Jahon | 20:04 / 03.11.2025
5222
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Ukrainaga Storm Shadow raketalarining yangi partiyasini yubordi

Tramp esa hozircha Kiyevga Tomahawk’​​larni berishga shoshilmayapti.

Foto: Ben Stansall/AFP/Getty Images

Buyuk Britaniya yaqinda Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning ichkari hududlariga zarbalar yo‘llashni davom ettirish uchun Kiyevga Storm Shadow raketalarining yangi partiyasini yuborgan, deb xabar tarqatdi Bloomberg agentligi manbaga tayanib.

Bu qish boshlanishi arafasida Ukrainani raketa zaxiralari bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan – chunki Buyuk Britaniya Rossiya Ukraina tinch aholisiga hujumlarni kuchaytirishidan xavotirda, deydi agentlik suhbatdoshlari.

Yangi partiyada aynan qancha raketa yetkazib berilganiga aniqlik kiritilmagan.

Bloomberg yozishicha, hozirda Buyuk Britaniya va boshqa ittifoqchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Kiyevni qo‘llab-quvvatlash o‘zgarmas bo‘lib qolishini va bunday qo‘llov Rossiya iqtisodiyotining urush olib borish imkoniyatlaridan yuqori bo‘lishini ko‘rsatishga intilmoqda.

Buyuk Britaniya, AQSh kabi, mojaroning jiddiy avj olishidan xavotirlanib, uzoq vaqtgacha Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan hududlariga o‘z raketalari bilan zarba berilishini taqiqlab kelgandi. Taqiq faqat 2024 yil noyabrida qisman bekor qilindi – o‘shanda Ukraina qurolli kuchlariga Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh oblastlaridagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berilgani xabar qilingandi.

Ikki hafta oldin The Wall Street Journal o‘z manbasiga tayanib, AQSh uzoq masofali raketalar bilan RF bo‘ylab zarba berilishiga cheklovlarni to‘liq olib tashlaganini xabar qilgandi. Bu Storm Shadow raketalari uchun ham taalluqli: ular Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilsa ham, nishonlarni belgilash uchun Amerika razvedka ma’lumotlaridan foydalaniladi.

Storm Shadow’​​dan Rossiya hududiga zarba berishda foydalanish bilan bog‘liq so‘nggi ma’lum holat Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Bryanskdagi harbiy mahsulotlar ishlab chiqariladigan kimyo zavodiga hujum qilinishi bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar hujum oqibatida jabrlanlan yo‘qligini ma’lum qilgan. Zavodga yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Ukrainaga Storm Shadow’ning yangi partiyasi yuborilgani haqidagi xabar AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini berish niyatida emasligi haqidagi bayonotidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi. U kelajakda o‘z qarorini o‘zgartirishi mumkinligini istisno etmagan, biroq «hozircha javob – yo‘q».

Tomahawk raketalarining ehtimoliy yetkazib berilishi bo‘yicha faol munozaralar oktyabr oyida, Trampning o‘zi bunga ishora qilganida boshlangan edi. 17 oktyabr kuni Oq uyda Tramp va Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham asosiy mavzu shu qurollarni yetkazib berish masalasi bo‘lgandi. O‘sha uchrashuv arafasida Vladimir Putin Trampga qo‘ng‘iroq qilib, raketalarni yetkazib berishga rozilik bildirilgan taqdirda Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishi xavfi haqida ogohlantirgan.

Zelenskiy bilan uchrashuvda bu borada kelishuvga erishilmadi, Tramp Tomahawk raketalari AQShning o‘ziga kerakligini aytdi. Shu bilan birga, CNN telekanali manbalari xabar berishicha, Pentagon prezidentlar uchrashuvidan oldinroq raketalar yetkazib berilishini ma’qullagan – bu Qo‘shma Shtatlardagi zaxiralarga zarar yetkazmaydi deb topilgan.

Mavzuga oid