Sport | 16:42 / 08.10.2024
5713
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston futzal jamoasi bosh murabbiyi bilan tuzilgan shartnoma yakunlandi

O‘zbekistonda o‘tgan futzal bo‘yicha jahon chempionatida terma jamoaga murabbiylik qilgan Xose Venansio Lopes bilan tuzilgan shartnoma yakunlandi. O‘FA jamoaning musobaqadagi ishtirokini tanqid qildi. O‘zbekistondagi iqtidorli yosh futzalchilarga ko‘proq o‘yin amaliyoti berish, turnirlarga jalb etish tavsiya qilindi.

Foto: O‘FA

O‘zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes mamlakatdagi murabbiylik faoliyatini yakunladi. U bilan tuzilgan shartnoma Jahon chempionati oxiriga qadar imzolangandi.

7 oktabr kuni O‘FA rahbariyati hamda bosh murabbiy qatnashgan yig‘ilishda jamoaning O‘zbekistonda o‘tgan musobaqadagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ravshan Irmatov ispaniyalik mutaxassisga terma jamoadagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, unga omad tiladi.

Yig‘ilishda terma jamoa o‘yinidagi kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, terma jamoaga nomzod futbolchilarni yetkazib berish yo‘lida turli yosh toifasida futzal terma jamoalarini tashkil etish, klublar o‘rtasidagi turnirlarni ko‘paytirish bo‘yicha takliflar berildi. O‘zbekistondagi iqtidorli yosh futzalchilarga ko‘proq o‘yin amaliyoti berib, turnirlarga jalb etish orqali ularga yaxshi natijalarga erishish mumkinligi aytildi.

Xose Venansio O‘FA rahbariyatiga terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlash imkoniyat berilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘tgan musobaqalar davomida O‘FA tomonidan barcha sharoitlar taqdim etilganini qayd etdi. Ispaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi faoliyati davomida zavq bilan ishlagani, barcha mutaxassislar unga ko‘maklashganini aytib, kelgusida do‘stona aloqalarni saqlab qolib, har qanday yordamga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ispaniyalik mutaxassis bilan tuzilgan shartnoma yakunlandi.

Xose Venansio Lopes 1965 yil 27 iyunda tug‘ilgan. 2007 yilda Lopes Ispaniya terma jamoasini boshqara boshlaganidan ikki oy o‘tgach, 2007 yilgi Yevropa chempionatida jamoa bilan g‘alabaga erishgan. 2008 yilgi jahon chempionatida u boshqargan ispanlar 2-o‘rinni olgan bo‘lsa, 2010 yilgi Yevropa chempionatida yana chempion bo‘lgan.

Uning boshqaruvida O‘zbekiston futzal jamoasi sentabr-oktyabr oylarida Andijon, Buxoro va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Mezbonlar Niderlandiya bilan durang o‘ynab, Panama va Kosta-Rika vakillariga yutqazib, guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketdi.

2021 yili Litva mezbonligida o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etgandi — jamoa guruhdan keyingi bosqichga chiqqan, ammo nimchorak finalda Eronga yutqazgandi.

Mavzuga oid