Iqtisodiyot | 17:05
933
6 daqiqa o‘qiladi

Kasblar kesimida oyliklar qanday o‘zgaryapti?

O‘zbekistonda o‘rtacha rasmiy oylik so‘nggi 4 yilda ikki barobarga oshdi. Albatta, bu katta yutuq. Ammo ish bilan band aholining uchdan ikki qismida ish haqining o‘sishi o‘rtacha ko‘rsatkichdan orqada qolyapti. Masalan, qayta sug‘urtalash sohasidagi o‘rtacha oyliklar maktabgacha ta’lim sohasiga nisbatan 9,8 barobarga baland. To‘rt yil oldin bu farq 5,9 barobar edi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti yildan yilga kattalashib boryapti. Buni statistik raqamlar ham ko‘rsatib turibdi. Masalan, 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga oshdi.

Xo‘sh, bu o‘sish alohida sohalar kesimida qanday ko‘rinish olmoqda?

Kimlarning oyligi tez o‘syapti?

Oxirgi 4 yillik davrni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi o‘rtacha oyliklar 2 barobarga ko‘payib, 3 mln 417 ming so‘mdan 6 mln 826 ming so‘mga yetdi.

Ammo, bu yerdagi raqamlar mehnat bozoridagi reallikni aniq va to‘liq aks ettirmaydi. Chunki 6,8 mlnlik o‘rtacha raqamga kichik firmalar va qishloq xo‘jaligi korxonalaridagi maoshlar qo‘shilmaydi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy O‘zbekistondagi band aholi – 14 mln 934 ming kishi. Shundan 21 foizi yoki 3 mln 132 ming kishi qishloq xo‘jaligi sektorida ishlaydi. Ushbu tarmoqda o‘rtacha oyliklar esa ancha kam – 3 mln 506 ming so‘m. Agar barcha band aholi daromadlari hisobga olinsa, mamlakatdagi o‘rtacha maoshlar sezilarli kamroq bo‘lishi mumkin.

Statistika qo‘mitasi 19 ta guruhga bo‘lgan holda, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ham o‘rtacha oyliklarni har chorakda yangilab boradi. Xususan, 2022-2026 yillarning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha maoshi eng yuqori o‘sgan soha vakillari – ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar qiluvchilar. Ularning o‘rtacha daromadi 2,8 barobarga oshgan. Shuningdek, davlat boshqaruvi va mudofaa sohasidagi xodimlarning oyliklari 2,6 barobarga, axborot va aloqa sektorida esa 2,5 barobarga ko‘paygan.

Aksincha, qurilish (+54 foiz), tog‘-kon sanoati (+64 foiz) va qishloq xo‘jaligi sohasida (+64 foiz) daromadlar o‘sishi ancha past bo‘lgan. Ishlab chiqarish (+76 foiz), sog‘liqni saqlash (+77 foiz), ta’lim (+83 foiz), san’at (+89 foiz) hamda ulgurji va chakana savdo (+99,4) sohalarida ham o‘rtacha oyliklar mamlakat miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamroq o‘sgan. Mazkur xatboshida sanab o‘tilgan tarmoqlarda jami 10 mln 11,2 ming kishi mehnat qiladi. Ya’ni umumiy band aholining 67 foizida yoki uchdan ikki qismida oylikning oshishi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan turli miqdorlarda kam bo‘lgan.

Bu nega yomon?

Inflatsiyaning yuqori darajasi yoki uning tez sur’atlar bilan o‘sishi – daromadi pastroq aholi qatlamlariga nisbatan og‘irroq zarba beradi. Ya’ni narxlarning oshishidan kambag‘allar ko‘proq aziyat chekadi. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlarda past daromadli aholi topayotgan pulining asosiy qismini birlamchi iste’mol mahsulotlari – oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal to‘lovlar va transport xarajatlariga sarflaydi.

Masalan, yuqorida oyliklar hisoblangan davrni oladigan bo‘lsak, umumiy inflatsiya 42 foizni tashkil qilgan. To‘g‘ri, bu istalgan sohadagi daromadlar o‘sishiga nisbatan past ko‘rsatkich. Ammo bu davrda go‘sht, tuxum, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i narxlarining oshishi umumiy inflatsiyadan karrasiga yuqori bo‘ldi. Uzoq yillardan beri oziq-ovqat narxlarining oshishi baland bo‘lib qolyapti. Shu jihatdan daromadining 60 foiz qismini oziq-ovqatga sarflaydigan past daromadli inson, daromadining 20 foiz qismini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflaydigan boyroq insonga nisbatan inflatsiyani ko‘proq his qiladi, narxlarning oshishi uning farovonligini ko‘proq pasaytiradi.

Natijada, maosh raqamlarda ko‘paygan bo‘lsa-da, xarid qobiliyati kutilgan darajada oshmaydi. Jumladan, ta’lim sohasidagi oyliklar 2022 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha oyliklarning 73,5 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 68 foiz bo‘lgan. 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, ushbu ikki sektordagi maoshlarning o‘rtacha maoshga nisbati mos ravishda 67,6 foiz va 60,2 foizgacha qisqargan. Masalan, qayta sug‘urtalash sohasidagi o‘rtacha oyliklar maktabgacha ta’lim sohasiga nisbatan 9,8 barobarga baland. To‘rt yil oldin bu farq 5,9 barobar edi.

Kam daromadli oilalarda xarid qobiliyatining pasayishi nafaqat ijtimoiy, balki makroiqtisodiy jihatdan ham xatarli. Odamlarda ortiqcha pul qolmasa, ular asosan oziq-ovqat sotib olish bilan cheklanadi. Natijada boshqa tovarlar – maishiy texnika, kiyim-kechak, xizmatlar savdosi sekinlashadi. Bu esa ishlab chiqarish va chakana savdoni turg‘unlikka yetaklaydi.

Shuningdek, real daromadlarning nisbiy pasayishi kundalik ehtiyojlarni qoplash uchun iste’mol kreditlari va mikroqarzlar olishga rag‘batni kuchaytiradi. Bunday qarz yukining ortishi esa yashash sharoitini yomonlashtirib boradi.

Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda “yashirin iqtisodiyot” ulushi hali ham yuqori bo‘lgani sababli, bir qator sohalarda qog‘ozdagi va real daromadlar o‘rtasida sezilarli farq bo‘lishi mumkin.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid