Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesuela tankerlariga joriy qilingan blokada, Pokiston oldidagi «sinov» va AQShga fuqarolari kirishi taqiqlangan 35 davlat – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Venesuela neft tankerlariga blokada joriy etdi
16 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Nikolas Maduro hukumatiga bosimni kuchaytirish yo‘lida navbatdagi qadam tashladi. Unga ko‘ra, AQSh Venesuelaga kirib kelayotgan va undan chiqayotgan sanksiya ostidagi barcha neft tankerlariga blokada joriy etdi. Bu qaror mamlakatning asosiy daromad manbai – neftni nishonga oladi.
Tramp sanksiyalangan kemalarga nisbatan bu chorani qanday amalga oshirishi aniq emas. O‘tgan hafta bo‘lgani kabi AQSh kemalarni to‘xtatib tekshirish uchun Sohil qo‘riqlash xizmati va harbiylardan foydalanishi mumkin.
«Bizning aktivlarimizni o‘g‘irlash, shuningdek, terrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va odam savdosi kabi ko‘plab boshqa sabablar tufayli Venesuela rejimi «xorijiy terroristik tashkilot» sifatida belgilandi», — deb yozdi Tramp Truth Social'da. «Shu sababli bugun men Venesuelaga kirayotgan va undan chiqayotgan sanksiya ostidagi barcha neft tankerlariga to‘liq va mutlaq blokada e’lon qilaman».
Venesuela hukumati bayonot berib, Trampning bu «jirkanch tahdidini» rad etishini bildirdi.
Tramp e’lonidan keyin Osiyo savdolarida AQSh nefti fyucherslari 1 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilib, 55,96 dollarga chiqdi.
AQSh Davlat departamentining sobiq energetika diplomati Devid Goldvinning aytishicha, agar Venesuelaning zarar ko‘rgan eksporti OPECʼning zaxira quvvatlari hisobiga qoplanmasa, neft narxlari bir barrel uchun 5–8 dollar oralig‘ida oshishi mumkin.
O‘tgan hafta AQSh Venesuela qirg‘oqlari yaqinida sanksiya ostidagi neft tankerini musodara qilganidan so‘ng, boshqa kemalar musodara xavfidan qochib, Venesuela suv hududida qolib ketgandi.
Trampning xalqaro maydondagi bu harakatlari – AQSh ichida ko‘p savollarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, AQSh Vakillar palatasi a’zosi, demokrat Xoakin Kastro «Bu — Kongress hech qachon ruxsat bermagan va Amerika xalqi istamagan urush», deb yozdi.
Avstraliya qurolga doir qonunlarni kuchaytirmoqchi
Avstraliya parlamenti kelasi hafta – qurol va norozilik namoyishlari to‘g‘risidagi qonunlarga keng qamrovli o‘zgartirishlar kiritmoqchi. Bu qaror Sidneydagi ommaviy otishmadan bir necha kun o‘tib qabul qilinmoqda.
Hujum sodir bo‘lgan Yangi Janubiy Uels shtati rasmiysi Kris Minnsning aytishicha, takliflar orasida bir shaxs egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini cheklash va ayrim turdagi miltiqlar kirishini yanada murakkablashtirish bor.
Shtat hukumati shuningdek, yirik ko‘cha namoyishlarini o‘tkazishni qiyinlashtiradigan islohotlarni ham ko‘rib chiqadi.
O‘sha otishmada hujumchilardan bir 50 yoshli Sajid Akram voqea joyida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgandi. Uning 24 yoshli o‘g‘li Navid Akram esa politsiya o‘qidan yaralangan. Unga hali ayblov e’lon qilinmagan, tergovchilar dorilar ta’siri ketishini kutmoqda.
Avstraliya politsiyasiga ko‘ra, ayblanayotgan shaxslar «IShID»dan ilhomlangan bo‘lishi mumkin.
Otishmada hujumchilardan birini qurolsizlantirish uchun kurashib, o‘qdan jarohat olgan 43 yoshli Ahmad al-Ahmad esa chorshanba kuni jarrohlik amaliyotidan o‘tishi kerak. U 20 yil avval Suriyani tark etib, Avstraliyaga ish izlab kelgan.
Sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, 22 nafar jarohatlanganlar hanuz Sidneydagi bir nechta shifoxonada davolanmoqda.
Pokiston oldidagi «sinov»
Pokistonning so‘nggi o‘n yilliklarda eng qudratli harbiy rahbari bo‘lgan shaxs — Asim Munir «og‘ir sinov»ga duch kelmoqda. Reutersʼning yozishicha, Vashington Islomoboddan G‘azoni barqarorlashtirish kuchlari tarkibiga qo‘shin ajratishni talab qilmoqda. Bu qaror esa mamlakat ichida keskin norozilikni qo‘zg‘atishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, feldmarshal Asim Munir yaqin haftalarda Vashingtonga borib, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. Bu so‘nggi olti oy ichidagi uchinchi uchrashuv bo‘ladi. Unda asosiy masala G‘azo kuchlari masalasiga qaratiladi.
Ko‘plab davlatlar G‘azoda Hamasni qurolsizlantirish vazifasini o‘z ichiga olgan bu missiyadan ehtiyot bo‘lmoqda. Chunki bu ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortib ketishi mumkin.
Munir esa AQSh va Pokiston o‘rtasida yillar davomida shakllangan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun Tramp bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan: iyun oyida Tramp Oq uyda ilk marta Pokiston armiyasi rahbarini fuqaroviy amaldorlarsiz, yolg‘iz qabul qilgandi.
«Shundan keyin ham G‘azoni barqarorlashtirish kuchlariga hissa qo‘shmaslik Trampni ranjitishi mumkin», deydi tahlilchilar.
Dunyodagi yagona yadro quroliga ega musulmon davlati bo‘lgan Pokiston — tajribali va jangovar tayyor armiyaga ega. Mamlakat asosiy raqibi Hindiston bilan va Afg‘onistondagi guruhlar bilan ham urush olib borgan.
Munirning o‘zi esa havo kuchlari, harbiy-dengiz kuchlarini boshqaruvchi mudofaa kuchlari rahbaridir. Uning vakolati 2030 yilgacha cho‘zilgan. U feldmarshal unvonini umrbod saqlab qoladi va unga har qanday jinoiy ta’qibdan umrbod daxlsizlik berilgan.
Ukraina bo‘yicha xalqaro da’volar komissiyasi
16 dekabr kuni Yevropa Rossiya hujumlari oqibatida Kiyevga yetkazilgan yuzlab milliard dollarlik zarar uchun tovon to‘lanishini ta’minlash maqsadida Ukraina bo‘yicha Xalqaro da’volar komissiyasini ishga tushirdi. Haagada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropaning 34 nafar yetakchisi komissiyani rasman ishga tushirish to‘g‘risidagi konvensiyani imzoladi. Unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qatnashdi.
«Biz Rossiyani dunyoda qoidalar borligini tan olishga majbur qilishimiz kerak», dedi Zelenskiy.
Komissiya belgilagan tovon mablag‘lari qanday to‘lanishi masalasi hali aniqlashtirilmagan. Dastlabki muhokamalarda Yevropa Ittifoqi muzlatgan Rossiya aktivlaridan foydalanish, shuningdek, a’zo davlatlar hissasi evaziga mablag‘ to‘plash masalasi ko‘tarilgan.
«Bu to‘lovlar, albatta, Rossiya tomonidan amalga oshirilishi kerak; ushbu komissiya zararlar uchun kafolat bermaydi», — dedi Niderlandiya tashqi ishlar vaziri.
Komissiya tarkibiga kiradigan, ikki yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan «Zararlar reyestri» — allaqachon Ukraina hududidagi jismoniy shaxslar, tashkilotlar va davlat organlaridan 86 mingdan ortiq da’voni qabul qilgan.
Rossiya rasmiylari masalaga izoh bermadi. Kreml, odatda Ukrainada urush jinoyatlari sodir etilgani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Jahon banki kelgusi o‘n yil ichida Ukrainani qayta tiklash xarajatlarini 524 milliard dollar deb baholagan. Bu 2024 yildagi Ukraina yalpi ichki mahsulotidan qariyb uch barobar ko‘pdir.
AQSh migratsion cheklovlarni yana kuchaytirdi
Prezident Donald Tramp seshanba kuni AQShga sayohat cheklovlarini yana 20 ta davlatni qamrab oladigan tarzda kengaytirdi. Bu qaror Vashingtonda Milliy gvardiyaning ikki nafar askari otib tashlanganidan so‘ng kuchaytirilgan migratsion siyosatning davomi hisoblanadi.
1 yanvardan kuchga kiradigan yangilangan siyosat Suriya, Janubiy Sudan, Niger, Mali va Burkina-Faso fuqarolari uchun AQShga kirishni to‘liq taqiqlaydi. Shuningdek, Falastin ma’muriyati tomonidan berilgan hujjatlarga ega shaxslarga ham to‘liq cheklov joriy etiladi. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati asosan Afrikada joylashgan yana 15 ta davlat fuqarolari uchun qisman sayohat cheklovlarini joriy qildi. Shu bilan bilan AQShga sayohat bo‘yicha cheklovlar qo‘llanayotgan davlatlar soni 35 tadan oshdi.
Tramp o‘tgan oyda «uchinchi dunyo davlatlaridan migratsiyani butunlay va doimiy to‘xtatish» niyatida ekanini bildirgan edi. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem esa «AQShni qotillar va o‘zini boqishga o‘rganib qolganlar bilan to‘ldirayotgan har bir davlatga nisbatan to‘liq sayohat taqiqi joriy etishni» tavsiya qilgandi.
New York Times'ning yozishicha, Trampning yangi siyosati AQShga qonuniy immigratsiya shakllariga qarshi bosimni keskin kuchaytirdi. Natijada dunyo davlatlarining qariyb 20 foizi uchun AQShga sayohat to‘liq yoki qisman cheklanmoqda.
Mavzuga oid
13:59 / 27.12.2025
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
14:35 / 26.12.2025
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025