Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Rossiyadagi neft zavodlariga hujumni ko‘paytirmoqda – Trampning fikrini o‘zgartirish uchun
Ukraina armiyasi Rossiya energetika obektlariga tobora ko‘proq zarba yo‘llamoqda, deb yozadi The Economist jurnali. Ukraina dronlarining Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlariga muvofiqlashtirilgan hujumlari avgust oyida boshlagandi va zarbalar soni oshib bormoqda: haftasiga ikki-uch martadan to‘rt-besh martagacha, «tez orada har kuni bo‘lishi mumkin», deya qayd etadi jurnalistlar. Bunday zarbalarga urg‘u qaratilishi birinchi navbatda hozirning o‘zida urushga bo‘lgan munosabatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi – shuningdek, Donald Trampning Ukraina istiqbollari bo‘yicha fikrini o‘zgartirishga yordam beradi, deya yozadi The Economist. Uning hozirgi fikri qandayligiga jurnalistlar aniqlik kiritmagan. Sentyabr oyi oxirida Tramp BMT Bosh assambleyasida Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin «Ukraina Yevroittifoq ko‘magida kurashishga hamda butun hududini oldingi chegaralarida qaytarib olish»ga, «balki, bundan ham uzoqroqqa borish»ga qodirligini aytib o‘tgandi.
Avgust oyi oxirida Reuters agentligi Rossiyadagi neftni qayta ishlash quvvatlarining taxminan 17 foizi vaqtincha bo‘lsa ham ishdan chiqaritlgani haqida xabar bergandi. Hozirga kelib bu raqamlar ancha ko‘tarilgan – tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatining 40 foizi ishlamayapti. Energy Aspecs tadqiqot guruhi baholariga ko‘ra, bu kuniga 1 million barreldan ortiq yo‘qotishni anglatadi.
Argus Media tahlil kompaniyasi rahbarlaridan biri Benedikt Jorjning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiyada mavjud bo‘lgan 38 ta neftni qayta ishlash zavodlaridan 16 tasiga hujum qilgan va ularni ta’mirlashning imkoni bo‘lsa-da, zavodlar takroriy hujumga uchragan holatlarda zarar jiddiyroq bo‘ladi va uni tiklash uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Jorj qayd etishicha, 2025 yilda Rossiyadan dizel yoqilg‘isi eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga qisqargan va 2020 yildan buyon eng minimal darajaga tushgan. Bu mamlakat ichkarisida ham yoqilg‘i taqchilligini keltirib chiqarmoqda.
Neftni haydash stansiyalari va nef saqlanuvchi omborlar ham hujumga uchramoqda, ammo, Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish bo‘yicha katta ilmiy xodimi Sergey Vakulenkoning fikricha, bunday obektlarni uzoq muddatga ishdan chiqarish murakkab vazifa va hozircha Rossiya nefti eksporti qisqarayotgani yo‘q. Shu bilan birga, Rossiya uchun neft xomashyosini sotish neft mahsulotlarini sotishdan ko‘ra kamroq daromad keltiradi.
The Economist ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning ichkari hududlariga yo‘llayotgan zarbalarning 60 foizida Fire Point kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan FP-1 dronlaridan foydalanmoqda. Ularning uchish masofasi – 1500 kilometrni tashkil etadi, shu bilan birga ularni ishlab chiqarish ancha arzonga tushadi. Shuningdek, hujumlarda uchish masofasi 2000 kilometrga yetadigan nisbatan og‘irroq hamda qimmatroq bo‘lgan «Lyutiy» dronlari ham qo‘llanmoqda. Bundan tashqari, Ukraina o‘zida ishlab chiqarilgan FP-5 «Flamingo» rusumli qanotli raketalarni ham uchirayotgani haqida xabarlar bor. Ular dronlarga qaraganda ancha tez uchadi. Raketalar 3000 kilometrdan ortiq masofadagi nishonga yetib borishi mumkin va 1150 kilogramm miqdordagi jangovar kallak tufayli katta quvvatga ega hisoblanadi. Agar «Flamingo» Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘ta olsa, bu «Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi nishonlarni o‘qqa tutish bo‘yicha kampaniyasini yangi vayronkor darajaga olib chiqadi», deya qayd etadi The Economist. Hozirda Fire Point kompaniyasi kuniga bunday raketalardan ikki yoki uchtasini ishlab chiqarmoqda, oy oxiriga borib kunlik ishlab chiqarish hajmi yettitaga yetkazilishi kutilmoqda. Avgust oyi oxirida Volodimir Zelenskiy «Flamingo» raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini xabar qilgandi, keyinroq esa Rossiya hududlari bo‘ylab yangi zarbalar rejalashtirilganini ma’lum qildi.