Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh BMTning ukrainalik bolalarni qaytarish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi
BMT Bosh Assambleyasi Rossiyadan «zo‘ravonlik bilan ko‘chirilgan» barcha ukrainalik bolalarni «darhol, xavfsiz va sharsiz ravishda» qaytarishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni AQShni ham o‘z ichiga olgan 91 ta davlat qo‘llab-quvvatladi.
AQSh va yana 90 ta davlat 3 dekabr, chorshanba kuni BMT Bosh Assambleyasining 11-chaqiriqdagi favqulodda maxsus sessiyasida Rossiyadan «zo‘ravonlik bilan ko‘chirilgan yoki deportatsiya qilingan» barcha ukrain bolalarni «darhol, xavfsiz va mutlaqo sharsiz ravishda» qaytarishni talab qiluvchi rezolyutsiya uchun ovoz berdi. Tashkilot saytida xabar qilinishicha, shu ovozlar hujjatni qabul qilish uchun yetarli bo‘ldi.
«Ukrainalik bolalarni qaytarish» nomli rezolyutsiyani, jumladan, Ukraina va Kanada taklif etgan, u bo‘yicha ovoz berishda jami 160 ta davlat ishtirok etdi. Hujjatga Rossiya, Belarus, Kuba, Eron, KXDR, Mali va Sudanni o‘z ichiga olgan 12 ta davlat qarshi chiqdi, yana 57 ta davlat betaraf qoldi. Qiziq tomoni shundaki, rezolyutsiyani Rossiyani tanqid qiluvchi qarorlarga bir necha marta qarshi ovoz bergan Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng AQSh ham qo‘llab-quvvatladi.
Hujjatda, shuningdek, Rossiya «bolalarni ideologik qayta ishlash» amaliyotidan, ularni ota-onalaridan ajratishdan, shuningdek, bolalarning shaxsiy maqomini o‘zgartirishdan — jumladan fuqarolik berish va ularni vasiylikka oluvchi oilalarga topshirishdan voz kechishga «qat’iy tarzda chaqirilgan». Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Maryana Betsa so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kamida 20 ming ukrainalik bolani deportatsiya qilgan, ularning ayrimlarini qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.
Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berishdan oldin Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi rahbar o‘rinbosari Mariya Zabolotskaya maxsus sessiyaning maqsadi «ukrain inqirozi bo‘yicha uzoq muddatli tinchlik yechimiga erishish jarayonini izdan chiqarish»dan iborat, deb bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, hujjat «go‘yoki Rossiya tomonidan bolalar deportatsiya qilinishi» haqidagi pozitsiyani ilgari surishga qaratilgan, tilga olinayotgan 20 ming bola haqidagi raqam esa «hech qanday ro‘yxatlar, ota-onalar va qarindoshlar so‘rovlari bilan tasdiqlanmaydi».
Zabolotskayaning aytishicha, bu masalada Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, Vatikan va Qatar vositachi sifatida ishtirok etmoqda, Rossiya esa AQSh birinchi xonimi Melaniya Trampning ukrainalik bolalarni oilalari bilan qayta birlashtirishga ko‘maklashish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning bir qismi Ukrainadan Rossiyaga qaytarilayotgani holatlari ham mavjud.
Ukraina bir necha marta Rossiyani bosib olingan hududlardan ukrain bolalarni Rossiyaga olib ketishda ayblab kelgan. Ular bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yildan beri Ukrainadan 19,5 mingdan ortiq bola deportatsiya qilingan, shulardan 1605 nafarini qaytarishning iloji bo‘lgan. Okkupatsiya qilingan hududlardan bolalarni Rossiyaga olib o‘tish Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar huquqi bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovaga nisbatan qo‘lga olish orderi chiqarishiga asoslardan biri bo‘ldi.
Javob tariqasida Rossiya bolalarni o‘g‘irlamaganini, balki ularni xavfsizligini ta’minlash uchun evakuatsiya qilganini ta’kidlab kelmoqda.
Mavzuga oid
22:16 / 18.06.2026
AQSh vitse-prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ochilganini e’lon qildi
21:12 / 18.06.2026
Neft narxi AQSh va Eron urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi
14:46 / 18.06.2026
Moskva yana zarba ostida. Ukraina mingga yaqin dron uchirgan
13:35 / 18.06.2026