Jahon | 18:44 / 24.12.2025
10388
16 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy tinchlik rejasining 20 bandi haqida gapirdi. Qanday yangiliklar bor?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Vashington Rossiya bilan tinchlik kelishuviga asos bo‘ladigan hujjatlar ustida ishni davom ettirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa Ittifoqidan Ukraina uchun keng qamrovli xavfsizlik kafolatlarini olishga umid qilmoqda.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 dekabr kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida so‘nggi haftalarda Ukraina, AQSh va Rossiya muhokama qilayotgan tinchlik rejasining 20 ta bandini sanab o‘tdi. Zelenskiy bu rejani «urushni yakunlash to‘g‘risidagi bazaviy hujjat» deb atagan. Bundan tashqari, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari hamda mamlakat tiklanishi bo‘yicha ikkinchi va uchinchi hujjatlarning ham qoralama variantlari tayyorlangan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va AQSh tomonlari «hujjatlarni yakunlashga ancha yaqinlashgan», ammo hozircha tinchlik rejasining ikki bandi bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmayapti.

«Biz Donbass hududi va Zaporijjya AES bo‘yicha Amerika tomoni bilan konsensusga erisha olmadik. Lekin ko‘pchilik pozitsiyalarni bir-biriga ancha yaqinlashtirdik. Umuman olganda, bu shartnomadagi boshqa barcha bandlarda murosa yo‘li topilgan», – dedi u.

Ukraina prezidenti mojaroli masalalarni Donald Tramp bilan uchrashuvda muhokama qilmoqchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Rossiya tomonining muhokama qilinayotgan bandlarga munosabatini kutmoqda, shundan so‘ng «keyingi qadamlar va u yoki bu qarorlar uchun ehtimoliy muddatlar haqida tasavvur hosil bo‘ladi».

«Agar biz bugungi kunda mavjud bo‘lgan ushbu 20 ta band haqida gapiradigan bo‘lsak, bu sezilarli evolyutsiyani boshdan kechirgan doiraviy hujjat – bu o‘sha ilgari 28 ta banddan boshlangan hujjat. <...> Bu hali qoralama loyiha. Bu hali tomonlar o‘rtasida kelishilgan hujjat emas, ammo unda urushni qanday tugatish taklif qilinayotgani haqida ma’lum bir mantiq shakllangan», – deydi Zelenskiy.

Volodimir Zelenskiy taqdim etgan tinchlik rejasida nima bor va nima yo‘q?

Yangilangan 20 band

1-band. Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi.

«Biz Ukraina suveren davlat ekanini ta’kidlaymiz va shartnomalarni imzolaganlarning barchasi buni o‘z imzolari bilan tasdiqlaydi»,  dedi Zelenskiy.

2-band. Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida keng qamrovli shartnoma tuziladi.

Zelenskiyning izohlashicha, to‘qnashuv chizig‘ida monitoring mexanizmi yaratiladi.

3-band. Ukraina mustahkam xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi.

4-band. Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar soni – tinchlik davrida 800 ming kishi darajasida bo‘ladi.

800 ming – bu Ukraina qurolli kuchlarining haqiqiy miqdori, ammo bu Ukraina mudofaa kuchlarining jami soni shuncha degani emas (unga Milliy gvardiya, Milliy politsiya, Davlat chegara xizmati, Bosh razvedka boshqarmasi va UXX qismlari ham kiradi).

Ukraina armiyasi sonini cheklash – Moskva talablaridan biridir. 2022 yilda Rossiya Ukraina armiyasi sonini 85 ming kishigacha cheklashni talab qilgandi.

Joriy yil noyabr oyi oxirida OAVda e’lon qilingan 28 banddan iborat Uitkoff-Dmitriyev rejasida esa Ukraina armiyasining soni 600 ming kishi bilan cheklash nazarda tutilgandi.

5-band. AQSh, NATO va Yevropaning hujjatni imzolovchi davlatlari Ukrainaga 5-modda namunasida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi.

Agar Rossiya Ukrainaga yana bostirib kirsa – harbiy javob qaytariladi va sanksiyalar tiklanadi. Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa yoki Rossiya hududiga o‘t ochsa – xavfsizlik kafolatlari bekor qilinadi. Agar Rossiya Ukrainaga o‘t ochsa – xavfsizlik kafolatlari kuchga kiradi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu bandda xavfsizlik kafolatlari uchun AQShga kompensatsiya to‘lanishi haqida ham so‘z borgandi, biroq endi bu punkt o‘chirib tashlandi.

Bundan tashqari, rejada Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligi haqida band yo‘q.

Rossiya Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishiga qat’iyan qarshi va rejaning avvalgi versiyalarida shu haqda alohida band ham bor edi.

«Bu tomonlarning kelishuvi: Amerika, Ukraina, Yevropa va Rossiya. Bizning fikrimizcha, bu NATO a’zolarining Ukrainani qabul qilish yoki qilmaslik tanlovidir. Bizning tanlovimiz esa amalga oshdi», dedi Zelenskiy chorshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda.

6-band. Rossiya o‘z qonunchiligida (jumladan, Davlat dumasida ratifikatsiya qilish orqali) Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini mustahkamlab qo‘yadi.

7-band. Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish huquqiga ega bo‘ladi, shuningdek, bu masala ko‘rib chiqilgunga qadar Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqi bilan ta’minlanadi.

Zelenskiyning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zolik – Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining bir qismidir. U Ukraina 2027 yil yoki 2028 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi belgilab qo‘yilishini istamoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Ukrainaning NATOga qo‘shilishidan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga hech qachon qarshilik qilmaganini bir necha bor ta’kidlagan.

8-band. Ukraina uchun global rivojlanish paketi, u alohida investitsiya shartnomasi orqali belgilanadi.

Paket quyidagilarni o‘z ichiga oladi: investitsiyalar uchun taraqqiyot fondi, gaz infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni tiklash, foydali qazilmalar va tabiiy resurslarni qazib olish.

9-band. Rossiya tajovuzidan yetkazilgan zarar uchun real kompensatsiya nazarda tutilmoqda.

Ukraina iqtisodiyotini tiklash, zarar ko‘rgan hududlar va regionlarni rekonstruksiya qilish, gumanitar masalalarni hal qilish uchun bir nechta fondlar tashkil etiladi. Bu fondlarga jami 800 milliard dollar jalb qilish maqsad qilingan.

Zelenskiy Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan qanday foydalanish rejalashtirilgani haqida to‘xtalmagan.

10-band. Ushbu kelishuvdan so‘ng Ukraina AQSh bilan erkin savdo shartnomasini tuzish jarayonini tezlashtiradi. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiya ham bilan erkin savdo shartnomasini tuzmoqchi va urush tugagach, Vashington Rossiyadan sanksiyalarni ketma-ket olib tashlash yo‘lidan boradi.

11-band. Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yadrosiz davlat bo‘lib qolishini tasdiqlaydi.

12-band. Zaporijjya atom elektr stansiyasidan qanday foydalanish  hali yechimi topilmagan ikki masalaning biri.

AQSh rejasiga ko‘ra, stansiya uch davlat AQSh, Ukraina va Rossiya tomonidan birgalikda boshqarilishi kerak.

AQSh ushbu korxonadan dividendlarni uchta mamlakat o‘rtasida teng taqsimlashni (33 foizdan) nazarda tutuvchi umumiy mexanizmni ishlab chiqishni taklif qilmoqda. Bunday qo‘shma korxonaning bosh menejeri amerikaliklar bo‘ladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun bu «muvaffaqiyatsiz va noreal» – Kiyev Moskva bilan qo‘shma tijoriy faoliyat yuritishni istamaydi.

Kiyevning murosa taklifi: Zaporijjya AES AQSh va Ukraina ishtirokidagi qo‘shma korxona tomonidan boshqariladi, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 50 foizini Ukraina oladi, yana 50 foizini nima qilishni esa AQSh mustaqil ravishda belgilaydi.

Shu bilan birga, Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, hal qilinishi kerak bo‘lgan yana ko‘plab masalalar bor: bular katta investitsiyalar talab qiladigan stansiyani tiklash, taxminan 2 milliard yevro turadigan to‘g‘onni tiklash va stansiya hududini demilitarizatsiya qilish.

Alohida murakkab masala  okkkpatsiya ostidagi Energodar. Kiyev Rossiya qo‘shinlarini shahardan olib chiqishni talab qilmoqda, ammo bu borada hali kelishuv yo‘q, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

13-band. Ukraina va Rossiya Federatsiyasi maktablarda va butun jamiyatda o‘zaro tushunish, turli madaniyatlarga bag‘rikenglik va irqchilik hamda noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish majburiyatini oladi. Ukraina Yevropa Ittifoqining diniy bag‘rikenglik va ozchilik qatlamlar foydalanadigan tillarni himoya qilish bo‘yicha qoidalarini joriy qiladi.

14-band. Hududlar – ikkinchi bahsli va eng murakkab muammo.

Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish har qanday hududiy o‘zgarishlarsiz, qo‘shinlarning kelishuv tuzilgan paytdagi haqiqiy joylashuvi chizig‘i bo‘ylab qayd etilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

«Ammo aslida biz shunday vaziyatdamizki, rossiyaliklar biz Donetsk oblastidan chiqishimizni xohlamoqda, amerikaliklar esa bu murosa yo‘lini topishga harakat qilmoqda chunki biz chiqishga qarshimiz» deb eslatdi Zelenskiy.

AQSh murosa sifatida Donetsk oblastida harbiylardan xoli yoki erkin iqtisodiy zona tashkil etishni taklif qildi.

Ammo Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina buni faqat referendum orqali qabul qilishi mumkin, uni tashkil etish uchun unga haqiqiy otashkesim amal qiladigan 60 kun kerak bo‘ladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar «qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda qolamiz» formatida kelishuvga erishilsa – Ukraina shu kelishuv asosida urushni tugatishi va Zaporijjya atom elektr stansiyasi masalasini «yopishi» mumkin. Agar yo‘q bo‘lsa – unda referendum.

«Bu mening amerikaliklarga bergan so‘nggi signalim edi va amalda muloqot shu bo‘yicha davom etmoqda», – deya qo‘shimcha qildi u.

Ushbu kelishuv kuchga kirishi uchun Rossiya Ukrainaning Dnipropetrovsk, Sumi, Xarkiv va Mikolayiv oblastlari hududlaridan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishi kerak.

Zelenskiy hududlar va erkin iqtisodiy zonalarni yaratish masalalari yetakchilar darajasida hal qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

Ma’lumki, Rossiya Ukraina Donbassni to‘liq tashlab chiqishini istaydi. 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Putin yana bir bor Moskva mojaroni o‘tgan yilgi TIVdagi nutqida aytilgan shartlar asosida tugatishga tayyorligini aytdi. Gap Rossiya to‘liq nazorat qilmasa-da, o‘ziniki deb hisoblagan to‘rt oblastdan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqib ketish haqida edi.

15-band. Hududiy kelishuvlardan so‘ng, Rossiya va Ukraina ushbu kelishuvlarni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. Ushbu majburiyat buzilgan taqdirda, hech qanday xavfsizlik kafolatlari qo‘llanmaydi.

16-band. Rossiya Ukrainaga Dnipro daryosi va Qora dengizdan tijoriy maqsadlarda foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi.

Kemalar qatnovi va yuk tashish erkinligini qamrab oluvchi alohida dengiz bitimi va foydalanish to‘g‘risidagi bitim tuziladi. Ushbu kelishuv doirasida Kinburn burni demilitarizatsiya (harbiylardan xoli) qilinadi.

17-band. Ochiq masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuziladi.

Bu qo‘mita harbiy asirlarni «barchani barchaga» formatida almashish, tinch fuqarolarni, shu jumladan bolalar va siyosiy mahbuslarni qaytarish, mojaro qurbonlari muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanadi.

18-band. Ukraina kelishuv imzolanganidan keyin saylovlarni imkon qadar tezroq o‘tkazishi kerak.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, prezidentlik saylovlarini o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin 60-90 kun ichida o‘tkazish mumkin bo‘ladi va parlament harbiy holatni bekor qilmasdan buni qonuniy ravishda ta’minlashi mumkin.

Harbiy holat bekor qilingach, parlament va mahalliy saylovlarni ham o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Putin 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya Ukrainada saylovlar o‘tkaziladigan kunda Ukraina hududiga zarba bermaslik haqida «o‘ylab ko‘rishga tayyorligi»ni aytdi (Kreml Zelenskiyni noqonuniy prezident deb hisoblaydi, chunki urush tufayli Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazilmagan).

19-band. Kelishuvning bajarilishini prezident Tramp raisligidagi Tinchlik kengashi nazorat qiladi. Ukraina, Yevropa, NATO, Rossiya, Qo‘shma Shtatlar ushbu mexanizmning bir qismi bo‘ladi. Qoidabuzarlik uchun sanksiyalar ko‘rinishidagi jazo choralari qo‘llanadi.

20-band. Barcha tomonlar bu kelishuvga rozi bo‘lganidan so‘ng, darhol o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish rejimi kuchga kiradi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har qanday holatda ham rejaning har qanday versiyasiga rozi bo‘lishi kerak, «chunki Moskva prezident Trampga: biz tinch yo‘l bilan hal qilishga qarshimiz, deya olmaydi».

Kelishuvni imzolashning aniq muddati yo‘q, ammo AQSh uni imkon qadar tezroq imzolashni istaydi, deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Ukraina kelishuvni ratifikatsiya qilish uchun parlamentga kiritishi va/yoki uni ma’qullash uchun umumukrain referendumini o‘tkazishi taxmin qilinmoqda. Ukraina saylovlarni referendum bilan bir vaqtda o‘tkazishga qaror qilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Shartnoma ikkala tomon ham o‘z majburiyatlarini bajargandan so‘ng kuchga kirishi ko‘zda tutilgan. Xavfsizlik kafolatlari kelishuv to‘liq ratifikatsiya qilingan yoki referendumda ma’qullangan taqdirdagina kuchga kiradi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik rejasidan tashqari, hozirda yana uchta hujjat qoralamalari mavjud. Bular:

  • Ukraina, AQSh va Yevropa o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha uch tomonlama hujjat;
  • Ukraina va AQSh o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjat;
  • Ukrainani tiklash va 2040 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi.

Tinchlik rejasining oldingi versiyalari qanday ko‘rinishda edi?

21 noyabr kuni Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qilgandi. U 28 banddan iborat edi. Unda, xususan, Qrim, Luhansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki deb tan olinishi (jumladan, AQSh tomonidan), Xerson va Zaporijjya oblastlari esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha bo‘linishi ko‘rsatilgandi. Rossiya Ukrainaning to‘rt oblasti va Qrimdan tashqaridagi bosib olingan hududlardan voz kechishi kerakligi, Ukraina esa o‘z qo‘shinlarini Donetsk oblastidan to‘liq olib ketishi, bu Rossiya tarkibidagi bufer zona bo‘lib qolishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan tashqari, rejada Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 milliard dollar Ukrainani tiklashga yo‘naltirilishi aytilgan. Ushbu mojaroga aloqador barcha tomonlar urush davridagi xatti-harakatlari uchun to‘liq amnistiya oladi, deyilgandi hujjatning eski versiyasida.

Keyinchalik OAV va rasmiylar rejadagi turli o‘zgarishlar haqida xabar berishdi. Xususan, Ukraina versiyasiga ko‘ra, Kiyev mamlakat sharqida Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolayotgan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tramp ma’muriyatining dastlabki 28 bandlik tinchlik rejasi Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid