davomida AQSh harbiy samolyotlarining past balandlikda uchishiga asimmetrik xavf tug‘dirgandi.

Nashrning yozishicha, oldinroq Tramp o‘tgan hafta Eron osmonida urib tushirilgan F-15 qiruvchi samolyoti «yelkadan uchiriladigan qo‘lda boshqariladigan raketa, issiqlikni qidiruvchi (termik) raketa» bilan urilganini aytgandi. Tehron esa samolyotni urib tushirish uchun «yangi» havo hujumidan mudofaa tizimidan foydalanganini bildirgan, ammo batafsil ma’lumot bermagandi. Mazkur tizim Xitoyda ishlab chiqarilgani yoki yo‘qligi noma’lum.
 

Kichik raketaning qismlari

Eronga MANPADs yetkazib berish AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlaganidan buyon Xitoyning Tehronni qo‘llab-quvvatlashidagi yangi bosqich (eskalatsiya) bo‘ladi.

Bundan tashqari, manbalar – Xitoy kompaniyalari eronliklarga qurol yasashni davom ettirish va navigatsiya tizimlarini takomillashtirish imkonini beruvchi sanksiya ostidagi ikki maqsadli texnologiyalarni sotishda davom etmoqda. Ammo Xitoy hukumatining qurol-yarog‘ tizimlarini bevosita topshirishi yordamning mutlaqo yangi darajasini anglatadi.

Xitoy nega yordam beryapti?

Razvedka ma’lumotlaridan xabardor manbalardan birining aytishicha, Xitoy mojaroga ochiqdan ochiq aralashishda va Eronni himoya qilishda haqiqiy strategik qiymat ko‘rmayapti. Chunki ular «bunday urushda g‘alaba qozonib bo‘lmasligini» biladi. Buning o‘rniga Pekin o‘zini – neftiga qattiq bog‘lanib qolgan Eronning doimiy do‘sti sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga tashqi tomondan neytral bo‘lib qolish orqali urush tugaganidan keyin o‘z aybini inkor etish imkoniyatini saqlab qolmoqchi.

Odatda xitoyliklar havo hujumidan mudofaa tizimlari hujumkor emas, balki mudofaa xarakteriga ega ekanini iddao qilishadi. Shu tariqa o‘z yordamlarini Rossiyaning yordamidan farqlashlari mumkin. Avvalroq Rossiya urush davomida Eronga razvedka ma’lumotlari bilan yordam berib kelgani aytilgandi. Bu yordam Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh qo‘shinlari va obektlarini nishonga olishda yordam bergan.
 

Xitoy raisi Si Jinping Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonni qabul qilmoqda — 2025 yil 2 sentabr. / Foto: Xinhua

Ta’kidlash joizki, Eron uzoq vaqtdan beri Xitoy bilan ham, Rossiya bilan ham mustahkam harbiy va iqtisodiy aloqalarga ega. Eron Rossiyaga Ukrainadagi urushida «Shahed» dronlarini yetkazib berish orqali keng ko‘lamda yordam bergan. Xitoyga o‘zining sanksiya ostidagi neftining katta qismini sotib keladi.

Tramp va rasmiy Pekinning munosabati

Shanba kuni CNN muxbiri AQSh prezidenti Donald Trampdan ushbu masala bo‘yicha munosabat so‘radi. Tramp agar Pekin Tehronga qurol yuborsa, buning oqibatlari bo‘lishini aytdi.

«Agar Xitoy buni qilsa, Xitoyda katta muammolar bo‘ladi, tushunarlimi?» dedi u Oq uyni tark etayotib. Lekin u Si bilan gaplashgani yoki yo‘qligiga oydinlik kiritmadi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili esa «Xitoy hech qachon mojaroning biror tomoniga qurol yetkazib bermagani hamda ko‘rib chiqilayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini» bildirdi.

«Mas’uliyatli yirik davlat sifatida Xitoy o‘zining xalqaro majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Biz AQSh tomonini asossiz ayblovlardan, g‘arazli ravishda bog‘liqliklar keltirib chiqarishdan va shov-shuv ko‘tarishdan tiyilishga chaqiramiz; umid qilamizki, tegishli tomonlar keskinlikni pasaytirishga yordam berish uchun ko‘proq harakat qiladi», deyiladi elchixona nashrga bergan izohida.

Rasmiy Pekin shu hafta boshida Eron va AQSh o‘rtasidagi urushni to‘xtatgan mo‘rt sulh bitimiga vositachilik qilishda yordam berganini aytgandi.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp may oy boshida Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Xitoyga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Oq uy shu hafta boshida AQSh va Xitoy o‘rtasida yuqori darajadagi muloqotlar bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgan. Bu tashrif Yaqin Sharqdagi urush ko‘lamiga qarab kechiktirilishi ham mumkin. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid