O‘zbekiston | 19:42 / 17.02.2023
25707
2 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Foto: twitter.com/POTUS

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Baydendan maktub keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligingiz va shaxsiy intilishingiz uchun, shu jumladan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. 

O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetika masalalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Sizning mamlakat siyosiy tizimini modernizatsiya va isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash AQSh uchun ustuvor ahamiyatga ega», deyiladi maktubda.

Shuningdek, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik chuqurlashib borayotgani e’tirof etilgan va erishilgan yutuqlar 2023 yilda ham yanada ilgari surilishiga umid bildirilgan.

«Siz Markaziy Osiyodagi beshta mamlakatning mintaqaviy hamkorligini kengaytirish orqali qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganingizni alohida qayd etmoqchiman. 

Bu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoda va uning tashqarisida ravnaq va barqarorlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda. 

Bizning sherikligimiz, mana 30 yildirki, BMTning barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishdek asosiy prinsiplariga rioya qilish asosida rivojlandi.

Ishonchim komilki, ushbu qadriyatlarga mushtarak sodiqligimiz o‘zaro aloqalarimiz uzoq muddatli istiqbolda yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi», degan Amerika prezidenti.

Mavzuga oid