Jahon | 12:51 / 04.05.2026
5229
3 daqiqa o‘qiladi

Atlantika okeanidagi kemada hantavirus infeksiyasi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi

JSST Atlantika okeanida suzayotgan kruiz kemasida hantavirus epidemiyasi tarqalishini tekshirmoqda. Rasmiylar infeksiya oqibatida uch kishi vafot etgani va yana uch kishi kasallanganini ma’lum qildi.

«MV Hondius» qutb ekspeditsiyasi kemasi / Foto: Getty Images

Niderlandiyada joylashgan «Oceanwide Expeditions» kompaniyasi o‘z bayonotida Atlantika okeanida – Afrikaning g‘arbidagi Kabo-Verde yaqinida joylashgan «MV Hondius» qutb ekspeditsiyasi kemasidagi «jiddiy tibbiy vaziyat» haqida xabar berdi.

Reuters nashrining yozishicha, kema taxminan uch hafta oldin Argentinadan 150 ga yaqin yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan. U Kabo-Verde yo‘lida Antarktida hamda boshqa hududlarda ham to‘xtagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kemada hantavirus infeksiyasi laboratoriya tahlillari orqali tasdiqlanganini ma’lum qildi. JSST hozirda epidemiyani o‘rganmoqda. Agentlikning ma’lum qilishicha, laboratoriya testlari olti kishidan birida hantavirus mavjudligini tasdiqlagan.

Kasallangan olti kishining uch nafari vafot etgan, bir bemor Janubiy Afrikadagi shifoxonada reanimatsiyada qolmoqda. Vafot etgan ikki kishi Niderlandiya fuqarosi bo‘lgan, JARda davolanayotgan bemor esa Britaniya fuqarosi.

Kruizning yo‘nalishi

«JSST a’zo davlatlar va kema operatorlari o‘rtasida kasallik alomatlari bo‘lgan ikki yo‘lovchini tibbiy evakuatsiya qilish, shuningdek, jamoat salomatligi xavfini to‘liq baholash va bortdagi qolgan yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlariga ko‘maklashmoqda», deyiladi tashkilot xabarida.

«Oceanwide Expeditions» kompaniyasining bildirishicha, Kabo-Verde rasmiylari tibbiy yordamga muhtoj yo‘lovchilarning qirg‘oqqa tushishiga ruxsat bermagan. Niderlandiya hukumati esa kasallik belgilari bo‘lgan ikki yo‘lovchini va vafot etgan yo‘lovchining jasadini vataniga qaytarish choralarini ko‘rishga urinmoqda.

DW nashrining yozishicha, JAR rasmiylari Yoxannesburgda kasallangan yo‘lovchilar bilan aloqada bo‘lgan shaxslar zanjirini qidirmoqda.

Hantavirus qanday kasallik?

Hantavirus – kemiruvchilarning axlati va peshobi havo orqali tarqalishi natijasida – masalan, sichqonlar yashagan joylar tozalanganda yuqishi mumkin. JSSTning qayd etishicha, kamdan kam hollarda virus odamdan odamga ham o‘tishi mumkin.

Kasallik grippga o‘xshash belgilar bilan boshlanib, yurak va o‘pka yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, holatlarning qariyb 40 foizi o‘lim bilan tugaydi.

Hantavirusni davolash uchun maxsus dori vositalari yo‘q. Shuning uchun muolajalar – qo‘llab-quvvatlovchi terapiyaga, jumladan, og‘ir holatlarda bemorlarni o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi qurilmalariga ulashga qaratilgan.

Britaniya tashqi ishlar vazirligi va Janubiy Afrika sog‘liqni saqlash departamenti hozircha ushbu vaziyat bo‘yicha izoh bermadi.  

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid