Iqtisodiyot | 16:20 / 28.01.2026
6019
3 daqiqa o‘qiladi

Yangilangan statistikada gaz qazib olishda 3,3 mlrd kublik tafovut paydo bo‘ldi

2024 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 44,6 mlrd kubdan 41,3 mlrd kubga kamaytirildi. O‘rtadagi farq – 3,3 mlrd kub metrni tashkil etib, bu qiymat jihatdan taxminan 650-700 mln dollarga teng bo‘lishi mumkin. Raqamlarning birdan o‘zgarib qolgani bo‘yicha rasmiylardan izoh bo‘lmadi.

Foto: Kun.uz

2024 yilda O‘zbekistonda gaz qazib chiqarish 4,5 foiz emas, balki 11,5 foizga kamaygani ma’lum bo‘lyapti. Xususan, 2025 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilingan sanoat statistikasiga ko‘ra, 2024 yilda 41,3 mlrd kub, 2024 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda esa 2024 yilda 44,6 mlrd kub gaz qazib olingani ko‘rsatilgan. O‘rtadagi farq – 3,3 mlrd kub.

Yangilangan raqamlarga ko‘ra, 2021-2025 yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish quyidagicha o‘zgargan:

3,3 mlrd kub gaz qo‘shib yozilganmidi yoki bu xatolikmi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov 3,3 mlrd kub gaz bir oylik qazib olish hajmiga teng bo‘lishiga urg‘u berib, mustaqil o‘rganishlar va surishtiruvlar o‘tkazish kerakligi haqida yozdi.

«E’lon qilingan ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, 2024 yil ko‘rsatkichlariga kamida 3,3 mlrd kub gaz qo‘shib yozilgan yoki xatolik bo‘lib chiqadi (agar xatolikka yo‘ysak, yillik qazib olishga nisbatan 8 foiz yoki naq bir oylik qazib olinadigan gaz hajmi).

3,3 mlrd kub gaz mintaqamizdagi shakllangan narxlarda 650-700 mln dollarlik gaz degani. Buni qanaqadir xatolik bilan izohlash yo ko‘z yumish qiyin, ehtimolki, kalavaning uchini kimdir topsa, bu raqam gaz qazib olish, importi va eksporti o‘rtasidagi o‘rtamchi sxemalar uchun tenglamaning javobi bo‘ladi (o‘zlashtirilgan subsidiyalarning ham). Bir yil o‘tguncha hech kim bilmaganmi? Lekin buning uchun mustaqil o‘rganishlar va surishtiruvlar kerak, agarda kalavaning uchi rostdanam qiziq bo‘lsa. Yangi raqamlar asos qilib olinsa, 2024 yilda gaz qazib olish 5,4 mlrd kubga qulagan bo‘lib chiqadi», deydi iqtisodchi.

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Milliy statistika qo‘mitasi bilan bog‘landi, ammo aniq javob ololmadi. Shu bilan birga, mazkur holat bo‘yicha na Energetika vazirligi, na Iqtisodiyot va moliya vazirligi, na «O‘zbekneftgaz» rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida avvaliga O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonov, keyin esa «O‘zbekneftgaz» AJ rahbari Bahodir Siddiqov ishdan olingandi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров

Mavzuga oid