O‘zbekiston | 08:51 / 16.10.2020
11813
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston yana katta mas'uliyatni zimmasiga oldi». Natalya German O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashiga a'zo bo‘lgani haqida

BMT maxsus vakili Natalya German O‘zbekiston tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lgani munosabati bilan o‘z mulohaza va fikrlarini Kun.uz'ga ma'lum qildi. Uning aytishicha, bu maqsadga erishish oson bo‘lmagan va bundan keyin mas'uliyat yanada oshadi.

Markaziy Osiyoga uyushtirgan turnesi davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Natalya German 14 oktabr oqshomda Toshkentga tashrif buyurdi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda rasmiy Toshkent jahon arenasida erishgan siyosiy g‘alabaga to‘xtalib o‘tdi. 

«Avvalo men prezident Shavkat Mirziyoyev va butun O‘zbekiston xalqini tarixiy voqea bilan tabriklayman. 13 oktyabrda 169ta davlat qo‘llab-quvvatlovi bilan O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zosiga aylandi. O‘zbekiston BMTning bu muhim mexanizmida 2021 yilning yanvar oyidan boshlab, keyingi 3 yil mobaynida faoliyat yuritadi. 

Ayni vaqtda, men O‘zbekistonning ushbu muhim marragacha bosib kelgan maqsadli va jiddiy yo‘liga biroz to‘xtalmoqchiman. Buni 2017 yildan boshlashni xohlardim, chunki aynan o‘sha yili hukumat tomonidan 5 yil davomida mamlakatni barcha jabhasini rivojlantirish to‘g‘risida 5 bosqichli strategiya qabul qilingan edi. Albatta, janob prezident tomonidan strategik hujjatda ta'kidlangan jabhalardan biri — O‘zbekistondagi asosiy inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish va rivojlantirish borasidagi qilinadigan katta ishlar. 

2018 yilda biz butun jahon inson huquqlari deklaratsiyasining 70 yilligini nishonladik. O‘zbekistonda ushbu hujjat yubileyini jamiyat rivojlanishida munosib ravishda nishonlash munosabati bilan milliy harakat va tadbirlar dasturi qabul qilindi. 2018 yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumida ishtirok etganligim meni juda quvontirdi. Yodingizda bo‘lsa, biz o‘shanda asosan janob prezidentning sa'y-harakatlari natijasida yuzaga kelgan Samarqandning mintaqadagi yangi hamkorlik darajasini ifoda etuvchi shukuhi haqida gapirgan edik. Ushbu sa'y-harakatlar xalqaro hamjamiyat, ayniqsa BMT tomonidan to‘liq va munosib ravishda qo‘llab quvvatlanishiga ishonchim komil. 

O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarishni davom ettirmoqda va 2017 yilda ishlab chiqarilgan hujjat bo‘yicha prezident tomonidan amalga oshirilgan sa'y-harakatlar 13 oktyabrda mevasini berdi. BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo mintaqasidagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili sifatida aytamanki, men uchun bu holat O‘zbekistonning o‘z istagi bilan zimmasiga olgan vazifalarni jiddiy va qat'iyat bilan bajarayotgani isbotidir. O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lishi bilan inson huquqlari mavzusining butun kriteriyalarini o‘zining ko‘p sonli aholisi orasida eng yuqori darajaga chiqarish va mustahkamlash vazifa va majburiyatlarini yana bir bor o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek O‘zbekiston ushbu yo‘nalishdagi mintaqalararo va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu borada ko‘makka muhtoj mamlakatlarga yordam berish vazifalarini ham o‘z zimmasiga oldi. Bu voqea butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ulkan qadam bo‘ldi, deb hisoblayman. 

Men yana bir bor davlat hayotidagi ushbu muhim tarixiy hodisa bilan O‘zbekistonni tabriklab qolaman va kelgusidagi olib boriladigan ishlarda omad tilayman, chunki bu juda katta mas'uliyatni ham talab etadi. Barcha mamlakatlar bu yo‘nalishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi», — degan u.

Eslatib o‘tamiz,  2020 yil 13 oktabr kuni BMT Bosh assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. Mamlakat uchun BMTga a'zo 191 davlatdan 169tasi ovoz berdi.

Mavzuga oid