O‘zbekiston | 10:01 / 08.04.2021
5064
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda aholiga ajratilgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilgan mansabdor shaxslar ushlandi

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida aholi ehtiyoji uchun ajratilgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilgan mansabdor shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX hamda IIB Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Xatirchi-Uchqora» gaz to‘ldirish shoxobchasi mansabdor shaxslari aholi ehtiyoji uchun ajratilgan suyultirilgan gazni sotayotganda ushlangan.

Jumladan, ular fuqaro S.A.ga aholi iste'moli uchun ajratilgan 7,2 tonna suyultirilgan gazning har bir kilogrammini 2,5 ming so‘mdan hisoblab, 300 AQSh dollari va 14,9 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, shoxobcha mansabdor shaxslari umumiy qiymati 16,2 million so‘m bo‘lgan 5 tonna suyultirilgan gazni hisobotlarga qo‘shib yozish orqali ortiqcha chiqim qilib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid