Jamiyat | 15:41 / 13.10.2021
2452
4 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: Termizdagi mahallani 2022 yilda «Obod mahalla» dasturiga kiritish taklifi berilgani ma'lum qilindi

Foto: Termiz tumani hokimligi

Bugun, 2021 yil 13 oktabr kuni Surxondaryo | Kun.uz telegram kanaliga Termiz tumanida joylashgan Bunyodkor mahallasidagi yo‘l, elektr va gaz bilan bog‘liq muammolar haqida aholi tomonidan yuborilgan tanqidiy murojaat joylandi. Tuman hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, yuqori tashkilotlarga mazkur mahallani 2022 yilda «Obod mahalla» dasturiga kiritish taklifi berilgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, 2018-2019 yillarda Termiz shahridagi ayrim mahallalarda yashovchi, uy-joylari buzilishga tushgan oilalarga uy-joy qurish uchun Termiz tumani Nurafshon mahallasi hududidan yer maydoni ajratib berilgan. So‘ng aholi soni ortib ketgani hisobga olinib, 2020 yil 15 iyunda Nurafshon mahallasi ikkiga bo‘lingan va yangi Bunyodkor mahallasi tashkil etilgan. Hozirgi kunda Bunyodkor mahallasida 525 ta xonadon, 726 ta oila, 2555 nafar fuqaro yashaydi.

Qayd etilishicha, joriy yil 5 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bunyodkor mahallasidagi muammolar yuzasidan videolavha tarqalgan. Shundan so‘ng, tuman hokimligi va boshqa mas'ul tashkilotlar tomonidan Bunyodkor mahallasidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida elektr energiyasi va ichimlik suvi ta'minoti hamda ichki yo‘llarni ta'mirlash borasida ishlar boshlab yuborilgan.

Foto: Termiz tumani hokimligi

Jumladan, Bunyodkor mahallasida 2018-2021 yillarda aholi yangi uy-joylar qurib, ko‘chib kelgan ko‘chalarga bosqichma-bosqich jami 26,2 kilometr tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizib ta'mirlangan. Hozirda ta'mirlanmagan ichki yo‘llardagi mavjud barxanlar tekislanib, qum uyumlari va chiqindilardan tozalash ishlari olib borilib, yo‘llar ta'mirlashga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, mahalla hududida 2018-2021 yillar davomida aholini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 5 ta transformator punktlari yangidan qurilib, jami 13,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlari tortilgan va beton ustunlar o‘rnatilgan. Tuman elektr tarmoqlari korxonasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturiga asosan 2022 yilda Bunyodkor mahallasida 1 dona transformator punkti qurish va 5,5 kilometr yangi havo elektr uzatish tarmog‘i qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida hozirgi kungacha 33 dona beton ustun o‘rnatilib, tarmoq tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Murojaatda ko‘rsatilgan singan beton ustunlar yangisiga almashtirilgan va yerda yotgan elektr simlari yig‘ishtirib olinib, bir hafta muddatda beton ustunlarga tortish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Foto: Termiz tumani hokimligi

Munosabatda Bunyodkor mahallasi aholisi gaz ballonlari bilan ta'minlangani va suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazilayotgani, shuningdek, aholining toza ichimlik suvi bilan ta'minlangani ma'lum qilingan. Qolgan qismida «Suvoqova bunyodkori» ShK tomonidan asosiy tarmoqqa ulash va montaj ishlari olib borilmoqda va bir hafta muddatda ichimlik suv yetkazib beriladi.

Munosabatda ta'kidlanishicha, yangi aholi punkti bo‘lgani uchun Bunyodkor mahallasini 2022 yilga mo‘ljallangan «Obod qishloq» dasturiga kiritish bo‘yicha yuqori tashkilotlarga taklif kiritilgan.

Mavzuga oid