Rossiya Karib dengizida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi
AP xabariga ko‘ra, Rossiya harbiy kemalari va samolyotlari yaqin haftalarda Karib dengiziga yetib boradi va yoz oxirigacha u yerda qoladi. Ularning harakatlarini AQSh harbiy-dengiz kuchlari kuzatib boradi.
Rossiya harbiy kemalari va samolyotlari harbiy mashg‘ulotlar uchun Karib dengiziga yo‘l oldi, deya xabar bermoqda AP AQSh rasmiylariga tayanib. Agentlik 6 iyun, payshanba kuni xabar berishicha, Rossiya kuchlarining bu hududga yaqin haftalarda kelishi kutilmoqda. AP suhbatdoshlariga ko‘ra, bu harakat hamkorlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi tufayli G‘arb bilan munosabatlarida keskinlik kuchaygan bir paytda Rossiya kuchini namoyish etadi.
Rossiya kemalari harakatini AQSh harbiy-dengiz kuchlari kuzatib boradi
Rossiya kemalari Venesuela va Kuba portlariga kirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Rejalashtirilgan mashg‘ulotlar Rossiyaning Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi kuchayib borayotganiga bo‘lgan katta javobi bir qismidir, dedi agentlik manbalari. Shu bilan birga, bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina armiyasi zarbalari natijasida bir qancha kemalarni yo‘qotganidan keyin Rossiya harbiy-dengiz floti hali ham jahon miqyosida o‘z kuchini namoyish etishga qodirligini ko‘rsatishga urinishi, dedi rasmiylar jurnalistlarga anonimlik sharti bilan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQShni bo‘lajak mashg‘ulotlar haqida xabardor qilmagan, biroq Rossiya kemalarining harakatini AQSh harbiy-dengiz kuchlari kuzatib bormoqda. Vashington Rossiya kemalari mintaqada yoz oxirigacha qolishini kutmoqda. AQSh Kongressi 5 iyun kuni bo‘lajak Rossiya mashg‘ulotlari to‘g‘risida xabardor qilindi.
AQShning Ukrainaga yordami
So‘nggi haftalarda Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning Rossiya hujumidan mudofaasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha yangi majburiyatlarni e’lon qildi. Aprel oyida AQSh Kongressi bir necha oylik muhokamalardan so‘ng Kiyevga 61 milliard dollarlik harbiy yordam berishni ma’qullagan edi. AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Vashington Kiyevga 50 milliard dollardan ortiq harbiy yordam taqdim etgan.
Bundan tashqari, bir necha kun avval Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi. Biroq, Politico nashri va CNN telekanali ta’kidlaganidek, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkivni himoya qilish uchun «faqat Xarkiv viloyati bilan chegaradagi» hududlarga tegishli.
Bunga javoban Rossiya Federatsiyasi Vashingtonga Ukrainaning Rossiya hududiga raketa hujumlari «halokatli oqibatlarga olib kelishi» bilan tahdid qildi. O‘z navbatida, AQSh prezidenti Jo Bayden G‘arb davlatlari Ukrainaga yordam berishni to‘xtatsa, G‘arb va Rossiya o‘rtasida urush xavfi ortishiga ishora qildi.
Mavzuga oid
13:31
O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma korxonalarni ko‘paytirishni muhokama qilyapti
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
21:08 / 18.11.2024