Jahon | 09:37 / 28.07.2025
2532
6 daqiqa o‘qiladi

G‘azoning ayrim hududlarida harbiy harakatlar har kuni 10 soatga to‘xtatiladi

Isroilga xalqaro bosim va tanqidlar kuchayib borayotgani fonida rasmiy Tel-Aviv G‘azoning ayrim hududlarida harbiy harakatlarni har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha to‘xtatishini va yangi gumanitar yo‘laklar ochilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng, insonparvarlik yordami 100 dan ortiq yuk mashinalarida chegaralar orqali, 25 tonna yordami esa havo orqali G‘azoga yetkazildi.

​​​​​​​Foto: AP

Ochlikdan qiynalayotgan falastinliklarning tasvirlari jahon hamjamiyatini larzaga solmoqda. Isroil G‘azodagi gumanitar inqiroz sababli tobora kuchayib borayotgan xalqaro tanqidlarga duch kelmoqda, biroq rasmiy Tel-Aviv bu tanqidlarni rad etmoqda. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi Doha shahrida o‘tayotgan bilvosita sulh muzokaralari esa natijasiz yakunlandi.

Reuters nashrining yozishicha, harbiy harakatlar har kuni, mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha to‘xtatiladi. Bu vaqtinchalik tinchlik rejimi Al-Mavasi (G‘azo sohillaridagi insonparvarlik hududi), Deir al-Balahning markaziy qismi hamda G‘azoning shimoliy qismini hududini qamrab oladi.

Shuningdek, harbiylar yakshanbadan boshlab har kuni soat 06:00 dan 23:00 gacha oziq-ovqat va dori-darmon tashuvchi karvonlar uchun xavfsiz yo‘nalishlar ochilishini ma’lum qildi.

BMTning oziq-ovqat yordami agentligi (WFP) yakshanba kuni bergan bayonotida, Isroilning jangovar harakatlardagi pauzalaridan samarali foydalanish uchun yuk mashinalarining G‘azoga kirishiga tezkor ruxsatlar kerakligini bildirdi.

Foto: AP

BMT gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Tom Fletcherning aytishicha, yakshanba kuni Isroil yordam hajmini bir hafta davomida oshirishga rozi bo‘lganidan so‘ng ayrim harakat cheklovlari yumshatilgan ko‘rinadi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, 100 dan ortiq yuk mashinalari chegaralardan yordam ortib G‘azoga yo‘l olgan.

«Bu — bir qadam oldinga, ammo ocharchilik va sog‘liqni saqlash inqirozining oldini olish uchun juda katta miqdorda yordam kerak», — dedi Fletcher.

Yaqin oylarda ilk marotaba Iordaniya va BAA G‘azoga 25 tonnalik yordamni parashyut orqali yetkazdi, deya ma’lum qildi iordaniyalik rasmiy. Biroq bu havo tashuvlarini yer orqali yetkazib berishga muqobil deb bo‘lmaydi.

Isroil armiyasining ma’lumot berishicha, BAA tomonidan qo‘shni Misrda qurilgan tuzdan tozalangan suv inshootidan sohil bo‘ylab 600 mingga yaqin g‘azoliklarni ta’minlaydigan quvurni tortish bo‘yicha loyiha yaqin kunlarda boshlanadi.

Hamas nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda o‘nlab falastinliklar ochlikdan halok bo‘lgan. Faqat so‘nggi 24 soat ichida ochlik va yetarli ovqat yo‘qligi sababli yana 6 kishi vafot etgan. Urush boshlangan 2023 yildan buyon bunday holatlar bo‘yicha jami 133 kishi halok bo‘lgan, ulardan 87 nafari bolalar.

Misr Qizil Yarim Oy jamiyati yakshanba kuni G‘azoning janubiy qismiga 1200 tonnadan ortiq oziq-ovqat yuklangan 100 dan ortiq yuk mashinasini yuborganini bildirdi. Biroq mahalliy aholiga ko‘ra, bu mashinalarning ayrimlari G‘azo ichkarisidagi Xon-Yunus hududida talon-toroj qilingan.

Yordam tashkilotlari o‘tgan hafta G‘azodagi 2,2 million aholi orasida ommaviy ochlik mavjudligini e’lon qilgan edi. Xalqaro hamjamiyatda gumanitar vaziyat borasida xavotir kuchaymoqda. O‘tgan hafta Britaniya, Fransiya va Kanada jumladan 25 ta davlat Isroilning yordamni rad etishini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb baholadi.

Foto: AP

Mart oyidan boshlab Isroil G‘azoga yordamni to‘xtatgan edi — bu orqali HAMASdan garovga olinganlarni ozod qilishga bosim o‘tkazishga uringandi. May oyida esa yordamni cheklovlar bilan qayta ochgan.

Nashrning yozishicha, ko‘plab g‘azoliklar yakshanba kungi e’longa nisbatan bir oz yengillik his qilgan, ammo asosiy talab — urushning yakunlanishi. «Ko‘p miqdorda oziq-ovqat yordami G‘azoga kirayotgani odamlarni xursand qilmoqda. Umid qilamizki, bu kun bu urushni to‘xtatish yo‘lida birinchi qadam», degan Reuters suhbatdoshlaridan biri.

AQSh prezidenti Donald Tramp Shotlandiyadagi tashrifi chog‘ida Isroil G‘azoda keyingi qadamlar haqida qaror qabul qilishi kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, HAMAS bilan sulh va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar inqirozga yuz tutganidan keyin nima bo‘lishini u bilmaydi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu bayonot berib, «Isroil sulh bo‘lsin yoki urush davom etayotgan bo‘lsin, insonparvarlik yordamining kirishiga ruxsat berishda davom etadi,» — dedi va harbiy harakatlar «to‘liq g‘alaba» qozonilguncha davom etishini bildirdi. HAMAS rasmiysi Ali Baraka esa Isroil qilayotgan ishlar insonparvarlik sulhi emas, balki harbiy harakatlarning o‘zi ekanini aytgan.

2023 yil 7-oktyabrdan buyon Isroilning G‘azoda urushida deyarli 60 000 kishi halok bo‘lgan (asosan tinch aholi), infratuzilma vayron qilingan va aholi deyarli to‘liq ko‘chirilgan. 

Mavzuga oid